09:58 / 08.09.2018
3 424

Londonlik “professor”, Putinning “jiyani” – Tramp shtabining sobiq maslahatchisi nega hibsga olingandi

Лондонлик «профессор», Путиннинг «жияни» – Трамп штабининг собиқ маслаҳатчиси нега ҳибсга олинганди
Kolumbiya okrugi sudi 7 sentyabr kuni Donald Trampning saylovoldi shtabi sobiq maslahatchisi Jorj Papadopulosga nisbatan hukm chiqaradi. 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi boʻyicha maxsus prokuror Robert Myullerning surishtiruvi aynan mana shu insondan boshlangandi. Papadopulos nimada ayblanmoqda, u Tramp shtabida nima bilan shugʻullangandi?

Londonlik “yaxshi tanish”

Shunday qilib, Papadopulos oʻzining Tramp shtabiga maslahatchi sifatida ishga olinishi haqida 2016 yil mart oyi boshida bilgandi. Unga Tramp saylovda gʻalaba qozonadigan boʻlsa, prezidentning tashqi siyosatdagi asosiy vazifasi Rossiya bilan munosabatlarni tiklash boʻlishini aytishadi. Oʻsha paytda hali oʻttizga ham toʻlmagan Papadopulos Londonda yashardi. U 2016 yilning 16 martida Italiyada boʻladi va londonlik allaqanday “professor” bilan tanishadi. Papadopulos unga Tramp shtabida ishlashini aytganidan soʻng “professor” rossiyalik amaldorlar bilan katta aloqalarga ega ekanligini bildiradi. Papadopulos bu tanishuv unga Tramp shtabida qoʻshimcha vazn berishi haqida oʻylab qoladi.

24 mart kuni Papadopulos “professor” bilan Londonda uchrashadi. U oʻzi bilan rus qizni yetaklab keladi va uni Papadopulosga Putinning jiyani deb tanishtiradi. AQSH prokuraturasining izohlashicha, Papadopulos keyinroq qizning Putinga hech qanday aloqasi yoʻqligini biladi. Ammo oʻsha paytda Papadopulos Tramp shtabidagi boshliqlariga “professor”, “yaxshi tanishi” uni Putinning jiyani bilan tanishtirib qoʻyganini yozadi. Papadopulos ular Tramp prezident boʻlgan taqdirda rossiyaliklar bilan qanday mavzularda muzokaralar olib borilishini muhokama qilishganini bildiradi.

Foto: twitter.com/George Papadopoulos
Minglab yozishmalar

31 mart kuni Papadopulos Vashingtonga Tramp va maslahatchilar guruhi bilan uchrashgani keladi. U Tramp va Putin uchrashuvini tashkil qilishga yordam beradigan odami borligini maʼlum qiladi. Londonga qaytgan Papadopulos “professor” va Putinning soxta jiyani bilan rossiyaliklar hamda Tramp shtabi vakillari uchrashuvini tashkillashtirish ustida ishlaydi.

26 aprel kuni “professor” Papadopulos bilan Londondagi mehmonxona restoranida uchrashadi va Moskvadan kelganini, yuqori lavozimli amaldorlardan rossiyaliklar Xillari Klinton haqida muhim maʼlumotlarga ega boʻlishganini eshitganini aytadi. “Ruslar Klintonning elektron yozishmalarini qoʻlga kiritishgan. Ularda minglab yozishmalar bor!”, deydi u.

Papadopulos 2016 yil aprel oyi oxirlarida shtabga Putin Tramp va uning jamoasini qabul qilishni istayotganini aytishgani haqida yozadi. Ammo saylov shtabi boshligʻi Pol Manafort “Donald Tramp bunday tashrifni amalga oshirmaydi”, deya Papadopulosning Trampning Moskvaga tashrifini uyushtirish harakatlariga chek qoʻyadi.

Ikki kishi bilgan narsa sir emas

2016 yilning may oyida Papadopulos Londondagi barlardan birida oʻsha paytda Buyuk Britaniyaning Avstraliyadagi elchisi boʻlib ishlagan Aleksandr Douner bilan uchrashadi. Trampning maslahatchisi mastlikda Rossiya tomoni Xillari Klintonni qoralaydigan maʼlumotlarga ega ekanligini aytib qoʻyadi.

Douner bu haqda FQB xodimlariga xabar beradi va iyul oxirlarida Londonga uchib kelishadi. 2 avgust kuni elchining koʻrsatmalari haqidagi hisobot Vashingtonga joʻnatiladi va u AQSHdagi saylovlarga xorijdan aralashuv boʻlganligi boʻyicha ish ochilishiga asos boʻladi.

Iqror

FQB 2017 yilning 27 yanvar kuni Papadopulosni soʻroq qilganida u “professor” Klinton haqidagi maʼlumotlar haqida gapirganini maʼlum qiladi, ammo bu suhbat Papadopulosning Tramp shtabiga ishga olinishidan avval boʻlganligini aytib yolgʻon koʻrsatma beradi.

Rossiyalik qiz bilan suhbatlashgani haqida koʻrsatma berar ekan, u shunchaki salom-alik qilganligini aytadi. Ammo byuro xodimlari Papadopulos saylovoldi kampaniyasi davomida u bilan elektron yozishmalar olib borganini va tashqi siyosat masalalarini muhokama qilish uchun Rossiyaga safar uyushtirish imkoniyatlari haqida Skype orqali bir necha marta suhbatlashganini isbotlashadi.

16 fevral kungi soʻroqdan soʻng Papadopulos mobil telefoni raqamini almashtiradi va yozishmalarini yashirish maqsadida Facebookʻda 2005 yildan buyon mavjud boʻlgan akkauntini oʻchirib tashlaydi.

Papadopulos iyulda Vashingtondagi Dalles nomidagi xalqaro aeroportda hibsga olinadi.

2017 yilning 5 oktyabr kuni u FQB agentlariga yolgʻon koʻrsatma berganiga iqror boʻladi.

Sirli “professor” va rossiyalik qiz kim edi

Professor deya tilga olingan shaxs London diplomatiya akademiyasining faxriy direktori, “Valday” klubi eksperti Jozef Mifsad boʻlib, u Rossiya bilan yaqin aloqalarga ega ekanligini bir necha marta taʼkidlagan.

Rossiyalik qiz esa Olga Polonskaya ismli talaba boʻlib, Mifsadning soʻzlariga koʻra, u professorga stajyor boʻlishni istagan va Rossiya hukumati bilan hech qanday aloqaga ega boʻlmagan. Ammo boshida professor uni Papadopulosga Kreml bilan yaqin aloqaga ega, AQSH bilan munosabatlarni yaxshilashga intiluvchi inson sifatida tanishtirgan.

Shtabdagi “koʻngilli”

Prezident Donald Tramp esa Twitterʻda Papadopulos uning shtabida shunchaki quyi pogʻonadagi koʻngilli boʻlganini maʼlum qildi.

“Yolgʻonchi OAV ortigʻi bilan ishlamoqda. Yurist Pol Manafortning soʻzlariga koʻra, “fitna” haqida hech qanday dalil yoʻq va tergovda aytilgan voqealar uning saylovoldi kampaniyasiga qoʻshilishidan ancha oldin boʻlib oʻtgan. Yolgʻonchiligi fosh boʻlgan Jorj ismli bu yosh koʻngillini kamdan-kam odam tanirdi. Yaxshisi, demokratlarni tekshiring!”, deb yozdi u.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Londonlik “professor”, Putinning “jiyani” – Tramp shtabining sobiq maslahatchisi nega hibsga olingandi