
Buyuk Britaniya olimlari tomonidan olib borilgan katta tadqiqot natijalariga ko‘ra, kundalik hayotda velosipedda harakatlanish nafaqat jismoniy salomatlik, balki miya faoliyati uchun ham juda katta foyda berar ekan. Ayniqsa, yosh o‘tgan sari xotira zaiflashuvi va aqliy qobiliyatlarning pasayishiga qarshi kurashishda velosipedda yurish o‘ta samarali hisoblanadi.
Tadqiqot 480 ming nafar inson ishtirokida o‘tkazilib, ular 13 yildan ortiq vaqt mobaynida kuzatib borildi. Olimlar ishtirokchilarning harakatlanish uslubi, transport turi, genetik xususiyatlari va MRT orqali miya tuzilishidagi o‘zgarishlarni chuqur tahlil qilishdi.
Turli harakat guruhlari qanday farq qildi?
Ishtirokchilar to‘rtta guruhga bo‘lindi:
- Nofaollar — asosan shaxsiy yoki jamoat transportidan foydalanuvchilar;
- Piyodalar — kundalik yurishni tanlaganlar;
- Velosipedchilar — asosiy harakat usuli sifatida velosipedni tanlaganlar;
- Kombinatorlar — turli transport usullarini aralash holda qo‘llaganlar.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, velosipedda yuradigan yoki shu turni boshqalar bilan uyg‘unlashtirib harakatlanadiganlar orasida demensiya xavfi 19 foizga, Alsgeymer kasalligi esa 22 foizga kamroq kuzatilgan. Hatto miya tuzilishida ham velosipedchilarda gippokamp (hotira uchun mas’ul markaz) hajmi ancha katta ekani aniqlangan.
Piyoda yurish aks ta’sir berdimi?
Qizig‘i shundaki, muntazam yurish bilan shug‘ullanuvchilarda Alsgeymer kasalligiga chalinish ehtimoli 14 foizga yuqori bo‘lgan. Bu natija yurish zararli degani emas, balki u velosipedga nisbatan kamroq foydali ekanini ko‘rsatadi.
Genetik omillardan qat’iy nazar samara bor
Tadqiqot shuni ham ko‘rsatdiki, hatto demensiyaga irsiy moyillik bo‘lgan kishilarda ham faol harakat miya uchun foydali ta’sir ko‘rsatgan. APOYE ε4 geniga ega bo‘lmaganlar velosiped uchish orqali yanada katta foyda ko‘rgan.
Xulosa: faol hayot – sog‘lom miya kafolati
Shu bois, mutaxassislar kundalik hayotda avtomobil o‘rniga velosipeddan foydalanishni, jismoniy faollikni oshirishni va miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun bunday faoliyatni to‘g‘ri ovqatlanish, to‘liq uyqu va ijtimoiy aloqalar bilan uyg‘unlashtirishni tavsiya etishmoqda. Chunki tana bilan birga miya ham harakatdan kuch oladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar