02:42 / 04.10.2016
9 385

Nima uchun “ikkichi”lar kelajakda a’lochilardan ko‘ra omadliroq bo‘ladi?

Nima uchun “ikkichi”lar kelajakda a’lochilardan ko‘ra omadliroq bo‘ladi?

Britaniyalik jurnalist Djon Xaltivanger maktabda qo‘yiladigan baho bolaning intelektual qobiliyati ko‘rsatkichini belgilamasligi haqidagi shov-shuvli maqolani e’lon qildi. Unda yozilishicha, ikki bahoga o‘qigan o‘quvchilar a’lochilardan ko‘ra, hayotda ko‘proq muvaffaqiyatlarga erishar ekan. “Adme.ru” nashri muallifning fikri bilan sizni tanishtirishga qaror qildi.

Tajribadan ma’lum bo‘ldiki, a’lo bahoga to‘la attestat baxtli kelajakni ta’minlamas ekan. Har doim ham ikki bahoga o‘qigan o‘quvchi ishsiz, pulsiz qolmas ekan. Boy va omadli insonlar orasida maktabda yomon baholarga o‘qiganlar anchagina tashkil etadi. Ularning muvaffaqiyatiga butun dunyo tan bergan.

Masalan, Stiv Jobs, Mark Sukerberg, Bill Geyts biror kollejni tamomlamagan. Samoga ilk sun’iy yo‘ldoshni uchirgan Sergey Korolyov ham maktabda uchga o‘qigan. Vladimir Mayakovskiy ham yomon o‘qiganidan “Anna Karenina” asarini oxirigacha o‘qimagan. Iosif Brodskiyning maktabda yomon o‘qigani adabiyotdan Nobel mukofotini olishiga xalaqit qilmagan.

Aql — mavhum tushuncha bo‘lgani bois, bilim olishda erishilgan muvaffaqiyat bilan unga ob’ektiv baho berib bo‘lmaydi. Maktab har doim ham bolaning mustaqil hayotga qadam qo‘yishi uchun muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilavermaydi. Bitiruvchining maktabdan tashqarida erishgan muvaffaqiyati orqaligina buni aniqlash mumkin.

Muvaffaqiyatga erishish uchun bolada qiziqish, qat’iyat, sabr-toqat, eng asosiysi muvaffaqiyatsizlikning qadrini anglash tuyg‘ulari bo‘lishi lozim. Shuning uchun maktabda hech kim nazar-pisand qilmagan ikkichilar dunyoni boshqarishadi. Ular yoshligidan omadsizlikka uchrab o‘rganganlaridan u bilan kurashish yo‘llarini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilishadi. Aynan “ketmoni uchgan” tadbirkorlarda ham shu xususiyat mavjud bo‘ladi. Ular tavakkal qilishdan, qonun-qoidalariga bo‘ysunmaslikdan qo‘rqmay, biror o‘ziga xos yangilik yaratishga harakat qilishadi.

Yomon bahoga o‘qiganlar orasida o‘z fikriga ega, ijodiy shaxslar ko‘plab uchraydi. Psixologlarning ta’kidlashicha, bunday bolalarga hamma uchun birdek qo‘llanadigan maktab tartib-qoidalari yoqmaydi. Maktabda o‘qituvchilar bolaga o‘z fikrini singdirishga urinishadi, ularning o‘z nuqtai-nazarlari, fikrlari bo‘lishiga kam e’tibor berishadi. O‘qituvchining fikrini o‘ziga singdirgan bola boshqacha bo‘lishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Ikkichi bolalar esa o‘qituvchiga quloq solsa-da, o‘z fikridan qaytmaydi, natijada g‘alaba qozonishadi.

Bu degani har doim ham maktabda yomon baholarga o‘qish muvaffaqiyat kaliti bo‘lib xizmat qiladi, degani emas. Kundalikdagi “besh” baholar ham kelajakda hamma ishlar a’lo bo‘lishidan darak bermaydi. Baholar qog‘ozdagi raqamlar, xolos. Bolaning kelajagini maktabdagi baholar emas, xulq-atvor, tajriba va aloqalar belgilaydi.

Agar maktab va oliy ta’lim muassasassini ko‘ngildagidek bitira olmagan bo‘lsangiz, bundan xafa bo‘lmang. Hayot turli parvoz va qulashlardan iboratdir. Maktabda foydali bilimlarga ega bo‘lgan bo‘lsak, haqiqiy, hayotiy bilimga maktabni tark etganimizdan keyin erishamiz.

Hech qachon bilim olishdan to‘xtamang, hech qachon omadsizliklarga taslim bo‘lmang, asosiysi bilim olish jarayonidan lazzatlanishni unutmang.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nima uchun “ikkichi”lar kelajakda a’lochilardan ko‘ra omadliroq bo‘ladi?