
Odessadagi koʻchada tankka qarshi toʻsiqlar
Foto: AFP
Ukrainadagi urush oʻn sakkiz kundan beri davom etmoqda. Rossiya qoʻshinlari yangi aviazarbalar berdi — aviatsiya Yavoriv harbiy poligonini bombardimon qildi, u erda ilgari gʻarb instruktorlari Ukraina armiyasini shugʻullantirgan. Hujumda 35 kishi halok boʻldi, 134 kishi yaralandi. Vladimir Zelenskiy harbiy gospitalga borib, yaradorlar bilan uchrashdi. Ukraina shaharlari Rossiya hujumiga qarshi tayyorgarlik koʻrishda davom etmoqda — koʻchalarda tankga qarshi toʻsiqlar tobora koʻpayib bormoqda, odamlar rus mashinalarining gʻildiraklarini teshish uchun tikanaklar tayyorlamoqda. Meduza 13 mart, urushning oʻn sakkizinchi kunidan asosiy voqealar va fotosuratlarni taqdim qildi.
Mariupolda urush boshidan buyon 2187 kishi halok boʻlgan. Ushbu ma'lumotlar mahalliy hokimiyat tomonidan taqdim etilgan. Mariupol shahar kengashi, shuningdek, soʻnggi 24 soat ichida shaharga kamida 22 marta aviazarbalar berilgani, 100 ga yaqin bomba tashlanganini xabar qildi. Shahar kengashi ma'lumotlariga koʻra, rus qoʻshinlari «turar joy binolari, odamlar gavjum joylarni nishonga olgan holda zarba bermoqda, bolalar shifoxonalari va shahar infratuzilmasini butunlay vayron qilmoqda».

Ukrainalik harbiylar Mariupoldagi pozitsiyada. Bir haftadan koʻproq vaqtdan beri qamal qilinayotgan shaharning chekka qismi Rossiya armiyasi nazoratiga oʻtgan
Foto: AP Photo
Mariupol bir haftadan koʻproq vaqt davomida qamalda, undan chiquvchi barcha yoʻllar toʻsib qoʻyilgan. Bir necha kun oldin Mariupolni tark etgan va hozir uning chekkasida boʻlib turgan ukrainalik jurnalist Artem Popov shahardagi vaziyat haqida gapirib berdi:
Mariupolning bombardimon qilinishi mutlaqo tartibsiz, deb ayta olmayman, ammo shifoxonalar, maktablar va diniy muassasalar oʻqqa tutildi. Ular (Rossiya harbiylari) oʻt oʻchirish boʻlimlarini oʻqqa tutmoqda – tushunishimcha, bundan maqsad yongʻinlarni oʻchirishga imkon qoldirmaslik. Soʻnggi paytlarda 400 dan 1000 gacha odam boʻlgan bomba boshpanalariga aviazarbalar uyushtirildi. Odamlar ommaviy qabrlarga koʻmilmoqda. Oʻlgan odamlarning qoʻshnilari qaerda imkoni boʻlsa, shu joyga qabr qazib, ularni koʻmmoqda. Koʻchalarda oʻliklar juda koʻp.

Ukrainalik oʻt oʻchiruvchi Kiev chekkasida aviazarba oqibatida vayron boʻlgan oziq-ovqat ombori hududida.
Foto: AP Photo

Ukrainalik payvandchi rus qoʻshinlarining oldinga siljishini qiyinlashtiradigan yoʻl tikanaklarini yasamoqda. Lvov
Foto: AP Photo
Rossiyada urushga qarshi namoyishchilarni ommaviy hibsga olish davom etmoqda. Butun Rossiya boʻylab — Moskva, Sankt-Peterburg, Nijniy Novgorod, Chelyabinsk, Ufa, Novosibirsk, Irkutsk va boshqa shaharlarda 13 mart kuni urushga qarshi yangi aktsiyalar oʻtkazildi. Ularning ishtirokchilari darhol politsiya tomonidan hibsga olingan. Kun yakunida «OVD-Info» 800 dan ortiq qoʻlga olinganlar haqida xabar berdi. «OVD-Info» ma'lumotlariga koʻra, Ukraina bilan urush boshlangan 24 fevraldan beri Rossiyada urushga qarshi aktsiyalarda qariyb 15 ming kishi hibsga olingan.
Rossiya qoʻshinlari Ukrainaning Polsha bilan chegarasidan 25 kilometr uzoqlikdagi poligonga hujum qildi. 13 mart kuni ertalab Rossiya aviatsiyasi Lvov viloyati Yavorov tumani Starichi qishlogʻidagi Xalqaro tinchlikni saqlash va xavfsizlik markazini bombardimon qildi. Bu markaz Yavorov harbiy poligoni sifatida ham tanilgan. U Ukrainaning NATOga a'zo Polsha bilan chegarasidan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan. Poligonda ukrainalik harbiylar ilgari Gʻarb instruktorlari rahbarligida tayyorgarlikdan oʻtgan, biroq hozirda Ukraina rasmiylari u erda instruktorlar yoʻqligini aytdi.
Lvov viloyati rahbari Maksim Kozitskiyning aytishicha, rossiyalik harbiylar poligonga 30 ta raketa zarbasi bergan. Uning soʻzlariga koʻra, zarbalar tufayli kamida 35 kishi halok boʻlgan, yana 134 kishi jarohatlangan.

Lvov viloyatidagi Yavorov harbiy poligoniga berilgan aviazarba oqibatlari
Foto: Reuters

Yavorov harbiy poligonida yaralangan odam tez yordam mashinasidan tashqariga qarab turibdi
Foto: Reuters

Vladimir Zelenskiy Kievdagi harbiy gospitalda yotgan yaradorlarni borib koʻrdi
Foto: Ukraina prezidentining matbuot xizmati
Rossiya Mudofaa vazirligining ta'kidlashicha, rus qoʻshinlari Lvov viloyatida «xorijiy yollanma askarlar» joylashgan ob'ektlarga zarbalar bergan, ulardan kamida 180 nafari halok boʻlgan, shuningdek, Ukrainaga xorijdan keltirilgan qurollarning katta partiyasi yoʻq qilingan. Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Igor Konashenkov «Ukraina hududiga kelgan xorijlik yollanma askarlarni yoʻq qilish davom etadi», deb va'da berdi.
Ukraina mudofaa vazirining maslahatchisi Markiyan Lubkivskiy Rossiya tomonining mazkur bayonotiga munosabat bildirib, 180 nafar xorijlikning halok boʻlgani toʻgʻrisidagi ma'lumot haqiqatga toʻgʻri kelmasligini aytgan. «Bu haqiqiy Rossiya propagandasi», — deydi u CNN’ga bergan intervyusida. Uning ta'kidlashicha, «Yavorovskiy» poligonida halok boʻlganlar orasida xorijliklar yoʻq.
Rossiyaning Polsha chegarasi yaqinidagi poligonga zarbasidan soʻng, AQSh milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Jeyk Sallivan agar Rossiya NATOga a'zo biror davlat hududiga «bir martagina oʻt ochsa ham», alyans «bor kuchi bilan» javob qaytarishini aytdi.
Harbiy harakatlar sharoitida hatto mojaro ishtirokchilarining rasmiy vakillari tomonidan tarqatilgan ma'lumotlarni tekshirish imkonsiz.

Irpendagi ukrainalik harbiylar
Foto: AFP

Kiev viloyati, Yasnogorodka posyolkasi oʻt ochishlardan soʻng
Foto: Sipa Press
Ukraina va Rossiya navbatdagi muzokaralarda muvaffaqiyatga erishishni va'da qilmoqda. Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak shunday dedi: «Bizning talablarimiz — urushni tugatish va Rossiya qoʻshinlarini olib chiqib ketish. Bu jarayon va muloqot haqida tushuncha borligini koʻryapman». Uning ta'kidlashicha, Ukraina muzokaralarda oʻz pozitsiyasidan chekinmoqchi emas. «Tushunish uchun. Muzokaralarda Rossiya vakillari endi ultimatum sifatida nimadir demayapti, balki bizning takliflarimizni diqqat bilan tinglamoqda», — deya qoʻshimcha qildi Podolyak.
Muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi tarkibida boʻlgan Davlat Dumasining Xalqaro ishlar qoʻmitasi rahbari Leonid Slutskiy yaqin kunlarda imzolash uchun muayyan hujjatlar tayyorlanishi mumkinligini aytdi. U gap qanday hujjatlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.
Belarusda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari oʻrtasida muzokaralarning uchta raundi boʻlib oʻtgan. Ular sezilarli natija bermadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma'lum qilishicha, toʻrtinchi raund 14 mart kuni videoaloqa shaklida oʻtkaziladi.

Irpen shahridagi vayron qilingan koʻprik ustida oziq-ovqat aravasini sudrab ketayotgan koʻngilli
Foto: AFP

Irpenlik fuqaro evakuatsiyaga yordam berib, maktab ostidagi bomba boshpanasida biror kim qolib ketmaganini tekshirmoqda
Foto: LA Times
Frensis Fukuyama: Rossiya urushda yutqazishi muqarrar
Amerikalik faylasuf, siyosatshunos va iqtisodchi Frensis Fukuyama American Purpose jurnali uchun «Preparing for Defeat» («Magʻlubiyatga tayyorgarlik») sarlavhali maqola yozdi, unda muallif Rossiya Ukraina bilan urushda magʻlub boʻlishini, bu «toʻsatdan va halokatli» boʻlishini bashorat qilgan. Fukuyamaning soʻzlariga koʻra, qaysidir vaqtga kelib Rossiya Ukrainadagi qoʻshinlarini ta'minlay olmaydi, Vladimir Putin esa ularni olib chiqishga jur'at etolmaydi.
«Putin oʻz armiyasining magʻlubiyatidan omon qolmaydi. U hozir qoʻllab-quvvatlashlardan zavqlanyapti, chunki uni «kuchli odam» deb tushunishmoqda. U oʻzining qobiliyatsizligini koʻrsatib, zoʻravonlik asosida kuchini yoʻqotgan paytda nimani taklif qilarkan?» — deb yozadi Fukuyama.

Ukrainalik askar Irpendagi xaroba koʻprik ostida tashlab ketilgan bolalar aravachasida dam olmoqda
Foto: AFP

Ukraina askarlari artilleriya oʻqlaridan yashirinmoqda. Irpen
Foto: AP Photo “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar