
Bombardimon qilingandan soʻng yonayotgan Irpen shahri (Kivey viloyati)
Foto: AP Photo
Ukrainada urush oʻn bir kundan buyon davom etmoqda. Butun dunyo bunga qarshi norozilik bildirmoqda, jumladan, 6 mart kuni Rossiya shaharlari boʻylab minglab odamlar koʻchalarga chiqdi — ulardan 4400 ga yaqini hibsga olindi. Ukrainada esa Mariupoldan va Kiev viloyatining Irpen shahridan tinch aholini evakuatsiya qilishga urinishlar muvaffaqiyatsiz tugadi. Rossiya tomoni Ukraina armiyasi evakuatsiyaga xalaqit berganini da'vo qilmoqda, Ukraina ommaviy axborot vositalari rus qoʻshinlari odamlarga qarata oʻq uzganini yozmoqda. Meduza 6 mart, urushning oʻn birinchi kunida Rossiya va Ukrainada yuz bergan asosiy voqealar hamda urush zonasidan olingan fotosuratlarni taqdim etdi.
Ukraina bilan urushga qarshi butun Rossiya boʻylab aktsiyalar oʻtkazildi. Ular Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Ekaterinburg, Qozon, Perm, Krasnoyarsk, Irkutsk, Kaliningradda — jami 50 dan ortiq shaharlarda boʻlib oʻtdi. «OVD-Info» ma'lumotlariga koʻra, kun yakuniga qadar politsiya toʻrt yarim mingga yaqin odamni hibsga olgan. Moskvaning oʻzida 1500 dan ortiq namoyishchi qoʻlga olingan. Politsiya shafqatsizlarcha yoʻl tutgan: hibsga olinganlarning bir qismini kaltaklagan, shovqin tarqatuvchi qurollardan foydalangan.

Foto: AFP
Moskvadagi aktsiya chogʻida qoʻlga olingan bir guruh odamlarni olib ketayotgan vagonli mashinalardan biri avariyaga uchradi. U boshqa mashina bilan toʻqnashib, ustunga urilgan va agʻdarilib ketgan. Odamlar tomdagi lyuk orqali vagondan chiqishga muvaffaq boʻlgan. Ulardan ba'zilari tibbiy yordamga murojaat qilgan.
Mariupol aholisini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yoʻlaklar haligacha ochilmadi. 5 mart kuni tinch aholini evakuatsiya qilish uchun «sukunat rejimi» boʻyicha kelishuvga erishilgandi, biroq jangovar harakatlar davom etdi va mojaro tomonlari bir-birini kelishuvlarni buzganlikda aybladi. 6 mart kuni Ukraina rasmiylari «sukunat rejimi» soat 10:00 dan 21:00 gacha qayta oʻrnatilishini, evakuatsiya esa 12:00 dan boshlanishini e'lon qildi. Ammo bu amalga oshmadi. Mariupolda jang qilayotgan Ukrainaning «Azov» polkining aytishicha, evakuatsiyaga Rossiya qoʻshinlari toʻsqinlik qilgan, ular oʻq uzishda davom etgan. Donetsk esa sukunat rejimini «tinch aholi kolonnasini otib tashlagan» «Azov» jangchilari buzganini da'vo qilmoqda.

Odamlar Irpendan qochishga harakat qilmoqda. Shahar Kievdan sakkiz kilometr uzoqlikda, Rossiya qoʻshinlarining Ukraina poytaxtiga harakatlanadigan yoʻlda joylashgan.
Foto: Reuters

Guvohlarning soʻzlariga koʻra, tinch aholini Irpendan evakuatsiya qilish harakatlariga qaramay, rus qoʻshinlari shaharni oʻqqa tutgan. Ukrainalik jurnalist Andrey Dubchakning aytishicha, ruslar shahardan chiqishning yagona yoʻli boʻlgan koʻprikni ataylab minomyotlagan.
Foto: Reuters

Ukraina nashrlari ham Rossiya qoʻshinlari tinch aholining evakuatsiyasi paytida ularga qarata oʻt ochgani haqida yozdi. Irpen meri Aleksandr Markushinning aytishicha, 8 kishi, jumladan, ikki bola halok boʻlgan.
Foto: Europa Press
Rossiya qoʻshinlari Xarkovga yangi aviazarbalar berishni boshladi. Ukraina ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Gerashchenkoning aytishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining Harbiy huquq-tartibot xizmati binosi va yaqin atrofdagi turar joy binolari, shuningdek, poliklinika va teleminoraga zarba berilgan. Ukraina harbiylarining da'vo qilishicha, Rossiyaning Su-25 samolyoti Xarkov osmonida urib tushirilgan, uchuvchi chap berishga ulgurmagan.

Ukraina armiyasi tomonidan yoʻq qilingan Rossiyaning yoʻltanlamas «Yoʻlbars» texnikasi Xarkov yaqinidagi oʻrmonda. Uning yonida rus askarining jasadi. Ayni paytda Xarkov ham Kiev ham Ukraina nazoratida.
Foto: AFP
6 mart kuni Vinnitsadagi aeroport Rossiya armiyasining nishoniga aylandi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 8 ta raketa hujumi natijasida aeroport butunlay vayron boʻlganini aytdi. Zelenskiy Gʻarb davlatlarini Ukraina osmonini parvozlar taqiqlangan hudud deb e'lon qilishga yana bir bor chaqirdi. Avvalroq NATO Rossiya bilan toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy toʻqnashuvga yoʻl qoʻymaslik uchun bundan bosh tortgandi.

Avtomobil ta'mirlash ustaxonasida ukrainalik Rossiya armiyasidan tortib olingan avtomatni ta'mirlamoqda
Foto: AFP
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning jangovar shay holatdagi samolyotlarining deyari barchasi yoʻq qilinganini ma'lum qildi. Vazirlik rasmiy vakili Igor Konashenkovning soʻzlariga koʻra, ikki kun ichida, 5—6 mart kunlari Ukraina harbiy-havo kuchlari 11 samolyot va ikkita vertolyotidan ayrilgan. Umuman olganda, «maxsus operatsiya» boshlangandan beri Rossiya Mudofaa vazirligi ma'lumotlariga koʻra, Ukrainaning 93 ta samolyoti, shuningdek, 778 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnikasi yoʻq qilingan.
Harbiy harakatlar sharoitida hatto rasmiy manbalar tarqatayotgan ma'lumotni ham tezda tasdiqlashning imkoni yoʻq.

Kievning sharqiy chekkasidagi barrikadalar
Foto: Getty Images

Kievdagi nazorat punktlaridan birida turgan hududiy mudofaa jangchisi
Foto: EPA

Ukraina askari Kiev yaqinidagi Brovari shahri sharqidagi qishloqda erkakni tintuv qilmoqda
Foto: AFP

Hududiy mudofaa jangchilari Kievning sharqiy chekkasidagi barrikadalarni qoʻriqlash davomida Molotov kokteyllari bilan shashka oʻynamoqda
Foto: Getty Images
Shuningdek, 6 mart kuni:
- Visa va Mastercard toʻlov tizimlari Rossiyadagi faoliyatini toʻxtatishini e'lon qildi. Ular oʻz qarorini Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va noaniq iqtisodiy vaziyat bilan izohladi. Rossiyada chiqarilgan Visa va Mastercard kartalari mamlakatda ishlashda davom etadi, chunki ular boʻyicha operatsiyalar Milliy toʻlov kartalari tizimida amalga oshiriladi. Kartalar chet elda ishlamaydi. Bundan tashqari, ular yordamida xorijiy onlayn-doʻkonlardan xaridlar uchun toʻlovlarni amalga oshirib boʻlmaydi.
- «Roskomnadzor» rus nashrlarining saytini ommaviy bloklashni davom ettirdi. «Mediazona», Republic, «7×7», «Pskovskaya guberniya», «Troitskiy variant», «Snob», «Sobesednik», «Agenstvo», Chelyabinskning «Lentachel», Novokuznetskning «Kuzpress», Permning «Zvezda» nashrlari sayti bloklandi.
- «Mediazona» tahririyati bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, nashr «Ukrainada boʻlayotgan voqealarni halol yoritgani va bosqinni bosqin, urushni esa urush deb atagani uchun» bloklangan. «Mediazona» faoliyatini davom ettirishga va'da berdi. U saytning oynasini yaratdi, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini sanab oʻtdi va nashrning elektron pochtasi borligini eslatdi.
Urushning 11-kuni1 Rossiya bo‘ylab aksiyalar1 Aholini evakuatsiya qilish1 Aholi o‘qqa tutildi1 Rossiya va Ukraina urushi Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar