Biz sevib isteʼmol qiladigan qahva ichimligi baʼzan ortiqcha kilogrammlarni yo‘qotishga yordam berishi, baʼzan esa aksincha semirishga sabab bo‘lishi mumkin. Buning aynan nimalarga bog‘liq ekanligini sizga batafsil tushuntiramiz.
Shifokorlarning taʼkidlashlaricha, qahva – salomatlik uchun xavfsiz ichimlik emas. Misol uchun, uning yurak salomatligi uchun jiddiy zarari bor: qahva organizmda adrenalin miqdorini oshirib yuboradi, uni tezroq urishga majbur qiladi. Tinmay qahva ichish qad-qomatingizga ham salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Qahva – parhezdagilar do‘stimi yoki dushmani?
Ayrim holatlarda qahva semirishga emas, ozishga yordam beradi:
– Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, qahva ichish organizmdagi ko‘plab jarayonlarni, jumladan metabolizmni tezlashtiradi. Metabolizmning tezligi esa ozishga taʼsir ko‘rsatuvchi asosiy omil sanaladi. Organizmda moddalar almashinuvi jarayoni qanchalik tez bo‘lsa va oshqozon isteʼmol qilingan taomni qanchalik tez hazm qilsa, semirish ehtimoli shuncha kamayadi.
– Qahva tarkibidagi kofein ochlik hissi uchun javob beruvchi grelin gormoni miqdorini kamaytiradi. Kuniga 1-2 finjon qahva ichadigan odamlarni ochlik hissi boshqalarga nisbatan kamroq bezovta qiladi.
Qahva qachon ortiqcha vaznga sabab bo‘ladi?
Qahva “yoqimli” qo‘shimchalarsiz isteʼmol qilinganda, ozishingizga yordam berishi mumkin. Bunday holatda uning ozuqaviy qiymati haddan tashqari ko‘tarilib ketmaydi: misol uchun,
- 30 ml espresso o‘zida 7 kkal,
- 100 ml qora qahva 2 kkal.ni saqlaydi.
- 300 ml kapuchinoning ozuqaviy qiymati qo‘shimchalar hisobiga 90 kaloriya,
- 300 ml lattening ozuqaviy qiymati 150 kaloriya yoki
- 300 ml frappuchinoning ozuqaviy qiymati 400 kaloriyaga teng bo‘ladi.
Bu holda ortiqcha vazndan xalos bo‘lish qiyin masalaga aylanadi. Agar qahvaga ko‘pirtirilgan qaymoq va sirop ilova qilingan bo‘lsa, unga yana 100-200 kaloriya qo‘shildi deb hisoblayvering.
Qahvaning kaloriyasi yuqori bo‘lib ketmasligi uchun muhim tavsiyalar
– Qahvani shirinlik bilan birga isteʼmol qilmang – bunday “yengil” tamaddi o‘zida 500-1000 kaloriya saqlaydi.
– Siroplardan voz keching. Ularning kaloriyasi haddan tashqari yuqori, sirop o‘rniga qahvaga dolchin yoki qirg‘ichdan o‘tkazilgan shokolad qo‘shganingiz maʼqul.
– Shakar – har doim ham zararli emas. Uning kaloriyasi sirop yoki ko‘pirtirilgan qaymoqqa nisbatan kamroq.
Kuniga qancha qahva ichish mumkinligi masalasiga kelsak, bir kunlik miqdor 300 ml dan oshmagani maʼqul. Bu yerda gap kam kaloriyali qahva haqida borayotganini ham unutmang. Qahva isteʼmoliga mukkasidan ketish nafaqat qad-qomatingiz, balki salomatligingiz uchun ham zararlidir.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring