Muhabbatning ona va buvilarimiz bilmagan 7 muammosi

Mobil telefonlar va internet sevishganlarni ajdodlaridan ko‘ra ko‘pgina muammolardan xalos etdi, deb xabar beradi “Sosmopolitan” nashri.
Ilgarilari muloqot qilish uchun sevishganlarda bunday imkoniyatlar bo‘lmagan. Uchrashuvga chiqqan yigit qizni kutadi, ammo yigit ketib qolgandan keyin bir necha daqiqa o‘tar-o‘tmas qiz keladi... Yigit qizning manzili yozilgan xatchani cho‘ntagidan olishni unutib, shimini yuvadi va qizni bir umrga yo‘qotadi... Yigit Shimolga ketadi va shu bilan aloqa uziladi... Hozirda bu voqealarning barchasi o‘tmishda qolgan. Yangi texnologiyalarga o‘rgangan yangi avlod bunday voqealarni tasavvur ham qilolmaydi. Ammo ularning ham o‘ziga xos muammolari mavjud, marhamat ular bilan tanishing.
1. Unga tez-tez SMS xabar yozmang
Amerikada o‘tkazilgan tadqiqot va so‘rovnomalar natijasida yigitlar sevgan qizidan bir kunda 5 tadan ortiq SMS xabar olishni istamasliklari aniqlangan. Boshqa mamlakatning kuchli jins vakillari ham amerikaliklardan qolishmas ekan. Bema’ni xabarlarni dunyoning hamma joyida ham yoqtirishmaydi.
2. Shoshilinch xulosa chiqarmang
O‘tgan asrda sevgan yigiti bilan urushib qolgan qiz unga xabar yuborish uchun ruchka, bir varaq qog‘oz, konvert, marka topishi lozim bo‘lardi. U xatni yozib bo‘lgach, yuborish uchun pochtaga borishi, ammo yo‘l davomida fikridan qaytish imkoni ham mavjud edi. Hozirgi zamonda esa yigiti bilan urushib qolgan qiz telefoniga qo‘l uzatsa bas... Har qanday sharoitda ham shoshilinch xulosa chiqarmay, o‘zingizni qo‘lga olsangiz, olam guliston!
3. Ijtimoiy tarmoqdagi ochiq suratlar
Ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizga ochiq-sochiq kiyimdagi suratingizni joylashtirganmisiz? Har qanday yigit sevgan qizining go‘zalligidan faxrlanadi. Ammo ular bu go‘zallikdan boshqalarning ham bahramand bo‘lishini istamaydilar.
4. Siz turmush o‘rtog‘ingizga unchalik yoqmaydigan sahifaga "layk" bosdingiz
Tasavvur qiling, siz "Haqiqiy erkaklar kamayib ketgan" yoki "Shaharning eng ko‘rkam erkaklari rasmlari" kabi guruhga "Layk" bosdingiz. Bu xuddi sizning turmush o‘rtog‘ingiz "Ayollarning insoniyatga zarari" yoki "Shahardagi intim xizmatlar" guruhiga a’zo bo‘lganidek gap.
5. Telefonsiz ham yashasa bo‘ladi
Ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan suratlaringizga necha kishi “layk” bosganini ko‘rish uchun hatto vannaga ham telefon ko‘tarib kiradigan bo‘lsangiz, turmush o‘rtog‘ingiz birortasi bilan yashirincha xat yozishyapti degan shubha-gumonga borishi mumkin.
6. Uydagi gapni ko‘chaga tashimang
O‘ylamay qilingan ish tufayli odam o‘ziga ko‘pgina ko‘ngilsizliklarni orttirib olishi mumkin. Jahl kelganda, aql ketadi deyishdi. Sevgan insoningiz bilan orangizdagi munosabatlar haqida olamga jar solmang, nima bo‘lgan taqdirda ham bu faqat ikki kishiga tegishlidir, undan boshqalarning ham xabar topishi shart emas. Hech qachon sevgan insoningiz bilan bo‘lgan nizolarni ijtimoiy tarmoqda muhokama qilmang.
7. Tushunmovchiliklarga olib keladigan munosabatlar statusi
Ba’zilar uchun ijtimoiy tarmoqdagi statusi bosh qotiradigan narsa bo‘lib tuyulmasa, ba’zilar uchun jahonshumul ahamiyatga ega bo‘ladi. Ba’zilar ataylab, boshqalarni o‘ziga jalb etish uchun statuslariga shunday so‘zlarni yozishsa, ba’zilar esa sevgan insoni bilan “Nima uchun men haqimda statusingizda yozmadingiz? Demak meni sevmaysiz!” deb janjal ko‘taradi. Shuning uchun statusga biror nima yozayotganda ehtiyot bo‘lib, etti o‘lchab, bir kesib yozing.
Manba: Darakchi.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing