
An’anaviy taomlar bo‘yicha xalqaro onlayn qo‘llanma sifatida tan olingan TasteAtlas dunyoning eng yaxshi 50 ta nonushtasini o‘rganib chiqdi va Turkiya nonushtasini reytingda birinchi o‘ringa qo‘ydi. Ajoyib natija bilan turk “qahvalti”si 5 balllik shkalada 4,8 ball to‘pladi.
Bir qarashda oddiydek tuyulgan turk nonushtasi aslida bir necha turli taomlar, mazali choy va madaniy muhitning uyg‘unligidan tashkil topgan. Pishloq va zaytunlar, tug‘ralgan sabzavotlar, toza non, asal, murabbo, tuxum, bo‘rek va albatta shisha stakandagi issiq choy – bularning barchasi bir stolda jamlanadigan an’anaviy turk nonushtasining ajralmas qismlaridir. Bu nonushta nafaqat ovqatlanish, balki ahillik va suhbat uchun ajoyib muhit yaratib, ijtimoiy an’anaga aylangan.

TasteAtlas'ning reytingidan o‘rin olgan boshqa mashhur taomlar ham bor. Masalan:
- 9-o‘rinda shirin va yog‘li qatlamalari bilan mashhur “Katmer”,
- 12-o‘rinda sog‘lom va to‘yimli “Yasmiq sho‘rva”,
- 24-o‘rinda barchaga tanish “Bo‘rek”,
- 28-o‘rinda ajoyib duet — asal va ko‘pirtirilgan qaymoq,
- 46-o‘rinda esa suyuq yog‘da pishirilgan to‘ldirilgan xamir “Go‘zleme”.
Boshqa mamlakatlardan esa:
- Serbiyaning “Komplet Lepinja”si,
- Liviyaning “Stunz”i,
- Eronning “Kaleh Pacheh”i,
- Fransiyaning mashhur “Kruassan”i
reytingda yuqori o‘rinlarni egalladi. Ammo ularning bahosi turk nonushtasidan past – 4.5 yoki 4.6 ball atrofida.
Ma’lumot uchun, TasteAtlas dunyoning turli mintaqalaridagi milliy taomlarni o‘rganuvchi va ularni foydalanuvchilar bahosi hamda kulinariya mutaxassislari fikrlari asosida reyting qiladigan platforma hisoblanadi. Uning ma’lumotlari butun dunyodagi taomsevarlar uchun ishonchli manba sifatida qabul qilinadi.
Turkiya nafaqat go‘zal tabiati va boy tarixi, balki mozaikadek rang-barang nonushtasi bilan ham dunyo e’tiborini qozongani bu gal yana bir bor tasdiqlandi. Endi ko‘pchilik uchun istambulliklarcha nonushta qilish — nafaqat moda, balki tanlov masalasiga aylanadi shekilli. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar