16:35 / 14.02.2021
2 369

Homiladorlikni aniqlovchi qog‘oz test. Ekologiya uchun yana nimalar o‘ylab topishdi?

Homiladorlikni aniqlovchi qog‘oz test. Ekologiya uchun yana nimalar o‘ylab topishdi?
Foto: IDZ/Yue Zhao
Dizaynerlar 2020 yilda ham ommani hayratda qoldirishda davom etishdi. Homiladorlikni aniqlovchi qog‘oz test, kelajakka sayohat va ikkilamchi xomashyodan idishlar. Yana nimalar bor edi?

Germaniyada ketma-ket 10 yildan buyon Bundespreis Ecodesign’ning eng yaxshi ekodizayn mukofoti topshirib kelinadi. Mukofotni ekologiya sohasida tashabbus ko‘rsatgan tajribali kompaniyalar bilan bir qatorda endigina o‘z loyihalarini amalga oshirishni boshlayotgan talabalar ham olishlari mumkin. Tanlovga 2021 yilning 21 apreliga qadar ariza topshirish mumkin. 2020 yilda qanday ishlar g‘olib bo‘ldi?

Unutilgan navlardan savzavot yetishtirish
Bog‘ingizdagi ekinlarni turfalashtirish va bir vaqtning o‘zida ekologiyaga ko‘mak berish ham mumkinmi? Trir oliy maktabi talabasi Yana Hoffmann sabzavotlarning yo‘qolib borayotgan navlariga e’tibor qaratish uchun loyiha ishlab chiqdi. U bog‘dorchilik do‘konlari rastalarida ko‘zga tashlanib turuvchi yorqin rangdagi bukletlar va urug‘lar qadog‘ini yaratdi. Xitoy artishoklari haqida eshitganmisiz? Olabuta degan o‘simlikni bir chekkada o‘sadigan arzimas o‘t-o‘lan deb o‘ylaysizmi?

Unutilgan sabzavotlarning urug‘lari
Hoffman biz supermarketlardan sotib oladigan va yeydigan narsalarimizga o‘zgacha ma’no berishni taklif qilyapti. «Unutilayozgan» sabzavot navlari amalda ancha sodda va serhosilroq. Talaba qizda bu fikr Shpitsbergen orolida butun dunyodan yig‘ilgan urug‘lar ombori borligini bilgach paydo bo‘lgan. Hoffmann 2025 yilga borib «eski» va biz hozirda keng tarqalgan sabzavot navlari orasida tanlash imkoni bo‘lishiga umid qilmoqda.

Homiladorlikni aniqlovchi qog‘oz test
Yevropa Ittifoqida har yili 5 milliondan ortiq homiladorlikni aniqlovchi testlar sotiladi va ularning bari plastikdan qilinadi. Kil shahrilik Yue Chjao qayta ishlangan qog‘ozdan test prototipini ishlab chiqdi. Uning oldida oddiy bo‘lmagan vazifa turardi – plastik o‘rnini bosa oluvchi mustahkam va ekologik toza material topish kerak edi. Biroq bungacha ham bir necha masalani hal qilish kerak edi: masalan, namga chidamli qadoq o‘ylab topib, mahsulotning chidamliligini tekshirish uchun bir necha sinov o‘tkazish kerak edi.

Ekologik markerlar va nuqsonli likobchalar
Biz kundalik foydalanadigan aksar buyumlar plastikdan. Masalan, ofisdagi kanselyariya tovarlari. Germaniyaning Edding kompaniyasi 2008 yildan beri o‘z mahsulotlarini ekologik toza ishlab chiqarishga harakat qilmoqda. Shunday tovarlardan biri – 90 foiz tabiiy xomashyo va qayta ishlangan materiallardan tashkil topgan EcoLine markeri. Bu markerlarni kompaniyaga jo‘natib, yana to‘ldirib olish yoki ularga qo‘shimcha siyoh sotib olish mumkin.

Veymarning nuqsonli likoblari
«Konsept» yo‘nalishida g‘olib deb topilgan ish – buyumlarni ishlatishda o‘zgacha yondashilgan misol. Veymarlik talaba Syuzan Padux mavjud nuqsonlari tufayli sotuvga chiqarilmagan chinni buyumlardan foydalanishga qaror qildi. Har bir likobda nuqson haqida yozuv bor. Bunday idishlardan mahalliy "LÜCKE" restoranida foydalanishni boshlashdi ham.

Muzliklarning erishi
Syurix san’at universiteti va Fribur universiteti talabalari global isish va muzliklarning erishi muammosiga e’tiborni qaratishmoqda. Ular Shveysariyadan misol keltirishmoqda – Alech muzligi Alp tog‘laridagi eng katta muzlik. 3D ko‘zoynaklarni taqib, 200 yil ortga virtual sayohat qilish, keyin hozirga qaytish, so‘ngra kelajakka nazar solish mumkin. Kelajak esa – iliq va Alech muzligisiz ko‘rinadi. Bu g‘oya Fribur universiteti talabalaridan biri bakalavr ishini yozayotganda paydo bo‘ldi. Noemi Chu muzlik landshaftining aniq va taxmin qilinayotgan o‘zgarishlarining 3D modelidan foydalangan. Virtual ekskursiya Shveysariyaning bir necha muzeylarida o‘tkazildi, boshqa davlatlarda lokdaun tugagach o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Tejamkor yoritish
Deutsche Lichtmiete kompaniyasining diod chiroqli yoritish uskunasining ijarasi eng yaxshi ekologik xizmat deb topildi. Ular kamxarj chiroqlarni o‘zlari ishlab chiqadi, tayyorlaydi va ijaraga beradi. Firma o‘z uskunalari bilan loyihalashtirishga ko‘mak berishdan tashqari ularni ta’mirlash va qayta ishlashda ham yordam beradi.

Bundespreis Ecodesign sovrinini kim qo‘lga kiritishi mumkin? Tanlovga ishlab chiqarish, sotish va utilizatsiyaning barcha bosqichlari ekologik deb hisoblash mumkin bo‘lgan ishlanmalar qabul qilinadi. Hakamlar hay’ati, shuningdek, taqdim qilingan g‘oya iste’molchining ko‘nikmalarini qay tarzda o‘zgartira olishi mumkinligi va atrof-muhitga qanday foyda keltira olish ehtimoli borligini ham hisobga oladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Homiladorlikni aniqlovchi qog‘oz test. Ekologiya uchun yana nimalar o‘ylab topishdi?