15:10 / 17.12.2016
7 758

Juftingizga qayta oshiq bo‘lishni istasangiz…

Juftingizga qayta oshiq bo‘lishni istasangiz…

«Muhabbatni qanday qaytarish mumkin?» degan savolga, ehtimol, hech kim aniq javob bera olmas. Chunki bu har bir oilaning o‘ziga xosligi, juftlikning xohish va irodasiga bog‘liq. Faqat bir narsa aniq: bir-biringizni chindan sevsangiz, baxtli bo‘lasiz!

Hayot qiziq-da. Kechagina bir-biringizga mehr bilan tikilib, to‘y kunini soat sanab kutib, vasl onlarini entikib o‘tkazgandingiz. Oradan bir necha yil o‘tib, turli qiyinchiliklarni birgalikda engib, o‘rni kelganda yon berib, bir necha farzand ko‘rib, endigina turmushingizni barqarorlashtirganingizda boqsangiz, hammasi o‘tib ketibdi. Tuyg‘ular, ehtiroslar, orziqishu kashf etishlar… Hech biridan asar ham yo‘q. Juftingiz ikkingizni bog‘lab turgani faqat odatlaru farzandlar. Go‘yoki siz ishq qasrini barpo etib, unda baxtiyor yashayotgan juftlik emas, shunchaki farzandlarning ota-onasi… «Men avvalgi tuyg‘ularni qaytarishni, erimni bir paytlardagidek otashin va go‘zal muhabbat bilan sevishni istayman», deb o‘ylaysiz. O‘ylayvermang-da, harakatni boshlang!

Barini birga hal qiling

Olimlarning fikricha, munosabatlarni qayta tiklashdan ko‘ra yangisini boshlash osonroq ekan. Demak, yo‘qotilganlarni qaytarish mushkulroq. Shu sababli, avvalo, borini avaylashga, tuyg‘ularni vaqti-vaqti bilan soflashtirib turishga harakat qilish kerak. Munosabatlar oqar suv kabi doimo harakatda, rivojlanishda bo‘lishi shart. To‘xtab qoldimi, ayniy boshlaydi. Sevgi, bu — mehnat degani. Mehnat bo‘lganda ham, mashaqqatli, har kuni amalga oshirilishi lozim bo‘lgan, uzoq davom etadigan, ayni damda qiziqarli va kerakli jarayon. Agar o‘z holiga tashlab qo‘ysangiz, tuyg‘ular ko‘p o‘tmay chok-chokidan so‘kiladi, oilaviy hayot barbod bo‘ladi yoki bir umrlik azobga aylanadi.

Juftingizga shirin so‘zlarni naqadar ko‘p va tez-tez aytasiz? «Sizga mana bu ko‘ylak yarashibdi!», «Bugun boshqachasiz?!», «Boringizga shukr!» degan oddiygina, ammo hayotbaxsh jumlalar ko‘p narsaga qodir. Nonushtaga u sevgan narsalarni pishirib qo‘yish, tomog‘i shamollamasligi uchun issiq sharf sotib olish, kompyuter oldida ishlab o‘tirganida stoli ustiga shirin choy bilan mazali pishiriq qo‘yib ketish… Bularning bari oddiygina e’tibor namunalari. Ammo ularning oilaviy munosabatlarni mustahkamlashdagi ahamiyati beqiyos.

Hamma narsa o‘zgaradi, jumladan, o‘zimiz ham. Shunday ekan, tuyg‘ular nega o‘zgarmasin? Masala shundaki, o‘zgarishlar sizning nazoratingizda, aynan sizning xohishingiz bilan kechsin. Aks holda, siz istamagan yo‘singa burilib ketishi mumkin.

Muhabbatni qanday qaytarish mumkin, degan savol ustida bosh qotirar ekansiz, avvalo, juftingiz bilan hamkor va hamdam bo‘lishga intiling. Oilaviy muammolarning «meniki-seniki»si bo‘lmaydi. Barini hamjihatlikda hal qilishga o‘rganing. Ko‘proq yordam bering, o‘rni kelganda ko‘mak so‘rashni ham biling.

Ajib xotiralarni birgalikda eslang!


