Bir haftada 1 kilogramm ozish uchun qancha qadam yurish kerak?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Bir haftada 1 kilogramm vazn yo‘qotish uchun taxminan 7 700 kilokaloriya energiya tanqisligini hosil qilish talab etiladi.
- Ovqatlanish tartibini o‘zgartirmasdan, faqat piyoda yurish orqali shuncha energiya sarflash uchun kuniga 22 mingdan 27 500 tagacha qadam tashlashga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Piyoda yurish vaznni nazorat qilishning eng qulay usullaridan biri hisoblanadi. Ammo bir haftada 1 kilogramm vazn yo‘qotish uchun faqat yurishning o‘zi yetarli bo‘lmasligi mumkin. Buning uchun organizm sarflaydigan energiya miqdori iste’mol qilinadigan kaloriyadan ko‘proq bo‘lishi kerak. Kerakli qadamlar soni esa insonning vazni, yurish tezligi, kundalik faolligi va ovqatlanish tartibiga bog‘liq, deb xabar beradi MSN sayti.
Bir haftada 1 kilogramm ozish uchun qancha yurish kerak?
NDTV nashrida keltirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 kilogramm vazn yo‘qotish uchun taxminan 7 700 kilokaloriya energiya tanqisligi talab etiladi. Bu miqdorni bir haftada hosil qilish uchun kuniga o‘rtacha 1 100 kilokaloriyalik tanqislik kerak bo‘ladi.
Agar inson ovqatlanish tartibini o‘zgartirmasdan, faqat piyoda yurish orqali shuncha energiya sarflashni maqsad qilsa, kuniga taxminan 22 mingdan 27 500 tagacha qadam yurishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Biroq bu umumiy hisob bo‘lib, natija har bir odamda farq qiladi.
Bunday miqdorda yurish hamma uchun ham mos emas. Uzoq vaqt davomida juda ko‘p qadam tashlash bo‘g‘imlarga ortiqcha yuk tushirishi, mushaklarda og‘riq va charchoq keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun tez natijaga erishish maqsadida jismoniy imkoniyatdan ortiq harakat qilish tavsiya etilmaydi.
Ovqatlanish va yurishni birlashtirish samaraliroq
Vazn kamaytirishda faqat qadamlar soniga emas, ovqatlanishga ham e’tibor berish muhim. Kunlik kaloriya iste’molini me’yorlashtirish va muntazam yurish birgalikda energiya tanqisligini hosil qilishga yordam beradi.
Umumiy faollikni oshirish uchun kuniga 10 mingdan 12 mingtagacha qadam yurish ko‘pchilik uchun amaliy maqsad bo‘lishi mumkin. Biroq bu ko‘rsatkich bir haftada aniq 1 kilogramm ozishni kafolatlamaydi. Natija insonning boshlang‘ich vazni, ovqatlanishi va jismoniy faolligiga qarab o‘zgaradi.
Yurishni endi boshlayotganlar qadamlar sonini birdaniga keskin oshirmasligi kerak. Avvalo kun davomida qancha qadam yurilayotganini aniqlab, keyin bu ko‘rsatkichni asta-sekin ko‘paytirish ma’qul. Tezroq yurish ham energiya sarfini oshirishi mumkin, ammo sur’at insonning salomatligi va jismoniy imkoniyatiga mos bo‘lishi lozim.
Yetarlicha uxlash, suv ichish va tiklanish uchun dam olishga vaqt ajratish ham muhim. Agar insonda surunkali kasalliklar yoki harakatlanish bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, yurish rejasini shifokor bilan maslahatlashib tuzgani ma’qul.































Izohlar 0
…