14:00 / 04.12.2020
3 879

AQSh razvedkasi Jo Baydenni jiddiy xavfdan ogohlantirdi

AQSh razvedkasi Jo Baydenni jiddiy xavfdan ogohlantirdi
Foto: «AP»
Xitoy josuslari AQShning yangi saylangan prezidenti Jo Bayden ma’muriyatiga ta’sir ko‘rsatish uchun qat’iy suratda sa’y-harakat qilmoqda. Bu haqda Aspen instituti tomonidan tashkil etilgan onlayn anjumanda AQSh milliy razvedka xizmati huzuridagi tashqi razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Evanin ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, Xitoy razvedkasi Qo‘shma Shtatlarda bo‘lib o‘tgan prezidentlik sayloviga kuchli qiziqish namoyon etgan. Ayni paytda esa Osmonosti o‘lkasi josuslari yangi saylangan prezident jamoasiga yaqin bo‘lgan shaxslarni sinchkovlik bilan o‘rganmoqda.

«Yangi ma’muriyat (tashqi tomondan) ta’sir ko‘rsatishga urinish mavjudligini anglashi, uning mazmun-mohiyatini teran idrok etishi muhim», – degan Uilyam Evanin.

Adliya vazirligi milliy xavfsizlik boshqarmasi rahbari Jon Demers esa so‘nggi paytlarda Xitoy foydasiga josuslik qilishda gumonlangan yuzlab shaxs AQShdan qochib ketganini ma’lum qilgan.

Gap shundaki, Federal qidiruv byurosi (FQB) joriy yil yozda AQSh ilmiy laboratoriyalarda faoliyat yuritayotgan xitoylik olimlardan 100 ga yaqini Xitoy armiyasi bilan yashirin ravishda hamkorlik qilib kelayotgani fosh etgan.

«5-6 kishi hibsga olindi, ammo bu muz qoyasining uchi, xolos. Ochig‘ini aytganda, bu xavf qanchalik ulkan ekanini na men, na hamkasblarimiz to‘liq tasavvur etgandik», – degan J.Demers.

FQB gumondorlar bilan suhbat o‘tkaza boshlaganch, 1000 dan ziyod xitoylik tadqiqotchi oshig‘ich ravishda Qo‘shma Shtatlarni tark etgan.

Sentyabr oyida esa AQSh mingga yaqin xitoylik olim va talabalarning vizasini bekor qilgan. Davlat departamenti Xitoy kommunistik partiyasining harbiy ustunlik maqsadiga xizmat qilmaydigan talaba va olimlarga mamlakat darvozalari ochiq ekanini eslatgan.

Pekin hamda Vashington o‘rtasidagi munosabatlar Donald Tramp boshqaruvi davrida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy ziddiyatlar, Honkongda inson huquqlari buzilishi va COVID-19 pandemiyasi vajidan sovuqlashdi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo esa Xitoyni ochiq-oshkora o‘rta va yaqin istiqbolda mamlakat uchun asosiy tashqi tahdid deb atadi.

Saylov kampaniyasi davrida ham ikki nomzod bir-birini Xitoy ta’siriga tushishda aybladi. Bayden Trampning Xitoy bankida hisob raqami borligini, Tramp esa Baydenning o‘g‘li Hanter Chin o‘lkasi bilan tijoriy munosabatlarga ega ekanini tanqid qildi.

Avvalroq amerikalik taniqli siyosatshunos, professor Kristofer Leyn «Foreign Affairs» nashrida chop etilgan maqolasida Qo‘shma Shtatlar hamda Xitoy o‘rtasida qurolli to‘qnashuv ro‘y berishi muqarrarligi va bu urush Vetnam, Afg‘oniston va Iroqdagi harbiy kampaniyalardan xatarliroq oqibatlarga olib kelishini bashorat qilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSh razvedkasi Jo Baydenni jiddiy xavfdan ogohlantirdi