00:06 / 19.06.2022
1 201

Qanday qilib to‘g‘ri xaridni amalga oshirsa bo‘ladi? Markaziy bankdan 10 tavsiya

Qanday qilib to‘g‘ri xaridni amalga oshirsa bo‘ladi? Markaziy bankdan 10 tavsiya
Markaziy bank Finlit loyihasi doirasida uy-ro‘zg‘or mahsulotlari xaridini to‘g‘ri amalga oshirish bo‘yicha 10 tavsiya berdi.

Bir haftalik menyu tuzing
Qachon va nima tayyorlashni aniq bilsangiz, aynan qaysi mahsulotlar xarid qilishingiz kerak ekanligini, qaysilari esa muzlatkichda bor ekanligini aniqlashingiz ancha oson bo‘ladi.

Rejalashtirishga biroz vaqt va kuch sarflash sizni o‘ylovsiz xaridlar qilishdan saqlab qoladi hamda kechga nima ovqat qilish haqida bosh qotirishdan bir haftaga ozod qiladi.

Zarur mahsulotlar ro‘yxatini tuzing
Sizning xotirangiz mukammal bo‘lgan taqdirda ham, bu mavzuda unga ishonish tavsiya etilmaydi. Sotib olish kerak bo‘lgan mahsulotlarni qog‘ozga yoki mobil telefoningizga yozib oling.

Do‘konga borishdan avval tamaddi qilib oling
Qorni och bo‘lgan odamni turli oziq-ovqat mahsulotlari «o‘ziga maftun» qilishi juda oson, u o‘z savatchasini jadallik bilan to‘ldirib boradi.
Hattoki olimlarning bu bo‘yicha hisob-kitoblari bor: agar do‘konga borishdan avval tanovul qilmasak, qornimiz to‘q paytga nisbatan o‘rtacha 64 foizga ko‘proq pul sarflar ekanmiz.

Faqat aniq rastalar bo‘ylab yuring
Agar sizga non mahsulotlari, sabzavotlar yoki go‘sht zarur bo‘lsa, to‘g‘ri non mahsulotlari, sabzavotlar hamda go‘sht rastalariga boring.
Do‘kon bo‘ylab shoshmasdan sayr qilish sizni ro‘yxatda bo‘lmagan mahsulotlarni sotib olishga undaydi.

Eng pastki va eng yuqori javonlarda turgan mahsulotlarga e’tibor bering
Javonlarda ko‘z darajasida bo‘lgan joylar eng qimmat mahsulotlar uchun ajratiladi. Shu sababli qulayroq narxdagi mahsulotlarni topish uchun pastroqqa qarash tavsiya etiladi.

Yorliqlarni o‘qing
Mahsulot sotib olayotganda yaroqlilik muddati, ishlab chiqarilgan sanasi, saqlash talablari va, albatta, tarkibiga e’tibor qarating.

Shu orqali siz yaroqlilik muddati tugagan mahsulot xarid qilmaysiz, oilaviy budjetni tejab qolasiz va sog‘lig‘ingiz to‘g‘risida qayg‘urgan bo‘lasiz.

Ma’lum tovarlarga e’lon qilingan aksiya talablarini tekshirib ko‘ring
Sariq rangdagi narx yorliqli mahsulotlar siz uchun jozibador bo‘lsa, ushbu mahsulotni tanlash jarayoniga e’tiborliroq bo‘ling. Birinchidan, tovarning yaroqlilik muddatini tekshirib ko‘ring.

Ikkinchidan, aksiya shartlarini tekshirib ko‘ring. Balki aksiya ushbu mahsulotdan faqat uch dona xarid qilganda amal qilishi mumkin.

1 kg uchun tovar narxini hisoblang
Ba’zi do‘konlarda mahsulot yorliqlarida 100 gr tovar uchun narx yozilishi mumkin. To‘g‘ri hisob-kitob uchun 1 kg tovar narxini hisoblash zarur.

Aynan shu summa tovarning real narxi to‘g‘risida aniqroq ma’lumotga ega bo‘lishingizga va mavjud bir nechta variantlar orasidan eng yaxshisini tanlashingizga yordam beradi.

Ikkinchi, uchinchi qatorda joylashgan tovarlarni tanlang
Deylik, siz bir haftalik tvorog sotib olmoqchisiz. Do‘konda esa faqat yaroqlilik muddati ikki kundan so‘ng tugaydigan tvoroglar bor. Ikkinchi, uchinchi qatorda joylashtirilgan tvoroglarga qarang.

Sotuvchilar nisbatan yangi mahsulotlarni orqaroqqa joylashtirishadi va bu mantiqan to‘g‘ri: shunday qilib xaridorlar birinchi yaroqlilik muddati yaqin orada tugaydigan mahsulotlarni sotib olishadi.

Kassa yonidagi rejalashtirilmagan xaridlardan ehtiyot bo‘ling
Kassa atrofi rejalashtirilmagan xaridlar uchun xavfli hudud hisoblanadi. Navbatda turishdek yoqimsiz jarayon o‘zingizni shirinliklar bilan siylashga yaxshi sabab bo‘lishi mumkin va buning uchun kassa yonida shirinliklar bilan to‘la stendlar joylashgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qanday qilib to‘g‘ri xaridni amalga oshirsa bo‘ladi? Markaziy bankdan 10 tavsiya