19:03 / 09.12.2020
5 955

Rossiyalik reperning Mercedes’ini yutib olgan buxorolik yigit mashinani qachon olishini ma’lum qildi

Rossiyalik reperning Mercedes’ini yutib olgan buxorolik yigit mashinani qachon olishini ma’lum qildi
Foto: Instagram / @aza_1002
Rossiyalik taniqli reper va bastakor Alisher Valiyev (taxallusi Morgenshtern) 18 oktyabr kuni Instagram’da Mercedes-Benz E200 mashinasi uchun tanlov o‘tkazgani va unda Buxoroda yashovchi @aza_1002 akkaunti egasi Azim Abdullayev g‘alaba qozongani haqida xabar berilgandi.
Azim Abdullayev Instagram sahifasidagi Stories orqali Mercedes’ni qachon olishi haqidagi savollarga javob berdi.

Uning aytishicha, avtomobil Toshkentga yetib kelgan va 2-3 kundan so‘ng Buxoroga, o‘z egasiga yetkaziladi. Shuningdek, Azim reper Morgenshternning o‘zi ham O‘zbekistonga kelishini yozib qoldirdi.

Foto: Instagram / @aza_1002
Azimning ayrim folloverlari undan mashinani sotishni ham so‘ragan. 20 yoshli yigit esa «Merin»ni sotmasligi, o‘zi haydashini aytgan.

Foto: Instagram / @aza_1002
Eslatib o‘tamiz, Morgenshtern o‘shanda g‘olib bilan bog‘langan va avtomobilni shaxsan o‘zi O‘zbekistonga olib kelishini ma’lum qilgan. Keyinroq musiqachi O‘zbekistonda xorijda ishlab chiqarilgan mashina uchun belgilangan bojxona to‘lovlari miqdoridan xabar topgach o‘z stories’ida videoxabar qoldirgan.

«O‘zbekistonda mashina uchun bojxona to‘lovi qancha ekanini bilasizmi? Uning narxi mashina narxiga teng ekan», — degan Morgenshtern. Reper chegaralar yopiqligi va mashinani mamlakatga olib kirish qimmatligi sababli uni yetkazib berishda hukumatdan yordam so‘ragan.

Musiqachi bloger Yuriy Dudga bergan intervyusida Mercedes-Benz’ni tanlov g‘olibiga yetkazib berish uchun yana 2 million rubl to‘lashi kerakligini aytgan.

Mercedes-Benz’ning yana bir xalqona nomi «Merin», qo‘shiqchi o‘z kompozitsiyalaridan birini ushbu mashinaga bag‘ishlagan (unda haqoratli so‘zlardan ko‘p foydalanilgan), qo‘shiq Youtube’da 85 million martadan ko‘proq ko‘rilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Morgenshtern mashina uchun 4 million rubl (taxminan 51 ming AQSh dollari) sarflagan.

Davlat bojxona qo‘mitasining hisob-kitoblariga ko‘ra, reperning mashinasini O‘zbekistonga olib kelish uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan boj to‘lovi 353 801 986,83 so‘mni tashkil etgan.

Morgenshtern haqida
Alisher Valiyev (Morgenshtern taxallusi nemis tilidan tarjima qilinganda «tonggi yulduz») rep aytishni 12 yoshida boshlagan, yuqori sinfda o‘qib yurgan vaqtlarida «qora alkogolizm» yillarini o‘tkazib, mashhur bo‘lgan, dunyo tan olgan rep-yulduzlarining hayoti haqida replar aytgan. Ufada yashovchi 22 yoshli musiqachi Z avlodi havas qiladigan xonandaga aylangan va Instagram’dagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda oddiy, sodda treklarini ijro etib, millionlab daromad qilmoqda, deyiladi Forbes ma’lumotida.

Morgenshtern boshqalar ijro etgan qo‘shiqlar bilan tanilgan: 2018 yilda u «IziRep» turkumidagi videolarni tayyorladi va ularda taniqli ijrochilarning ommalashgan qo‘shiqlarini jamladi (Eljey, Kizaru va Face), shuningdek, ushbu sodda replarni boshqa har qanday odam ijro qilishi mumkinligini tushuntirdi.

Jurnalist Nikolay Redkinning Meduza e’lon qilgan maqolasida Alisherning boshqalar tomonidan o‘ziga yo‘llagan salbiy fikrlardan ustalik bilan foydalanishi va YouTube’da reaksiyalar yaxshi baholanishini anglagan holda to‘g‘ri harakatlar qilganini e’tirof qilgan. 2018 yilda reper o‘zining birinchi albomini taqdim qildi, Rossiya bo‘ylab turga chiqdi va 100 ming rubllik kamerani yoqib yubordi. Keyinroq ushbu harakatiga izoh berib, bu odamlar diqqatini tortishni tezkor va yengil usuli ekanini qayd etdi: ommalashgan blogerning ishlab topayotgan pullari, muhokama qilinayotganidek, u qadar ko‘p emas.

2019 yil oxirida u to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda qo‘shiqlar albomini yozishini e’lon qildi va har bir studiya sessiyasini jonli tarzda ijtimoiy tarmoqqa joylashtirib bordi. Yakunda hosil bo‘lgan relizga «Afsonaviy chang» deb nom berdi (2020 yil yanvarida sotuvga chiqqan) uni barcha striming servislarida 500 million martadan ko‘p eshitishgan (ushbu raqam sentyabr oyi holatiga olingan), albomning har bir treki «platinali» disk darajasiga chiqdi. Morgenshtern qo‘shiqlarida haqoratli so‘zlar, so‘kinishlar ko‘p uchraydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyalik reperning Mercedes’ini yutib olgan buxorolik yigit mashinani qachon olishini ma’lum qildi