Taksichilar haqida kutilmagan fakt: Garvard tadqiqoti hayratlantirdi

Garvard universiteti olimlari millionlab amerikaliklarning mehnat faoliyati va o‘lim sabablariga oid katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilib, qariyb 400 ta turli kasb egalarini o‘zaro taqqosladi. Tadqiqot natijalari esa kutilmagan xulosani ko‘rsatdi: Alsgeymer kasalligi bilan bog‘liq o‘lim holatlari eng kam uchraydigan kasb egalari sifatida taksi va tez yordam haydovchilari qayd etildi. Qizig‘i shundaki, avtobus haydovchilarida bunday natija kuzatilmagan.
Olimlarning taxminicha, buning asosiy sababi kun davomida doimiy ravishda navigatsiya qilish va fazoviy tafakkurdan foydalanish bilan bog‘liq. Taksi va tez yordam haydovchilari har kuni yangi manzillarni izlaydi, ko‘chalarni yodda saqlaydi, eng qulay yo‘nalishlarni belgilaydi hamda tirbandlik, ta’mirlash ishlari yoki yo‘l-transport hodisalari kabi kutilmagan to‘siqlarni hisobga oladi. Avtobus haydovchilari esa, aksincha, asosan bir xil yo‘nalishlar bo‘ylab harakatlanadi.

Bu xulosa avvalroq London taksi haydovchilari ishtirokida o‘tkazilgan mashhur The Knowledge imtihoni bo‘yicha tadqiqot natijalari bilan ham uyg‘un keladi. UCL mutaxassislari aniqlashicha, shahar xaritasini chuqur o‘rganib ushbu sinovga tayyorlangan haydovchilarda gippokamp — miyaning xotira va navigatsiya uchun mas’ul qismi ancha rivojlangan bo‘ladi. Aynan shu hudud Alsgeymer kasalligida birinchi bo‘lib zararlanadi.
UCL qoshidagi Taxi Brains loyihasi rahbari, kognitiv neyrofanlar professori Hyugo Spirsning ta’kidlashicha, fazoviy mo‘ljal olish qobiliyati demensiyaning ilk bosqichlarida yomonlasha boshlaydigan muhim funksiyalardan biridir. Uning fikricha, muntazam navigatsiya qilish gippokampni jismoniy mashqlar mushaklarni mustahkamlagani kabi «chiniqtirishi» va miyada kasallikka qarshi o‘ziga xos zaxira shakllantirishi mumkin.
Shu bilan birga, tadqiqot mualliflari muhim bir jihatga ham e’tibor qaratdi. Taksi va tez yordam haydovchilari ayrim holatlarda boshqa kasb egalariga nisbatan ertaroq vafot etishi mumkin. Alsgeymer esa asosan keksalikda rivojlanadigan kasallik hisoblanadi. Shu sabab olimlar yosh omilini ham hisobga olgan holda tahlilni qayta amalga oshirdi. Natijada demensiya xavfi haqiqatan ham ushbu haydovchilar orasida sezilarli darajada past ekani tasdiqlandi.

Mutaxassislar yana bir muhim omilga e’tibor qaratmoqda. Tadqiqot asosan GPS navigatorlari keng tarqalmasidan avvalgi ma’lumotlarga asoslangan. Bugungi kunda esa ko‘pchilik haydovchilar navigatsiya dasturlariga tayanadi. Bu esa miyaning mustaqil ravishda yo‘l topish vazifasini kamroq bajarishiga olib keladi.
Professor Hyugo Spirsning fikricha, har bir inson miya salomatligini saqlash uchun fazoviy fikrlashni muntazam mashq qildirishi mumkin. Buning uchun vaqti-vaqti bilan GPSdan voz kechib, yo‘lni mustaqil topishga harakat qilish, tabiat qo‘ynida sayr qilish va faol harakatlanish tavsiya etiladi.
Olimlarning ta’kidlashicha, Alsgeymer kasalligidan himoyalanish uchun albatta taksichi bo‘lish shart emas. Biroq navigatorni ba’zan o‘chirib, miyaga mustaqil ravishda yo‘nalish topish imkoniyatini berish ham oddiy, ham ilmiy jihatdan asoslangan foydali odatlardan biri hisoblanadi.






























Izohlar 0
…