Shifokorlar ayolning ikki a’zosini olib tashlab, yanglishdi

Londonda yashovchi 35 yoshli Amber Uilyams 15 yil davomida kuchli og‘riq bilan yashagan. Uning aytishicha, shifokorlar yillar davomida og‘riqlarini «oddiy hayz og‘rig‘i» deb baholab, uning haqiqiy sababini aniqlay olmagan.
Amber 11 yoshida hayz ko‘ra boshlaganidan keyin kuchli og‘riqlarni his qilgan. 14 yoshiga kelib, ahvoli shu qadar og‘irlashganki, u muntazam ravishda maktab qoldirgan. Shifokorlar unga og‘riqli hayz oddiy holat ekanini aytib, kontratseptiv tabletkalar buyurgan.
2012 yilda, 21 yoshida, qorindagi kuchli og‘riq sabab shoshilinch tibbiy yordamga murojaat qilganida, unda appenditsitdan shubhalanishgan. Natijada appendiksi olib tashlangan. Ammo keyinchalik unga a’zoda jiddiy muammo bo‘lmagani aytilgan.
O‘sha yilning o‘zida unga polikistoz tuxumdon sindromi tashxisi qo‘yilgan. Amberga asosan vazn kamaytirish tavsiya qilingan, ammo uni qiynayotgan og‘riqlar davolanmagan.
2016 yilda ahvoli yanada og‘irlashib, u taxminan 12 marta shifoxonaga borgan. Shifokorlar o‘t pufagida tosh va pankreatit borligini taxmin qilib, o‘t pufagini ham olib tashlashgan. Keyin esa unda ham jiddiy muammo bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan.
Shu yili Amber juda kuchli qon ketishini boshdan kechirgan va homiladorlikni yo‘qotgan. U bu voqeani hayotidagi muhim burilish nuqtasi deb atagan.
2017 yillar atrofida u internetdagi ayollar guruhlari orqali endometrioz haqida ma’lumotga duch kelgan. U maxsus testlar natijalarini shifokorlarga ko‘rsatgan bo‘lsa-da, uning endometriozi bo‘lishi ehtimoli jiddiy qabul qilinmagan.
Yillar davomida og‘riq hayz davridan tashqari paytlarda ham davom etgan. Ayrim mutaxassislar esa uning alomatlarini ruhiy holati bilan bog‘lab, antidepressantlar tavsiya qilgan.
2025 yilda Amber va turmush o‘rtog‘i to‘rt yil davomida farzandli bo‘lishga urinib, natijaga erisha olmaganidan so‘ng mutaxassislarga murojaat qildi. Nihoyat, fertillik bo‘yicha shifokor uning endometrioz haqidagi xavotirlarini jiddiy qabul qilib, qo‘shimcha tekshiruvlarga yo‘lladi.
Joriy yil iyul oyida jarrohlar nihoyat Amberda keng tarqalgan endometrioz va adenomiozni aniqladi. Uning tuxumdonlari chanoq devoriga yopishib qolgani ma’lum bo‘ldi.
«Jarrohlikdan so‘ng uyg‘onganimda, shifokor menga: “Siz aqldan ozmagansiz”, dedi. Men esa yig‘lab yubordim», — deydi Amber.
Hozir ham u har bir hayzning dastlabki uch kunida juda kuchli og‘riqni boshdan kechiradi va og‘riq qoldiruvchi vositalarga tayanadi. Ko‘p yillik davolanmagan kasallik uning hayotiga jiddiy ta’sir qilgan: u hozir og‘riq sabab ishlay olmaydi va farzandli bo‘lish imkoniyatidan ham xavotirda.
«Bu hayotimni vayron qildi. Agar meni avvalroq tinglashganida, hayotim qanday bo‘lishini bilmayman», — dedi u.
Amber boshqa ayollarni ham tushunarsiz va davomli og‘riqlarga duch kelsa, muammoning haqiqiy sababini aniqlash uchun izlanishdan to‘xtamaslikka chaqirdi.






























Izohlar 0
…