08:44 / 10.02.2021
1 829

Myanma bosh qo‘mondoni nima sababdan davlat to‘ntarilishi sodir bo‘lganini tushuntirdi

Myanma bosh qo‘mondoni nima sababdan davlat to‘ntarilishi sodir bo‘lganini tushuntirdi
Foto: AP Photo
Myanma Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondoni general Min Aun Xlayn xalqqa murojaat qilib, mamlakatda hokimiyatni egallab olish sabablarini tushuntirdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Min Aun Xlaynning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda bo‘lib o‘tgan mamlakatdagi saylovlar paytida qonunbuzarliklar sodir bo‘lgani uchun harbiylar hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishga qaror qilgan. Generalning aytishicha, harbiylarning saylovlardagi firibgarlikni tekshirish bo‘yicha talablariga saylov komissiyasi, prezident va parlament javob berishdan bosh tortgan. Shu munosabat bilan harbiylar hokimiyatni egallashga va demokratiya nomidan favqulodda holat joriy etishga qaror qilgan.

Min Aun Xlayn oldingi hukumatning iqtisodiy siyosati saqlanib qolishini va Myanma xorijiy kapital uchun ochiq bo‘lib qolishini ta’kidladi.

«Davlat uchun mas’uliyatni vaqtincha o‘z zimmamizga olganimizda mamlakatning tashqi, iqtisodiy hamda hukumat siyosatida hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmaydi. Biz avvalgidek yo‘l tutamiz», — deya so‘zini yakunlagan general.

General, shuningdek, Myanma konstitutsiyasini himoya qilishga va erkin hamda adolatli demokratik saylovlardan so‘ng hokimiyatni topshirishga va’da berdi. Biroq u mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan norozilik harakatlariga izoh bermadi.

Ma’lumot uchun, Myanmada hokimiyat harbiylar qo‘liga o‘tganidan so‘ng norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tayotgan edi. Avvalroq bu namoyishlar tinch, hech qanday hibsga olishlarsiz o‘tayotgani xabar qilindi.

Lekin 9 fevral kuni «TASS» nashrining xabar qilishicha, Myanmaning ikkinchi yirik shahri bo‘lgan Mandalay politsiyasi harbiylarning hokimiyat tepasiga kelishiga qarshi namoyishlarda 20—30 kishini hibsga olgan.

Ta’kidlanishicha, namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkagichlardan foydalanilgan. Reuters xabariga ko‘ra, 27 kishi hibsga olingan, ulardan biri jurnalist ekani aytilmoqda. Norozilik namoyishlari ishtirokchilari shaharda besh kishidan ko‘p odamning yig‘ilishlariga qo‘yilgan taqiqni buzishda ayblanmoqda.

Bundan avval Myanmada internet ishlashida nosozliklar kuzatilgani hamda mamlakatda «Sputnik V» vaksinasi ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Myanma bosh qo‘mondoni nima sababdan davlat to‘ntarilishi sodir bo‘lganini tushuntirdi