“Bekxem” hujjatli seriali namoyish etilganidan keyin internet foydalanuvchilari afsonaviy futbolchining rafiqasi Viktoriya Bekxemning sirkali parhezi retseptini izlay boshlashdi. Viktoriya 2017-yildayoq ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali har kuni tongda och qoringa 2 oshqoshiq olma sirkasini ichishi haqida maʼlum qilgan. Dizayner ushbu usuldan nima uchun foydalanishini aytib o‘tmagan bo‘lsa-da, u internetda qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi. Biz ham sizga bu kabi usullarni ko‘r-ko‘rona qo‘llab ko‘rishdan avval olma sirkasi isteʼmoli organizmga qanday taʼsir ko‘rsatishini yaxshilab tushunib olishni maslahat beramiz.
Olma sirkasi ushbu meva sharbatining fermentatsiyasi jarayonida ishlab chiqariladi (uning 95 foizini suv, 5-6 foizini sirka kislotasi tashkil etadi). Olma sirkasi tarkibida bir nechta fermentlar va probiotik bakteriyalardan boshqa hech narsa yo‘q, foydali moddalar haqida esa gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.
Olma sirkasining ayrim afzalliklari
Klinik tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, olma sirkasi qondagi qandning uglevodlarga taʼsirini kamaytiradi va organizmning insulinga nisbatan taʼsirchanligini yaxshilaydi. Ammo ushbu xulosalar tadqiqotlarning boshlang‘ich bosqichlarida taqdim etilgan, shuning uchun ham ekspertlar olma sirkasi masalasida aniq fikr aytishga shoshilmaydilar.
Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan yana bir nechta tadqiqotlar natijasida olma sirkasi ovqatdan keyin o‘zingizni to‘q his qilishga yordam berishi isbotlangan. Ammo uzoq muddat davom etgan tajribalarda buning aksi qayd etilgan. Ekspertiza tekshiruvlari olma sirkasi mikroblarga qarshi kurashish xususiyati hisobiga ichaklar salomatligiga ijobiy taʼsir qilishini ko‘rsatgan.
Nazariy jihatdan olma sirkasini har kuni och qoringa ichish oshqozon buzilishlari va kislota reflyuksi belgilarini yengillashtirishga yordam beradi. Ammo buni to‘liq isbotlaydigan dalillar hozircha mavjud emas.
Agar siz ham olma sirkasi ichishga qaror qilgan bo‘lsangiz, uning tarkibida katta miqdorda kislota saqlanishi, kislota tishlar emalini yemirib yuborishi va ovqat hazm qilish trakti ishini izdan chiqarishi mumkinligini yodda tuting. Shuning uchun ham ekspertlar sirkani suv bilan aralashtirib ichishni, tishlar emali zararlanmasligi uchun sirkani ichib bo‘lgach, tishlarni darhol tozalashni maslahat berishadi.
Olma sirkasining zarari
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, sirka tarkibida katta miqdorda kislota saqlanadi, u tomoq va qizilo‘ngachning nozik to‘qimalarini osongina zararlaydi. Shifokorlar tish emali bilan bog‘liq muammolari yoki kislota reflyuksi bor odamlarga olma sirkasini isteʼmol qilishni mutlaqo taqiqlashadi.
Olma sirkasini qachon ichish mumkin?
Mutaxassislarning aytishlaricha, biz isteʼmol qilayotgan hech bir mahsulot qon yoki organizmdagi kislota muvozanatiga taʼsir ko‘rsata olmaydi. Organizmning murakkab tizimlari ushbu jarayonlarni o‘ta ehtiyotkorlik bilan nazorat qiladi, shuning uchun ham qondagi pH miqdorining o‘zgarishi halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shunga qaramasdan, organizmning olma sirkasiga nisbatan reaksiyasini tekshirish fikridan qaytmagan bo‘lsangiz, bu ishni amalga oshirishdan avval terapevt bilan maslahatlashishni tavsiya qilamiz. Tajribani suv bilan aralashtirilgan bir oshqoshiq olma sirkasidan boshlashingiz mumkin. Ammo uni och qoringa ichishga shoshilmang. Sirkani nonushtadan keyin isteʼmol qiling. Va o‘sha eski qoidani unutmang: hech narsa salomatligingizga sog‘lom uyqu, to‘g‘ri ovqatlanish va sport mashg‘ulotlarichalik foyda keltira olmaydi...
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring