10:04 / 28.04.2021
1 985

Ilon Mask: Marsni o‘zlashtirish jarayonida ancha-muncha odam qurbon bo‘ladi


Foto: AFP
Insoniyat Marsni o‘rganish badalini sayyoraga borgan birinchi ko‘ngillilar hayoti bilan to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkin, dedi SpaceX kompaniyasining rahbari Ilon Mask innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlovchi Xprize jamg‘armasi bilan bo‘lgan intervyuda.

«To‘g‘risini aytganda, boshlanishida ko‘plab odamlar qurbon bo‘ladi. U yerga yetib olish oson emas», — deb ta’kidladi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Marsni o‘rganish uchun faqat ko‘ngillilar yuboriladi. Xprize suhbatdoshining aytishicha, bunday ekspeditsiyada qatnashish istagini bildirganlar juda ko‘pchilikni tashkil etadi.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, ularni «ulug‘vor sayohat» va «ajoyib tajriba» kutmoqda. «Ha, qurbon bo‘lish mumkin. Noqulay bo‘ladi, oziq-ovqat va shunga o‘xshash boshqa narsalar ham, ehtimol, unchalik yaxshi bo‘lmas. Lekin sizni qiyin va xavfli, lekin ulug‘vor sarguzasht qiziqtirsa, demak Mars aynan siz uchun mos keladigan joy», — deya ta’rifladi Mask.

Shuningdek, u boshqa sayyoralar kabi Marsning o‘zlashtirilishini insoniyatning yashab qolishi uchun muhim deb atadi.

2020 yilda Mask o‘z kompaniyasining olti yildan keyin birinchilardan bo‘lib Marsga odam yetkazishi mumkinligini aytgan edi. «Agar omadimiz kelsa, to‘rt yilda ham bo‘lishi mumkin», — deb taxmin qilgan u. SpaceX’ning Marsga uchuvchisiz missiyasini ikki yildan keyin amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

2050 yilgacha tadbirkor Marsga bir million odamni yuborishni maqsad qilgan. Uning aniqlik kiritishicha, buning uchun mingta kemadan iborat flot kerak bo‘ladi. Mask parvoz xarajatlarini to‘lashga qurbi yetmaganlarga Marsda kreditlar va ish o‘rinlarini berishga tayyorligini aytdi.

SpaceX asoschisi Marsni o‘zlashtirish uchun rejalashtirilgan shahar qurilishi katta sarmoyalarni talab qilishini va ushbu loyihani moliyalashtirish uchun barcha mol-mulkini sotishi mumkinligini tan oldi. Buni amalga oshirishning yana bir sababi sifatida, Mask Mars loyihasini amalga oshirishga qanchalik qat’iy qaror qilganini butun dunyoga namoyish etish istagini aytdi.

Shuningdek, Ilon Mask Marsda mustaqil faoliyat yuritadigan manzil qurishga 20 yil ketishini taxmin qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday manzil qurish uchun 1000 ga yaqin Starship kemasi va kamida 3 million tonna resurs va jihozlar kerak bo‘ladi.

Avvalroq Ilon Mask karbonat angidridni tejamkor ravishda yoqilg‘iga aylantirish yo‘lini topadigan ixtirochiga 100 million dollar va’da qildi. U atmosferadan uglerod ajratib olish texnologiyasi havodan ifloslantiruvchi zaharli gazlar ajralib chiqish darajasini 2050 yilga qadar nolga yetkazishda juda muhim bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Forbes’ning 2021 yil bo‘yicha eng boy odamlari an’anaviy reytingida Ilon Mask 151 milliard dollarlik boyligi bilan ikkinchi o‘rindan joy oldi. Bir yil oldin u eng boy ishbilarmonlar ro‘yxatida atigi 31-o‘rinda turgan va reytingni tuzuvchilar uning boyligini 24,6 milliard dollarga baholagan edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ilon Mask: Marsni o‘zlashtirish jarayonida ancha-muncha odam qurbon bo‘ladi