21:28 / 21.09.2020
1 328

AQSH moliyaviy razvedkasi ma’lumotlari OAVga «sizdirildi». Unda rossiyalik oligarxlar haqida faktlar bor

AQSH moliyaviy razvedkasi ma’lumotlari OAVga «sizdirildi». Unda rossiyalik oligarxlar haqida faktlar bor
Arkadiy Rotenberg Putinning bolalikdagi do‘sti / Getty Images
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yoshlikdagi do‘sti Arkadiy Rotenberg noqonuniy pullarni yuvish va sanksiyalardan qochishda Britaniyaning «Barclays» bankidan foydalangan bo‘lishi mumkin. AQSH moliya vazirligi maxsus bo‘linmasi hisoblangan FinCEN’ning mana shu va boshqa jiddiy ma’lumotlari «kutilmaganda» OAV ixtiyoriga kelib qolgan.

Rotenberg ishi
2007-2016 yillarda Angliya Premer-ligasiga homiylik qilgan «Barclays» banki futbol muxlislari orasida ham mashhur. AQSH moliya razvedkasi hisoblangan FinCEN’ning OAVga sizdirilgan ma’lumotlarida mana shu obro‘li bank haqida ham gap ketgan.

Avvalo Arkadiy Rotenberg kimligi haqida ikki og‘iz. Rossiya sportida katta obro‘ga ega bo‘lgan bu shaxs Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin do‘sti ham. Peterburglik oligarx o‘z vaqtida murabbiylik bo‘yicha o‘nlab ilmiy qo‘llanmalar muallifi bo‘lgan. Tadbirkorlik sohasida ham omadi kelgan. Bir qator banklar va korxonalar egasi. 2012 yildan dollardagi milliarder sifatida Forbes ro‘yxatidan o‘rin olgan.

U 2014 yilda AQSH va Yevropa Ittifoqining «qora ro‘yxati»ga tushib qolgan. G‘arbdagi banklarga u bilan hamkorlik qilish taqiqlab qo‘yilgan. FinCEN’dan sizib chiqqan (aslida OAVga sizdirilgan deyish to‘g‘riroq) ma’lumotlarga ko‘ra, Rotenberg sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun «Barclays»dagi yashirincha hisob-raqamlardan foydalangan.

AQSH va Yevropa Ittifoqi Arkadiy Rotenberg va akasi Borisga jiddiy ayblov bilan sanksiya qo‘llagan – Qrimni bosib olishda ishtirok etgani uchun. Razvedka ma’lumotlarida aka-uka Rotenberglar Rossiya prezidentining yaqinlari ekani ta’kidlangan. Ma’lumotlarda aytilishicha, ular Putinning shaxsiy loyihalarini moliyalashtirish evaziga «Gazprom» va Sochi olimpiadasi orqali milliardlab dollar ishlab olishgan.

Arkadiy Rotenberg va Vladimir Putin Sochidagi dzyudo bo‘yicha ochiq mashg‘ulotlarda. 2019 yil
2018 yilda sanksiyalarga Arkadiy Rotenbergning o‘g‘li Igor ham kiritiladi. FinCEN ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalarga qaramay Rotenberglar AQSH va Britaniya orqali pullarini aylantirib yuraverishgan.

San’atga sarflangan pullar
OAVga chiqib ketgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2008 yilda «Barclays» bankida «Advantage Alliance» kompaniyasi uchun hisob-raqami ochiladi. Bu hisob-raqami orqali 2012-2016 yillar oralig‘ida 60 million funt miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshiriladi. Bu pulning aksar qismi Arkadiy Rotenbergga sanksiya qo‘llanganidan so‘ng tranzaksiya qilingan. Joriy yil iyul oyida AQSH Senati Rotenberglarni sanksiyalardan qochish uchun yashirincha yo‘l bilan san’at asarlarini sotib olganlikda aybladi. Bu savdolarda qatnashgan kompaniyalardan biri esa aynan «Advantage Alliance» bo‘lgan. Amerikalik tergovchilar bu - kompaniya Rotenberglarga tegishli ekanining yaqqol isboti degan xulosaga kelishgan.

Tergov jarayonida tayyorlangan hisobotda aytilishicha, auksion savdolaridagi sirlilik va anonimlik prinsiplari - pul yuvishda qatnashayotganlar uchun ayni muddao bo‘lgan sharoit yaratadi.

«Auksiondagilar san’at asarlarini sotib oladiganlarga eng oddiy savollarni berishmagan», deyiladi hisobotda.

Ma’lum bo‘lishicha, Rotenberglar sanksiyalarga qaramay, Rene Magrittning mashhur asari uchun 7,5 million dollar to‘lashni o‘zlariga ep ko‘rishgan. 2014 yil 17 iyun kuni Arkadiy Rotenberg bilan aloqador kompaniya Moskvadagi hisob-raqamidan «Advantage Alliance»ning «Barclays»dagi raqamiga 7,5 million dollar pul o‘tkazgan. Ertasiga esa «Barclays» kartinaning Nyu-Yorkdagi egasiga naqd pul ko‘rinishida 7,5 million dollarni yetkazadi.

Yopiq hisob
2016 yilda «Barclays»da Rotenbergga tegishli bo‘lishi taxmin qilingan hisob-raqamlar bo‘yicha ichki tekshiruv o‘tkazilgan. Yarim yil o‘tib «Advantage Alliance»ning hisob-raqamlari shubhali operatsiyalarda ishtirok etgani uchun yopiladi. «Barclays»dagi Rotenbergga tegishli bo‘lgan boshqa hisob-raqamlar 2017 yilgacha ochiq bo‘lgan.

Shunday hisob-raqamlardan biri «Ayrton Development Limited» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, «Barclays» banki mijozi bo‘lgan «Ayrton» kompaniyasi ham Rotenbergga tegishli ekani aniqlangan. VVS surishtiruvi doirasida «Barclays» Rotenbergga tegishli hisob-raqamlar haqida ma’lumot bermagan.

Biroq bank bevosita o‘ziga aloqador ma’lumotlar tarqalgach bayonot berdi. «Biz qonun va nazorat organlari tomonidan zimmamizga yuklanayotgan barcha topshiriqlarni bajaryapmiz. Xususan, AQSH sanksiyalari bo‘yicha ham. Bu tarqalgan ma’lumotlar qandaydir qonunbuzarlikdan darak bermaydi. Biz mijozlar bilan munosabatni faqat jiddiy tekshiruvlardan keyin to‘xtatamiz», deyiladi bayonotda.

PA MEDIA
Rotenberglar esa bu ma’lumotlar tarqalishi yuzasidan munosabat bildirishmagan.

Bosh vazir bilan tennis uchun 160 ming funt
«Forbes»ning yozishicha, ma’lumotlar orasida rossiyalik boshqa oligarxlar va davlat amaldorlari tomonidan amalga oshirilgan ko‘plab shubhali o‘tkazmalar mavjud. Masalan, «Rostex» tasarrufidagi «Rosoboroneksport» (Rossiya harbiy texnikalarini xalqaro miqyosda sotuvchi tashkilot) kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan Indoneziya fuqarosi Yeng Din Jongning (Indoneziyada uni Sudjito deyishadi) hisob-raqamiga «Xalqaro moliya klubi» hisobidan pul o‘tkazgan. Qizig‘i, «Rostex» rahbari Sergey Chemezovning rafiqasi ushbu korxona hissadori hisoblanadi.

«New York Mellon» banki AQSH moliyaviy razvedkasiga bu borada gumonlarini bildirar ekan, Sudjitoning hisobiga 2011 yil dekabrida 220 million dollar, 2012 yil yanvarida esa 51 million dollar shubhali tarzda o‘tkazilganini ma’lum qilgan. «Xalqaro moliya klubi» esa Sudjito va «Rosoboroneksport» bank mijozi bo‘lmaganini ma’lum qilgan.

FinCEN ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik taniqli milliarder Sulaymon Kerimovning rafiqasi Lyubov Chernuxina Britaniyadagi hukmron konservatorlar partiyasiga 2,2 million dollar miqdorida homiylik qilgan. Bu to‘lovlar Britaniyaning oxirgi uch bosh vaziri bilan ovqatlanishni ham o‘z ichiga olgan. Chernuxinaning advokatlari konservatorlar partiyasiga «xayriya» Kremlning bosimi ostida qilinmaganini aytishgan. Ma’lumot uchun, «Anji» klubining sobiq rahbari bo‘lgan Sulaymon Kerimov ham AQSH sanksiyalariga tushgan. Uning rafiqasi amalga oshirgan o‘tkazmalar Nyu-Yorkdagi «Deutsche Bank» e’tiborini tortgan.

Chernuxina katta pullar evaziga Britaniya hukumatidagi amaldorlar bilan gaplashish imkoniga ega bo‘lgani aytiladi. Ma’lum bo‘lishicha, u 135 ming funt evaziga Tereza Mey va hukumatning boshqa ayol vakillari ishtirokida tashkil etilgan ziyofatga taklif olgan. Shuningdek, 45 ming funt to‘lab Boris Jonson bilan tennis o‘ynash imkoniga ega bo‘lgan. U oldinroq, 2014 yilda ham 160 ming funt to‘lab, Britaniyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Devid Kemeron va o‘sha vaqtda London meri bo‘lgan Boris Jonson bilan tennis o‘ynagan.

FinCEN nima o‘zi?
Yuqorida keltirilgan misollardagi FinCEN nomi ko‘pchilik uchun notanish bo‘lsa ajab emas. Bu abbreviatura bo‘lib, AQSH moliya vazirligi qoshidagi bo‘linma nomining qisqartmasi hisoblanadi. Ya’ni, Financial Crimes Enforcement Network – Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tarmog‘i.

Bu tashkilot butun dunyodagi moliyaviy firibgarliklarni qanday bilib tura oladi degan tabiiy savol tug‘iladi. Hammasi oddiy – AQSH dollarni ishlab chiqaruvchi yagona mamlakat sifatida dunyodagi barcha dollardagi operatsiyalarni nazorat qila oladi. Ya’ni, dunyodagi barcha banklar dollarda amalga oshirilgan shubhali pul operatsiyalari haqida bu tashkilotni xabardor qilishi kerak. Shu bois tashkilot butun dunyodagi dollar operatsiyalarini nazorat qilishi mumkin.

Biroq shu kunlarda FinCEN xuddi «Panama qog‘ozlari» kabi ibora sifatida ishlatilmoqda. Chunki bu tashkilotga tegishli juda ko‘p ma’lumotlar OAV ixtiyorida paydo bo‘ldi. Xususan, FinCEN bilan aloqador bo‘lgan 2,5 mingdan ortiq hujjatlar «Buzzfeed» nashri jurnalistlari qo‘liga kelib tushgan. Ular o‘z navbatida ma’lumotlarni dunyoning 88 davlatida faoliyat yurituvchi 108ta yangiliklar agentligini birlashtiruvchi jurnalistlar guruhiga tarqatishgan. Tarqalgan hujjatlar asosan dunyodagi banklarning FinCEN’ga bergan ma’lumotlaridan iborat.

Bu ma’lumotlar qora iqtisodiyotni fosh etadi. Bunday ma’lumotlarning tarqalishi qaysidir ma’noda odamlarga «pul yuvish», noqonuniy pullarni legallashtirish kabi jarayonlar haqida ma’lumot beradi.

Pul nega «yuviladi»?
Pul yuvish degani, albatta, uni kir yuvish mashinasi yoki tog‘oraga solib yuvish degani emas. Noqonuniy pullarni qonuniylashtiruvchi g‘ayriqonuniy jarayon «pul yuvish» deb ataladi. Masalan, narkotik, qurol-yarog‘ savdosi yoki korrupsion yo‘l bilan orttirilgan pullar anonim tarzda pul saqlash mumkin bo‘lgan banklardan biriga anonim hisob-raqam ochib o‘tkaziladi. Keyin o‘sha pullar maxfiy ravishda biror sohaga yo‘naltiriladi va legallashtiriladi. Ko‘ribsizki, noqonuniy pullar «top-toza bo‘lib yuviladi».

OAVga kelib tushgan FinCEN ma’lumotlarining o‘zida 2 trillion dollarga yaqin shubhali tranzaksiyalar qayd etilgan. Taqqoslash uchun, bu butun boshli AQSH YAIMining 20 foizi deganidir.

Hujjatlardagi eng yirik shubhali o‘tkazma 2011 yilda amalga oshirilgan. O‘shanda «Amsterdam Trade Bank» «Rosbank»ga 2,7 milliard dollar o‘tkazgan. Ro‘yxatdan 2013 yilda Latviyaning «Expobank» banki «Soyuz» bankiga 303 million dollar, 2008 yilda «Credit Suisse» banki «Yevrofinans Mosnarbank» bankiga 300 million dollar o‘tkazgani ham keltirilgan. Rossiya va xorijiy banklar o‘rtasidagi aloqalarda eng ko‘p shubhali o‘tkazmalarni amalga oshirgan bank – «Bank of New York Mellon» bo‘lgan. Bu bank hujjatlardagi «FinCEN paketi»dagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2,76 milliard dollarni shubhali tarzda qabul qilgan va 7,07 milliard dollarni shubhali tarzda jo‘natgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)