
Ko‘rkam kiyim faqat ayollarning emas, erkaklarning ham tashqi ko‘rinishini belgilovchi xususiyatlardandir. Agar siz 14 yoshdan o‘tgan bo‘lsangiz, kiyim kiyishda quyida sanab o‘tilgan xatoliklarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiling – orasta ko‘rinasiz.
- Pijak, ya’ni shimsiz kostyum kiyganda pastki tugmasini qadamang. U qadashga mo‘ljallanmagan. Kamzul kiyganda ham shu qoidaga amal qiling.
- Kostyum kiyganingizda engidagi yorliqni olib tashlang.
- Odatda yangi pijakning elkasida oq ipchalar bo‘ladi. Kiyishdan oldin ularni olib tashlang.
- Pijak cho‘ntaklari ochiq turishi kerak. Yangiligida engi tikilgan bo‘ladi, iplarini so‘kib tashlang.
- Pijakdagi tugmalar soni uchtadan ko‘p bo‘lsa – ortiqcha.
- Uch tugmali pijakning yuqoridagi tugmasini qadash shart emas. Ayrim pijaklarning qaytarma yoqasi shunday joylashadiki, yuqori tugma bir bezak o‘rnida qoladi.
- Uzun bo‘yinbog‘ smokingga “o‘tirmaydi”.
- Jigarrang botinkaga jigarrang tasma, qora botinkaga qora tasma yarashadi. Eslatma: bu qoida rasmiy kiyinish tarzi uchun amal qiladi, erkin ko‘rinishni istaganlarga yo‘l ochiq :)
- Ikkidan biri: yoki belingizga tasma taqasiz, yoki elkadan o‘tkaziluvchi tasma taqasiz. Bir vaqtda ikkalasini zinhor taqmang.
- Ko‘ylak qadama engi (manjet) kostyum engidan sal chiqib tursin. 1-2 sm etarli.
- Shimning old qismida yengil bukma chizig‘i bo‘lsin. Odatda, juda uzun va tor shimlar yonga bukiladi.
- Kostyum-shim va oq ko‘ylak bilan kepka kiyish yaramaydi.
- Bo‘yinbog‘ uchi tasma to‘qasigacha etsin. Undan kalta yoki uzun bo‘lsa yarashmaydi.
- Bo‘yinbog‘ tuguni ostida chuqurcha bo‘lsin.
- Erkaklar pijagi palto yoki kurtkadan uzun bo‘lmasligi kerak.
- Kapalaknusxa bo‘yinbog‘ tik yoqa ko‘ylaklar uchun mo‘ljallangan, qaytarma yoqaga “o‘tirmaydi”.
- Milliy kiyimlarimizdan bo‘lgan beqasam va banoras choponlar oq ko‘ylak bilan yarashadi, ammo gulli olachipor libos va sport kiyimlari bilan uyg‘unlasha olmaydi.
- Tumshug‘i to‘rtburchak tufli ham orastalik alomati bo‘lolmaydi.
- Kalta shim (shorti) bilan paypoq kiyilmaydi. Sandal shippak bilan ham.
- Ko‘ylak va jinsi shim kiyishga chog‘lansangiz tasma taqishingiz shart. Pijak ham kiymoqchi bo‘lsangiz, elkatasmani o‘tkazib oling.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar