Seuldagi Kyonxi universiteti Tibbiyot kolleji mutaxassislari 1990–2021 yillar oralig‘ida 102 ta mamlakatda suitsid holatlarini tahlil qildi, deya xabar berdi DW.
Nature Mental Health jurnalida e’lon qilingan maqolaga ko‘ra, o‘tgan 30 yilda o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichi o‘rtacha 29,9 foizga pasaygan. Agar 1990 yilda har 100 ming kishiga 10,33 holat to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2021 yilda bu raqam 7,24 taga tushgan.
Olimlar bunday o‘zgarishni Yevropada yoshlar ruhiyatiga katta e’tibor qaratilishi va OAVning mavzuga ehtiyotkorona yondashishi bilan izohlamoqda.
Yuqori daromadli 54 davlatda pasayish yanada yaqqol: 1990 yilda 12,68 holat kuzatilgan bo‘lsa, pandemiya yillari bo‘lgan 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 32,1 foizga kamayib, 8,61 taga tushgan. Past va o‘rta daromadli mamlakatlarda esa suitsid darajasi 7,88 holatdan 5,73 tagacha pasaygan.
Shu bilan birga, tadqiqotchilar ayrim davlatlarda barcha holatlar qayd etilmasligi mumkinligini, ayniqsa qashshoq mamlakatlarda raqamlarga ehtiyotkorlik bilan qarash kerakligini ta’kidladi.
Taxminlarga ko‘ra, 2050 yilga kelib dunyoda suitsid holatlari har 100 ming kishiga 6,49 tagacha qisqarishi mumkin.
Frayburg universiteti professori Lasse Zander bu tendensiyani ijobiy deb baholagan bo‘lsa-da, «shunga qaramay, ko‘rsatkichlar hali ham yuqori ekanligini unutmaslik zarur» deya ogohlantirdi. Uning aytishicha, har yili yer yuzida 700 mingdan ziyod odam suitsid oqibatida hayotdan ko‘z yumadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!