07:30 / 24.07.2021
2 352

Tojikiston va Qirg‘iziston o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun yangi shartnomalar tuzadi


Foto: Tojikiston davlat rahbarining matbuot xizmati
Tojikiston hukumati tegishli tuzilmalarga Qirg‘iziston bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yangi hujjatlarni muvofiqlashtirish va imzolashni buyurdi. Bu haqda Asia-Plus xabar berdi.

Xususan, ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida standartlashtirish, metrologiya, mahsulotning muvofiqligini baholash va akkreditatsiya qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzilishi kutilmoqda.

Shartnoma loyihasi matnida ushbu hujjat «iqtisodiy va savdo munosabatlaridagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishga» qaratilgani aytilgan. Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro kelishib, pensiya ta’minoti va ijtimoiy sug‘urta sohasida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma loyihasini imzolaydi.

Shuningdek, ikki mamlakatning tegishli tuzilmalari o‘rtasida veterinariya sohasidagi hamkorlik hamda yoshlar siyosati sohasida hamkorlik bo‘yicha memorandumlar loyihalari kelishuv va tasdiqlash bosqichida turibdi.

Ushbu ikki tomonlama shartnomalar tegishli tuzilmalar tomonidan ma’qullanib, ularning imzolanish sanasi va joyi ikki mamlakat tashqi ishlar idoralari tomonidan aniqlangandan keyin tuziladi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar bahsli chegara hududlaridagi qurolli to‘qnashuvdan keyin yomonlashdi. Mojaro natijasida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan, yuzlab odamlar turli darajalarda jarohat olgandi. Shuningdek, 300 dan ortiq uy va infratuzilma ob’ektlari vayron qilingan, ayrimlari yonib ketgan.

Shu munosabat bilan Qirg‘iziston tojikistonlik fuqarolar va transport vositalari uchun o‘z chegaralarini bir tomonlama yopib qo‘ydi.
Qirg‘iziston prezidentining iyun oyi oxirida Dushanbega rasmiy tashrifi va Tojikiston rahbari bilan o‘tkazgan muzokaralariga qaramay, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda alohida iliqlik sezilmadi. Masalan, Tojikistonning 60 ta yuk mashinasi Qirg‘izistonda uch oydan buyon ushlab turilmoqda, tojikistonliklar uchun Qirg‘iziston chegarasi yopiq qolmoqda.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, ikki tomonlama tojik-qirg‘iz munosabatlarining shartnoma-huquqiy bazasi 100 dan ortiq hujjatlarni o‘z ichiga oladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tojikiston va Qirg‘iziston o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun yangi shartnomalar tuzadi