10:19 / 03.12.2021
2 499

Turkmanistonda O‘zbekistondan qaytgan talabalardan karantin xarajatlari uchun pul yig‘ib olingan

Turkmanistonda O‘zbekistondan qaytgan talabalardan karantin xarajatlari uchun pul yig‘ib olingan
Foto: Depositphotos
26 noyabr kuni O‘zbekiston—Turkmaniston chegarasidagi ikkita «Xojayli—Kunya-Urganch» va «Shovot—Toshhovuz» nazorat-o‘tkazish punktlarining ishi qayta tiklandi. Buning sharofati bilan O‘zbekistondagi bir guruh turkmanistonlik talabalar vataniga qaytishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi «Xronika Turkmenistana».

Turkmanistonlik shifokorlar chegarani kesib o‘tgan talabalarda koronavirus testini o‘tkazgan, natijasi salbiy chiqqanlar uyga jo‘natilgan.

Shu bilan birga, «Xronika Turkenistana» muxbirlarining xabar berishicha, O‘zbekistondan turkmanistonlik talabalarning birinchi guruhi 9 noyabr kuni «Shovot» nazorat-o‘tkazish punkti orqali vataniga qaytgan edi.

Bu guruh Toshhovuz va Lebap viloyatidan bo‘lgan 12 nafar talabadan iborat edi. Koronavirus testi manfiy chiqqaniga qaramay, ular karantinga olingan. Karantinda qolishi uchun talabalarning ota-onasidan oziq-ovqat, ko‘rpa-to‘shak va sanitariya-gigiyena buyumlariga deb 4100 manat (davlat kursi bo‘yicha 1171 dollar yoki «qora bozor»ning amaldagi kursi bo‘yicha 170 dollar) talab qilingan.

Ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, farzandlarining nihoyat uyga qaytganidan xursand bo‘lgani uchun ular qarshilik ko‘rsatmagan. To‘lovlar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining rasmiy hisob raqamiga o‘tkazilgan.

Toshkentdagi Turkmaniston elchixonasi tomonidan tuzilgan ro‘yxatlar bo‘yicha talabalar guruhlarga bo‘lingan holda chegara punktlaridan o‘tishi mumkin. Agar guruhda Lebap viloyatining mahalliy aholisi ko‘proq bo‘lsa, o‘tish «Farob» punkti orqali amalga oshiriladi, agar Toshhovuzdan talabalar ko‘proq bo‘lsa, u holda «Shovat» orqali o‘tiladi.

Talabalarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Turkmaniston fuqarolari hali ancha. Ko‘pchilikning pasportlarida amal qilish muddati o‘tgan, lekin Turkmaniston konsulligi ularning muddatini uzaytirishga o‘z vaqtida e’tibor bermagan. Bu masala hal qilinmaguncha, ular Turkmanistonga qaytib keta olmaydi.

Vaholanki, uyga qaytish emas, balki O‘zbekistonda qolish imkoniyatini izlayotganlar ham bor. Masalan, ayrim turkmanistonliklar O‘zbekiston fuqarolari bilan oila qurmoqda, deb yozadi «Xronika Turkmenistana».

«Turkmanistonda ish yo‘q, u yerdan biror joyga ketishning ham iloji yo‘q. Bu borada O‘zbekiston ancha yaxshi», — deydi Buxoroda o‘qigan talabalardan biri.

Shuningdek, u vataniga qayta olmayotgan yoki qaytishni istamaydigan turkmanistonlik yigit-qizlar O‘zbekiston bozorlarida ko‘pincha farrosh, idish yuvuvchi, ofitsiant, xamir yoyuvchi bo‘lib ishlayotgani haqida gapirdi.

Iyul oyida Turkmaniston chegarachilari O‘zbekistondan qaytayotgan turkman talabalarini mamlakatga kiritmagani haqida xabar berilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkmanistonda O‘zbekistondan qaytgan talabalardan karantin xarajatlari uchun pul yig‘ib olingan