Kambag‘al immigrant oilasida tug‘ilgan Naval Ravikant — Uber, Twitter investori va “investitsiya tinderi”ning yaratuvchisi 15 yoshida hind taomlarini yetkazib beruvchi noqonuniy ovqatlanish xizmatida ishlay boshlaydi.
Bugun u milliarder va Silikon vodiysidagi eng mashhur odamlardan biri. “Ayni shu joyda va hozir yasha” filmida Naval Ravikant har qanday odam boylikka erishishi mumkinligini isbotlovchi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi. Keling, ulardan ba’zilari haqida gaplashamiz.
Pul topish bu — mahorat. Buni o‘rganish mumkin
“Agar barcha pullarimni yo‘qotib qo‘ysam-u, siz meni ingliz tilida so‘zlashadigan istalgan mamlakatdagi tasodifiy ko‘chaga tashlab qo‘ysangiz, 5-10 yildan keyin yana boyib ketaman. Chunki bu men o‘zlashtirgan ko‘nikmalar to‘plami. Bu har kim o‘rganishi mumkin bo‘lgan narsa”, — deydi Naval Ravikant.
Milliarder har kim boy bo‘lishni o‘rganishi mumkinligiga ishonchi komil. Buning uchun qattiq ishlash shart emas. Boy bo‘lish uchun nima qilish kerakligini tushunish muhim. Boshqalar kabi emas, balki tizimga qarshi suzishni o‘rganing va har bir qadamingizni tahlil qiling.
Pulni emas, boylikni izlang
Pul va boylik o‘rtasidagi farq nima? Boylik uxlayotganingizda yoki dam olganingizda ham pul ishlashingizga yordam beradi. Bular siz uchun ishlaydigan aktivlar. Pulni emas, boylikni qidiring.
Ishchi bo‘lib boyib bo‘lmaydi. Chunki siz o‘zingizni va vaqtingizni ijaraga olyapsiz. Moliyaviy erkinlikni passiv daromad bilan birga olish mumkin. Haqiqiy boy shifokor xususiy klinika ochadi, sartarosh esa o‘zining go‘zallik salonini ochadi. O‘zingiz uchun kapital toping — biznesning bir qismi va ishchi bo‘lib pul topishni to‘xtating.
Jamiyatga ular xohlaydigan narsani bering
Stiv Jobs birinchi bo‘lib odamlarga smartfonlar — telefonlar emas, balki chiroyli va ishlatish uchun qulay bo‘lgan kichik cho‘ntak kompyuterlari kerakligini tushundi.
Jamiyatga nima kerakligini taxmin qilsangiz, siz ham boyib ketishingiz mumkin. Va o‘zingizning muvaffaqiyatli g‘oyangizni yoki mahsulotingizni kengaytira olasiz. Odamlarga nima berishingiz mumkinligini o‘ylab ko‘ring va bunga e’tiboringizni qarating.
O‘zingizga yoqadigan va erishish mumkin bo‘lgan ishni qiling
Bolalik va o‘smirlik chog‘ingizda hech qanday qiyinchiliksiz va katta zavq bilan nima qilganingizni eslang. Siz buni mahorat deb hisoblamasligingiz ham mumkin. Ammo atrofdagilar qobiliyatingizni payqashadi. Bu har qanday narsa bo‘lishi mumkin. Misol uchun, gitara chalishni osonlik bilan o‘rgangansiz. Kimdir epchillik bilan stol o‘yinlarida hammani mag‘lub etadi. Kimdir ilmiy fantastikani yaxshi ko‘rardi va o‘zining kitobini yozdi. Kimdir jurnalist bo‘lishni orzu qiladi.
Ota-onangiz yoki bolalikdagi eng yaqin do‘stingiz bilan gaplashib, qaysi ko‘nikmalarni osongina o‘zlashtirishingiz, o‘zingizning noyob va yaxshi haq to‘lanadigan bilimingizga aylanishingiz mumkinligini aniqlang.
O‘rganishdan to‘xtamang
Ilgari bir necha yil davomida universitetda ma’ruzalarga borish shart edi. Ammo hozir dunyo juda tez o‘zgarmoqda. O‘qishni bitirguningizcha bilimlar eskiradi. Boy bo‘lishga yordam beradigan eng muhim mahorat bu — doimiy o‘qishga tayyorlik.
Sotishni o‘rganing. Yaratishni o‘rganing. O‘rganishni o‘rganing. Hech qachon rivojlanishdan to‘xtamang. Qilayotgan ishingizda dunyodagi eng yaxshisi bo‘ling. Mikroiqtisodiyot, o‘yin nazariyasi, psixologiya, ishontirish, etika, matematika va kompyuterni o‘rganing.
Bir necha oy ichida yangi kasbni o‘rganing. Bir necha yil ichida u eskiradi. Ammo bu yillarni unumli o‘tkazsangiz, boyib ketishingiz mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring