Yuzda va ko‘z atrofidagi turli xil dog‘lar barcha ayollar uchun muammodir. Har holda kayfiyatga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Nima uchun pigment dog‘lari paydo bo‘ladi, ularni yo‘q qilish mumkinmi?
Inson terisining rangi shox pardaning qalinligi, teriosti yog‘ to‘qimasi va eng muhimi, organizmda ishlab chiqariladigan melanin pigmentiga — qora-jigarrang — eumelanin va sariq-qizil — feomelaninga bog‘liq. Aynan ularning nisbati terining rangi och (oq) yoki to‘q (qora) bo‘lishini ta’minlaydi.
Lekin nega teri haddan tashqari qorayadi va yuzasida xunuk dog‘lar paydo bo‘ladi? Ulardan qanday qutulish mumkin? Bu haqda dermatovenerolog Marina Savkina batafsil bayon qiladi.
Nima uchun terida pigment dog‘lar paydo bo‘ladi?
Aksar odamlarda teri pigmentatsiyasi bir tekis taqsimlanadi, ammo muvozanat buzilgan holatlar ham uchrab turadi. Giperpigmentatsiya esa butunlay boshqacha. Tug‘ma (unga nevus ya’ni xollar kiradi) va hayot davomida orttirilgan bo‘ladi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, turli teri lezyonlari pigment shakllanishining kuchayishi — melanogenezga olib keladi. Shuningdek, pigment dog‘larning sabablari:
- travmalar, yallig‘lanish va hatto, stress;
- kombinatsiyalangan kontratseptivlarni og‘iz orqali qabul qilish;
- qalqonsimon bez va tuxumdon kasalliklari;
- addison kasalligi;
- o‘sma jarayonlari.
Dog‘lar paydo bo‘lishida quyosh nurining ta’siri
Pigmentatsiya, terining shikastlanishi va erta qarish paydo bo‘lishining asosiy omili ultrabinafsha nurlarining ta’siridir. Quyosh nuridan kelib chiqadigan eng qo‘rqinchli asorat — o‘sma neoplazmalardir. Quyosh nuri to‘g‘ridan to‘g‘ri tushadigan joylarda quyosh lentigosi paydo bo‘ladi. Bular diametri 5 millimetrdan oshmaydigan, tananing ochiq joylarida paydo bo‘ladigan zararsiz pigmentli dog‘lardir. Vaqt o‘tishi bilan lentigo o‘choqlari hajmi kattalashib, boshqalariga birlashishi mumkin. Bunday dog‘larning rangi odatda jigarrang bo‘lib, rang intensivligi mavsumga qarab o‘zgarmaydi. Quyosh lentigosi ko‘proq keksa ayollarda uchraydi.
Kasalliklar terida dog‘larni keltirib chiqaradimi?
Yallig‘lanishdan keyingi pigmentatsiya husnbuzar, atopik dermatit va boshqa teri kasalliklari bilan hasharot chaqishi, shuningdek, pityriasis versicolor bakterial teri lezyonlaridan keyin paydo bo‘ladi. Dog‘lar fotosensibilizatsiya qiluvchi dorilarni qabul qilish natijasida ham paydo bo‘lishi mumkin.
Oziqlanish bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lganda
Kamdan kam hollarda pigmentatsiya muammosi ferment faolligiga va pigment shakllanishiga ta’sir qiluvchi ozuqa moddalarining yetishmasligi tufayli yuzaga keladi. Masalan: B1, B2, C vitaminlari, mis, temir, sink kabi. Umuman olganda, sog‘lom holatda organizm melanin sintezi uchun yetarli miqdorda zarur vitamin va minerallar oladi.
Ba’zan bu organizmning o‘ziga xos xususiyati bo‘lishi mumkin
Sepkillar genetik pigmentatsiya hisoblanadi. Ularning melanotsitlari terida bir tekisda emas, balki guruh-guruh bo‘lib tananing ochiq joylarida mavsumiy ravishda paydo bo‘ladi. Boshqacha aytganda, teridagi sepkil egalarining terisi himoyasiz qolgan “teshiklar”ga ega va o‘sha ochiq joylarda sepkil hosil bo‘ladi.
Periorbital giperpigmentatsiya ko‘z atrofidagi dog‘larning sababi irsiy omil yoki kasalliklar, masalan, atopik dermatit yoki allergiya bo‘lishi mumkin.
Yuzdagi pigment dog‘larni yo‘qotsa bo‘ladimi?
Melanogenez, pigment hosil bo‘lishi murakkab jarayondir. Bunda faqatgina terining o‘zi ishtirok etmaydi, organizmdagi turli jarayonlarning bir qismi sanaladi. Shuning uchun dog‘ tushgan teri bilan kurashish qiyin kechadi. Avval o‘zgarishlarga nima sabab bo‘lganini aniqlash, pigmentning chuqurligini o‘rganish zarur. Davolashning samaradorligi bunga bevosita bog‘liq. Dermatolog buni dermatoskop yordamida bajaradi.
Shuning uchun terida qora dog‘lar paydo bo‘lganda o‘z vaqtida yuqori sifatli ko‘rikdan o‘tish nihoyatda muhimdir. Ayniqsa, ular o‘simta yoki gormonal kasalliklar rivojlanishining natijasi bo‘lsa.
Ba’zan umumiy qon tahlilini o‘tkazish, temir va ferritin darajasini baholash uchun tadqiqot o‘tkazish, endokrinolog va terapevtdan maslahat olish kerak. Lozim bo‘lsa, terining biopsiyasini oling. Agar asosiy kasallik nazorat ostiga olinsa, bu teri holatining yaxshilanishiga olib kelishi mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring