18:23 / 23.10.2024
68

Fastfud taomlar haqida siz bilmagan 6 ta qiziqarli fakt

Fastfud taomlar haqida siz bilmagan 6 ta qiziqarli fakt
Fastfudlar qanchalik tanqid qilinmasin, ko‘pchiligimiz vaqti-vaqti bilan ulardan tanovul qilish uchun maxsus restoranlarga boramiz. Axir u yerda tez va arzon narxga to‘yimli yegulik sotib olish mumkin. Ushbu maqolada kotletlardagi gril chiziqlari haqiqiymi, aroma marketing nima, faqat burger iste’mol qilib qancha yashash mumkin ekanligi va boshqa qiziqarli faktlarni keltiramiz.

Burgerlar uchun tayyorlanadigan kotletdagi gril izlari haqiqiy emas

Foto: Lifehacker.ru
Burger kotletlari ko‘rinishi va isi bilan juda ham ishtahani ochadi: mazali, ajoyib hidli va gril izlari qolgan kotletlar kimga ham yoqmaydi? Axir aynan olovda pishirilgan go‘sht tovada qovurgandan ko‘ra mazaliroq bo‘ladi.

“Ammo bu chiziqlar aslida haqiqiy emas, deydi professional fud-stilist Klaudiya Fikka. — Chiziqlar go‘shtni qayta ishlash zavodlarida qo‘yiladi”.

Kotlet yumshoq chiqishi uchun maxsus eritmalar purkaladi va Stein CM II Charmaker kabi mashinada gril chiziqlariga o‘xshash qismni qaynoq havo oqimi bilan kuydiradi. Keyin tayyor mahsulot muzlatiladi va fastfud restoranlariga yetkazib beriladi. U yerda kotletlar iz qoldirmaydigan oddiy pechlarda pishiriladi.

Cinnabon kompaniyasi mijozlarni jalb qilish uchun shakar va dolchinni isitadi

Foto: Lifehacker.ru
O‘zining ajoyib non mahsuloti — sinnabonlar bilan mashhur bo‘lgan Cinnabon kompaniyasi savdo markazlari va aeroportlarda xaridorlarni jalb qilish uchun maxsus marketing usulidan foydalanadi.

Kafe qurilish joyi rejalashtirayotganda, muhandislar pechlarni kirish qismiga yaqinroq joylashtiradilar, shunda ulardan kelgan xushbo‘y hidlar atrofga tarqaladi. Cinnabon xodimlari har yarim soatda bir marta shakar va dolchin aralashmasi bilan qoplangan pechlarni isitadi. Shunda hech qanday mahsulot pishirilmagan vaqtda ham shirin sinnabonlarning tarovati atrofga tarqaladi. Yoqimli hid orqali iste’molchilarning xulq-atvoriga ta’sir qilish va sotuvni ko‘paytirish strategiyasi aroma marketing deb nomlanadi.

McDonald's restoranlaridagi salatlar kaloriyasi gamburgerlar energetik qiymati bilan bir xil

Foto: Lifehacker.ru
Fastfud tarmoqlarida sotiladigan taomning o‘ziga xos xususiyati — tarkibida ovqat hazm qilish traktining normal ishlashi uchun zarur bo‘lgan kletchatkalarning miqdori oz ekanligidir. Shuning uchun ular zararli taomlar sirasiga kiradi. Sog‘lom ovqatlanishga harakat qiladigan, lekin uyda ovqat pishirishni yoqtirmaydigan ko‘plab odamlar McDonald's va boshqa fastfud restoranlariga borib, u yerda faqat salatlar buyurtma qiladi. Ammo hisoblab chiqilsa, ba’zi salatlarning kaloriyasi zararli deb hisoblangan ovqatlardan ko‘ra ancha ko‘pdir.

Misol uchun, kale karami, tovuq va Asiago Sezar sousidan iborat birgina McDonald's salatida 730 kaloriya va 53 gramm yog‘ mavjud. Taqqoslash uchun, Double Big Mac burgerining kaloriyasi 680 bo‘lib, unda 38 gramm yog‘ bor. Shu bois bir qarashda parhezbop bo‘lgan taomning kaloriya tarkibini diqqat bilan o‘rganish zarar qilmaydi.

McDonald's saqich hidiga ega brokkoli yaratgan

Foto: Lifehacker.ru
McDonald's o‘zining yosh xaridorlari — bolalarning juda kam sabzavot iste’mol qilishi va burgerlarga tobora qaram bo‘lib qolayotganidan juda xavotirda. Shuning uchun kompaniya vaqti-vaqti bilan turli xil yangi va foydali mahsulotlar yaratish ustida tajriba o‘tkazib turadi.

Misol uchun, 2011 yilda sobiq bosh direktor Donald Tompsonning so‘zlariga ko‘ra, McDonald's o‘zining Happy Meal tarkibidagi kartoshka fri tarkibini ikki baravar kamaytirdi va qo‘shimcha sifatida mevalarni taklif qila boshladi. 2014 yilda esa kompaniya saqich ta’miga ega brokkoli ishlab chiqardi. Bu g‘oya ko‘pchilikka ma’qul kelmadi va tez orada McDonald's yogurt va olma bo‘laklariga qaytishga qaror qildi.

KFC'ning maxfiy retsepti haqiqatan ham katta sirdir

Foto: Lifehacker.ru
1930 yillarda polkovnik Harland Sanders Kentukki shtatining Korbin shahrida yonilg‘i quyish shoxobchasiga ega bo‘lib, o‘zining nihoyatda mazali qovurilgan tovuq go‘shti bilan mashhur bo‘lgan. Tez orada uning taomlari benzinga qaraganda ko‘proq sotiladigan tovarga aylandi, shuning uchun Harland yonilg‘i quyish shoxobchasi o‘rniga restoran va motel qurishga qaror qildi. 1980 yillarda vafotiga qadar dunyodagi eng mashhur fastfud tarmoqlaridan biri — KFC'ni yaratib multimillionerga aylandi.

Avvaliga qovurilgan tovuqni pishirish uchun taxminan 30 daqiqa kerak bo‘lardi. Bu Sanders uchun dolzarb muammo edi, chunki qovurilgan tovuq uning menyusida eng xaridorgir taom edi. Bu muammoni hal qilish uchun u tovuq qovuruvchi frityur o‘rniga tezqaynar qozonchadan foydalangan va 11 ta ziravorning yashirin aralashmasini solgan. Natijada pishirish vaqti 8–9 daqiqaga qisqargan. Bu unga tovuqni ko‘proq sotishiga yordam bergan.

Bugungi kunda KFC dunyoning 150 davlatida 22 600 ta kompaniyaga ega bo‘lib, brend qiymati 8,3 milliard AQSH dollarini va 2023 yil holatiga ko‘ra, 28,9 milliard dollarlik sotuvni tashkil etadi. Bugungi kunga qadar mazali tovuqlar retsepti sirligicha qolmoqda. Ko‘plab oshpazlar va havaskorlar tovuqning ta’mi va taxminlariga asoslanib, uni tayyorlab ko‘rishga harakat qilishdi, ammo buning uddasidan chiqa olmadi.

Harland Sandersning qo‘lda yozilgan asl tovuq retsepti Kentukki shtatining Luisvill shahridagi KFC bosh qarorgohida seyfda saqlanadi. U patentlangan emas, chunki patentlar ma’lum muddatga amal qiladi va hamma uchun ochiq ma’lumot hisoblanadi. Ammo tijorat siri abadiy intellektual mulk bo‘lib qolishi mumkin.

Butun hayoti davomida faqat burger iste’mol qiladigan erkak bor, u 70 yoshdan oshgan

Foto: Dzen
Amerikalik Donald Gorski butun hayoti davomida 34 mingdan ortiq bigmak iste’mol qilgani uchun Ginnes rekordlari kitobiga kiritilgan. U hayoti davomida jami 34 400 dan ortiq burger yegan bo‘lib, ulardan 728 tasi 2023 yilda sotib olingan. Gorski ilk marta 1999 yilda Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan edi. Birinchi burgerni u 1972 yil 17 mayda McDonald's'da sotib olgan.

Foto: Dzen
Bigmakni tatib ko‘rgach, men butun hayotim davomida faqat shu taomni iste’mol qilaman deb niyat qildim va o‘sha kundan boshlab har bir burger qadog‘ini yig‘ib, sanay boshladim”, deydi Gorski.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Fastfud taomlar haqida siz bilmagan 6 ta qiziqarli fakt