
Foto: Getty Images
Jons Hopkins universiteti statistikasiga ko‘ra, butun dunyoda Covid-19’dan zararlanish holatlari soni 8,2 millionga yetdi. O‘limlar soni 444 mingdan oshgan.
Zararlanish holatlari soni bo‘yicha hamon AQSH yetakchilik qilmoqda, bu davlatda virus yuqtirish holatlari soni 2,1 millionni tashkil etmoqda, bu dunyodagi jami holatlarning to‘rtdan bir qismi demakdir.
Shtatlardan keyin eng ko‘p holatlar Lotin Amerikasida qayd etilmoqda, mintaqada eng ko‘p holat Braziliyada qayd etilgan - jami holatlarning qariyb yarmi. Hozirda Yevropa kasallanishlarning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha markazi ma’lumotiga ko‘ra, Janubiy Amerikada 1,6 milliondan ortiq kishi virus yuqtirib olgan.
Bu vaqtda Pekin rasmiylari Covid-19’ning ikkinchi to‘lqini oldini olishga harakat qilishmoqda. Shahar ayni vaqtda tashqi dunyodan deyarli to‘liq uzilgan: koronavirusga test topshirmasdan shaharni tark etish taqiqlanadi. Chorshanba kuni Pekin aeroporti mingdan ortiq aviareyslarni bekor qildi. BBC koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq so‘nggi ma’lumotlarni keltirdi.
Shvetsiya: 5000 o‘lim
Shvetsiya hukumati mamlakatda Covid-19 pandemiyasi qurbonlari soni 5 mingdan oshganini ma’lum qildi. Bu qo‘shni davlatlardagidan sezilarli darajada ko‘pdir.
Shvetsiya hukumati pandemiya boshida qat’iy karantin joriy etmaslikka qaror qilgandi. Buning uchun mas’ul bo‘lgan mamlakat bosh epidemiologi Anders Tegnell iyun oyi boshida bergan intervyusida boshqacharoq yo‘l tutish ham mumkin bo‘lgani haqida gapirdi.
«Agar yana shunday kasallikka duch kelsak, hozirda to‘plangan tajribaga ega bo‘lgan holda koronavirusga qarshi Shvetsiya tanlagan yo‘lni emas, qolgan dunyo mamlakatlari yo‘lini tanlagan bo‘lardik», degandi u.
Yangi Zelandiya: karantin nazorati uchun harbiylar mas’ul

Bir hafta oldin bosh vazir Jasinda Ardern koronavirus ustidan g‘alaba haqida e’lon qilgandi
Biroz vaqt muqaddam koronavirus ustidan g‘alaba haqida e’lon qilgan Yangi Zelandiya hukumati karantinga rioya etilishini nazorat qilishni harbiylarga topshirdi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Jasinda Ardern ma’lum qilgan. U buni shu kunlarda mamlakatda yana koronavirus paydo bo‘lgani bilan izohladi. Ma’lum bo‘lishicha, virus mamlakatga ikki nafar britaniyalik tomonidan olib kirilgan.
Ular Britaniyadan Avstraliya orqali kelishgan va ma’lum vaqtni karantinda o‘tkazishgan, ammo ular muddat tugashini kutmasdan, qarindoshlarining dafn marosimiga borishgan.
Karantindan chiqqanidan keyin ayollarni test qilishmagan. Ardern bu holatni «tizimning toqat qilib bo‘lmas xatosi» deb atadi.
Mamlakatda karantin nazoratiga Mudofaa vaziri o‘rinbosari Digbi Uebb rahbarlik qiladi. Ardern xonimning qo‘shimcha qilishicha, u zarur bo‘lganda vazirlikning barcha resurslaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
AQSHning uchta shtatida kunlik kasallanishlar soni bo‘yicha rekord qayd etildi
Arizona, Florida va Texas shtatlari gubernatorlari so‘nggi bir kunda qayd etilgan holatlar rekord bo‘lganini ma’lum qilishdi - bu shtatlarning har birida 2500dan oshiq holatlar aniqlangan.
Florida gubernatori Ron De Santis matbuot anjumanida kasallanish holatlari soni o‘sishini shtatda yaqinda karantin rejimi yumshatilgani bilan bog‘lamasligini aytdi.
«Biz qayta yopilib olmaymiz. Jamiyat hayotini davom ettirishi kerak», degan u.
Chorshanba kuni Amerikaning 7ta aviakompaniyasi tibbiy niqobsiz yo‘lovchilarni tashimasligini e’lon qildi.
Bu kompaniyalar Airlines for America guruhi tarkibida bo‘lib, mamlakat ichkarisida tashuvlarni amalga oshiradi.
Bu avialiniyalarning har biri tibbiy niqob taqmasdan bortga chiqqan yo‘lovchilarni qanday jazolashni alohida hal qiladi.
Braziliya: kuniga qariyb 35 ming zararlanish holati

Hafta oxirigacha Braziliyada kasallanish holatlari soni millionga yetadi
Braziliyada Covid-19’dan kunlik zararlanish holati bo‘yicha navbatdagi rekord qayd etildi - so‘nggi bir kunda shifoxonalarga yana 35 ming yangi bemorlar keltirilgan.
Lotin Amerikasi pandemiya markaziga aylanmoqda. Braziliyada hozirda zararlanish holatlari soni 923 mingdan oshiq (faqat AQSHda ko‘proq - 2,1 milliondan ortiq), hafta oxiriga borib mamlakatda kasallanganlar soni millionga yetadi. Aholi yoppasiga test qilinmagani, umuman, juda kam odam test qilingani hisobga olinsa, haqiqiy raqamlar yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin.
O‘lim holatlari soni ham o‘smoqda, nafaqat Braziliyada, mintaqaning boshqa davlatlarida ham. Qurbonlar soni Braziliya, Meksika va Peruda har ikki-uch haftada ikki barobarga oshmoqda.
Ekspertlar mintaqa hali kasallik avj olishining eng yuqori nuqtasidan o‘tmaganini aytishmoqda. JSSTning Amerika bo‘limi rahbari Klarissa Etenning aytishicha, Lotin Amerikasining ayrim hududlarida kasallanish holatlari soni eksponenta bo‘yicha o‘smoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar