
Ba’zilar boshqalarni o‘ziga o‘xshab fikrlamagani uchun yoqtirishmaydi.
* * *
Notiqlar o‘zlari ishonmaydigan gaplarga boshqalarni ishontirmoqchi bo‘lishadi.
* * *
Har bir odam – o‘qilmagan kitob, deyilganidek, biz qo‘pincha bu kitobning mazmuniga emas, muqovasiga qarab, baho beramiz.
* * *
Bir vaqtlar “Do‘ppisi tushib ketsa, pulga oldiradi”, degan gaplar bo‘lardi. Bugun xizmat ko‘rsatish sohasi ancha rivojlanib ketdi. Agar topish-tutishingiz yaxshi bo‘lsa, do‘ppingizni tushirib, yana olib beradiganlar topiladi.
* * *
U uzatilgandan olganini, yana bir qancha sanab hamyoniga joylagach, qo‘lini sovunlab yuvdi. Endi halollik haqida ma’ruza o‘qigani chiqadi.
* * *
Ko‘pchilik omadga umid bog‘laydi. Lekin o‘zimiz g‘aflat uyqusida bo‘lsak, omad eshigimizni qoqa-qoqa qaytib ketganini ham sezmay qolishimiz mumkin.
* * *
Ba’zi rasmlarni ko‘rsangiz, xuddi tirikdek taassurot qoldiradi. Ba’zi tirik insonlar esa suratga o‘xshab ketadi.
* * *
Kundalik iste’molda shirin asal ham, achchiq qalampir ham kerak. Faqat ularning har birining o‘rni va me’yorida ishlatishni bilish kerak!
* * *
“Telefon xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida” degan javobni eshitganda, o‘ylanib qolasan: telefon-ku mayli-ya, ba’zi bir odamlar ham o‘z xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida qolib ketmayaptimi?
* * *
Ayrim insonlarning qilmishini ko‘rganda, kalamush uyalar, ilon po‘st tashlar ekan.
* * *
Boshqalarni pastga urish bilan o‘zing ko‘tarilmaysan.
Manba: mulohaza.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar