date
views 4 546

Ukraina sobiq prezidenti Yanukovich amaldagi davlat rahbari Zelenskiyga murojaat yoʻlladi

Ukraina sobiq prezidenti Yanukovich amaldagi davlat rahbari Zelenskiyga murojaat yoʻlladi
Foto: «Topnews.ru»
Ukrainaga 2010-2014 yillarda rahbarlik qilgan Viktor Yanukovich mamlakatning amaldagi prezidenti Vladimir Zelenskiyga murojaat yoʻlladi, deb xabar beradi Rossiyaning «Novosti» axborot agentligi.

«Sizning koʻplab «maslahatchi»laringiz borligini bilaman, lekin siz har qanday shart bilan boʻlsa-da, qon toʻkilishini toʻxtatish va tinchlik bitimiga erishishga majbursiz. Ukraina, Donbass va Rossiya sizdan shuni kutmoqda», – deyiladi murojaatda.

V.Yanukovich Ukrainada boʻlayotgan hodisalardan qaygʻuda ekanini ta'kidlagani holda, Rossiya harbiylarining xatti-harakatiga baho berishdan tiyilgan.

2010 yilda Ukraina prezidenti etib saylangan Yanukovich Kremlga yaqin siyosatchi oʻlaroq ta'riflanadi. 2014 yili siyosiy inqiroz ortidan Ukraina parlamenti tomonidan hokimiyatdan chetlashtirilgan siyosatchi pirovardida Rossiyaga qochib ketgan. Hokimiyatdan chetlatilgach, unga qarshi bir qator jinoiy ishlar qoʻzgʻatilgan. 2015 yilning 4 fevralida Ukraina parlamenti uni mamlakat prezidenti unvonidan mahrum etgan. 2019 yil 24 yanvar kuni Kiev shahri Obolon tumani sudi V.Yanukovichni davlatga xiyonatda aybdor deb topib, unga 13 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

Soʻnggi kunlarda Kreml V.Yanukovichni yana Ukraina prezidenti qilishga urinayotgani haqida xabarlar paydo boʻldi. «Ukrainskaya pravda» nashri V.Yanukovich ayni paytda Belarus poytaxti Minskda ekani, Moskva uni prezident deb e'lon qilishga tayyorlanayotgani haqidagi taxminni ilgari surdi.

Kuni kecha ukrainalik deputat Ilya Kiva prezident Vladimir Zelenskiyga jismonan mahv etilmaslik uchun hokimiyatni Viktor Yanukovichga topshirishni taklif etdi.

Shu mazmundagi taklif avvalroq Checheniston prezidenti Ramazon Qodirov ogʻzidan ham chiqqan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina sobiq prezidenti Yanukovich amaldagi davlat rahbari Zelenskiyga murojaat yoʻlladi