Hammasi qachon, qayerda, nimadan boshlangandi? Ilk uchrashgan oningiz, birinchi nigoh, aytilgan so‘z, berilgan arzimas sovg‘a… O‘sha onlar ko‘nglingizdan kechgan hislar, miyangizni band etgan xayollarni eslay olasizmi? Urinib ko‘ring. Iloji bo‘lsa, yoringiz bilan birga o‘sha joylarga yana boring. O‘sha muhitga qaytishga harakat qiling. Mana, u sizni qo‘lida guldasta bilan kutib turgan joy, ana, birga muzqaymoq egan qahvaxona, qo‘lingizni so‘raganida taqdim etgan uzugi… Yuragingiz dukillab, kelajakka umid bilan boqayapsiz, oq-oydin orzularga cho‘mayapsiz!.. To‘y kunini eslang. Bunga fotosuratlar, videotasvirlar ham yordam beradi. Xullas, tez-tez shu onlarni yodga oling. Har safar yangi bir detalni xotirlashga intiling. Xotiralar — eng yaxshi tabib. Balki o‘sha shirin damlardan ayrimlarini qaytarishga urinarsiz?!

Sayohatga chiqing!

Asal oyi — ajoyib davr. Atrofdagilar oldida juftingizga tik boqishga uyalgan, imo-ishoralar, nim boqishlar vositasida diydorlashgan, yolg‘iz qolganingizda bir-biringizni shirin laqablar bilan atagan paytlar hech kimning yodidan ko‘tarilmaydi. O‘shanda eringiz siz uchun, siz esa uning uchun eng qiziqarli inson edingiz. Tonggacha davom etgan suhbatlar-chi? Ularni unutib bo‘larkanmi? Ba’zilar bu davrni sayohatda, boshqalar oila davrasida o‘tkazgan. Bordi-yu asal oyingizni qaynonayu qaynota bag‘rida kechirgan bo‘lsangiz, endi safarga chiqib, o‘sha davrni takror yashab o‘tishingiz mumkin. Ikki haftagina eru xotin biron sihatgoh yoki oromgohga keting. Ishoning, ayrim kitoblarni faqat bir marta emas, qayta-qayta o‘qisa bo‘ladi. Muhitni o‘zgartirsangiz, mutolaadan yangi taassurotlar olishingiz shubhasiz.

Qiziqishlarni mushtaraklashtiring!


Eringiz bilan umumiy xobbi toping. Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, umumiy mashg‘uloti bor er-xotinlar orasida ajrashuvlar kam bo‘lar ekan. Gaplashishga mavzular ko‘payadi, hatto bahslar ham konstruktiv xarakter kasb etadi, ya’ni ular nimanidir buzish emas, yaratishga qaratiladi. Agar ijodkor bo‘lsangiz, bu ayniqsa qo‘l keladi. Ijodkorlar munosabatlar haqida gaplashishni, uni tasvirlash, ifodalashni xush ko‘rishadi. Shu sababli bu xobbidan biron shoh asar yaratilishi ham mumkin. Muhimi, oilangiz saqlanib qoladi.

Rahmat aytishni unutmang!

O‘zingiz uchun minnatdorchilik daftari tuting. Unga har kuni nikohingizdagi ezgu jihatlar, yoringizdan eshitgan shirin so‘zingiz, olgan sovg‘angiz, uning arzimas bo‘lsa-da e’tibori, xullas, jamiki «bonus»larni yozib boring. Masalan, «Yaxshiyamki, erim kamgap, shu tufayli bugun katta janjalning oldi olindi» yoki «Shukrki, qat’iyatli, aks holda birimiz ikki bo‘lmasdi». Ayrimlar erining uyda kam bo‘lishidan noliydi. Buning nimasi yomon? Er-xotin kamroq ko‘rishsa, bir-birini ko‘proq sog‘inadi. Boshqalar aksincha, erining uzzukun uyda o‘tirishidan bezor. Yoningizda emas, boshqa ayolnikida o‘tirganda baxtli bo‘larmidingiz? Yaxshisi, «Azizim, boringizga shukr!» degan so‘zlarni biting. Xullas, buni shukronalik daftari desa ham bo‘ladi. Yoringizdan jahlingiz chiqqanda yoki «Bo‘ldi, sabr kosam to‘ldi», deya onangiznikiga otlanganingizda o‘n daqiqagina shu daftarni o‘qisangiz, hammasi joyiga tushadi. Har qanday munosabatlarda ham ijobiy va salbiy jihatlar bo‘ladi. Aqlli ayol ijobiylarini ko‘rib, ularni ko‘paytirishga intiladi. Nodon xotin esa, aksincha, faqat salbiylariga e’tibor qaratadi. Natijada ular o‘z-o‘zidan ko‘payaveradi.

«Muhabbatni qanday qaytarish mumkin?» degan savolga, ehtimol, hech kim aniq javob bera olmas. Chunki bu har bir oilaning o‘ziga xosligi, juftlikning xohish va irodasiga bog‘liq. Faqat bir narsa aniq: bir-biringizni chindan sevsangiz, baxtli bo‘lasiz!

Shahnoza TO‘RAXO‘JAEVA

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Juftingizga qayta oshiq bo‘lishni istasangiz…