Benzin avval kamayi-ib, so‘ng narxi birdan osmonga sapchib, aholining cho‘ntagiga tepdi. Men bunga qarab turamanmi?
– Hap, sanimi, shoshmay tur qimmatfurushlar, bir adabingni bermasammi, – dedim.
Ikki quloch shikoyatni tegishli joyga jo‘natganimdan roppa-rosa bir hafta o‘tgach, javob xati keldi. Unda “… Ayrim nopok va g‘arazgo‘y kimsalar benzinni keragidan ortiqcha g‘amlab sotayotganligi tufayli tanqislik yuzaga kelmoqda… o‘rinli e’tirozlarini inobatga olib… bundan buyon mazkur qonunga zid holatlarga uzil-kesil barham berish maqsadida… nazorat hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralari…”
La’nati nopok shaxslarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q!
* * *
Uyimga oqib kelayotgan gazni birov bo‘ynidan bo‘g‘ganday ozayib-ozayib, oxiri shamdekkina alangaga aylandi-qoldi. Bu holva ekan – gaz truba havo so‘radigan changyutkichga aylansa nima deysiz? Gugurt chaqib alangasini tutsang, ichkariga tortiladi.
Shoshmay tur, gazchilar! Avra-astaringni ag‘darmasammi?
Raygaz va oblgazning ustidan qop-qop shikoyatu arizalar yozib, snaryaddek uchira boshladim. Hammasini to‘plab javob qaytarishdi: “Ba’zi nopok va g‘arazgo‘y kimsalar gazni noqonuniy ravishda ulab olganliklari hamda to‘lovni o‘z vaqtida… e’tirozlarini inobatga olib… bundan buyon mazkur qonunga zid holatlarga uzil-kesil barham berish maqsadida… nazorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish…”.
Drr-r-r, sovqotyapman.
* * *
Tok bilan obod uying, gar bo‘lsa u vayrona ham, gar elektr kelmasa, vayronadur koshona ham! Buni Erkin Vohidov emas, uyimda elektr uzilganda men yozganman. Xonadoningizga svet janobi oliylari atigi 1-2 soatgina mehmon bo‘lsa, siz ham shoirga aylanasiz. Ha, og‘zingizdan turfa xalq og‘zaki ijodi qaynab chiqa boshlaydi!
Ammo bundan naf bormi? Naf bo‘lishi uchun elektr tarmoqlari idorasiga xatlarni yomg‘irdek yog‘dirdim. Nihoyat kech kelgan javobni sham yorug‘ida o‘qish baxtiga musharraf bo‘ldim: “…Ayrim nopok va g‘arazgo‘y kimsalar elektr to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirmaganligi va ortiqcha energiya sarflayotganligi sababli uzilishlar ro‘y bermoqda… o‘rinli e’tirozlarini inobatga olib… bundan buyon qonunga zid holatlarga chek qo‘yish maqsadida… nazorat organlari…”
Uying paqillab portlab ketsin nopok va g‘arazgo‘y shaxslar! Elektrdan portlasin!
* * *
Ot aylanib qozig‘ini topadi. Dunyoni o‘zgartirguncha o‘zingni o‘zgartir. Menga Xudo insof berib, ibodatga shaylandim. Nari turing, dunyoning tashvishlari, endi men masjidga qatnayman. Xudoga “muammoim bor” demayman, muammolarga “Xudoyim bor”, deyman!
Dilga ezgu maqsadni tuggancha qalampir gulli do‘ppini bostirib, chollar qatnaydigan mahalla masjidiga yo‘l oldim. Kirsamki, mahallaning starshiy ustasi Normat piyon taqir-tuqurlarini yoygancha ikki shogirdi bilan qarshi oldi. Katta to‘ngak-stol ustida pivo shishalar deganday.
– Bu qanaqasi, Allohning uyida! – g‘azabim qaynab baqirdim.
Normat pinagini buzmay:
– Sotib olganman, sex ochdim, bilganimni qilaman, – dedi. – Ey, dumbul, machiting ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga berilganini bilmaysanmi?
Bilmayman, bilishni ham istamayman! O‘rtaga ikki shogirdi tushmaganda Normatni bir yoqli qilib, uzoq yillik “sanatoriy”ga ketardim.
Sexga aylantirilgan machitni qaytarish uchun uzoq yugurdim. Javoblar bir-biriga o‘xshash bo‘ldi: “… Ayrim nopok va g‘arazgo‘y kimsalar g‘o‘r yoshlarni yo‘ldan ozdirib va muqaddas dinimizni obro‘sizlantirib turli oqimlarga kirib ketayotganliklari tufayli… o‘rinli e’tirozlarini inobatga olib… mazkur qonunga zid holatlarga uzil-kesil barham berish maqsadida… nazorat hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar…”
Lo havla va lo quvvata illo billoh
* * *
Nopok va g‘arazgo‘y shaxslar buncha ko‘p bo‘lmasa…
Ularning gavdasi, aft-angori, rang-tusi, fe’l-atvori, hidi, vazni bormi? Ularni hayotdan emas, fantastik kinodan qidirishimni maslahat berarsiz?
Ularni tutishga urindim, baliq va sovunni tutolmagandek qo‘lim sirg‘alib ketdi.
Alam bilan yo‘lda qaytayotib bir qizga tegajog‘lik qilayotgan ikki ho‘kizdek bekorchini uchratdim. Mana senga nopok va g‘arazgo‘y kimsalar!
Ikkalasini xumordan chiqquncha savaladim. Odam maza qildi, vey!
Sizga ham shu maslahatni beraman!
Alfraganus
Manba: Sof.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
So‘rovnoma: Isroilliklarning 64 foizi Netanyaxu hukumatiga ishonmaydi
Ukraina Kursk viloyatidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
Lukashenko agar norozilik namoyishlari bo‘lsa, Belarusda internetni butunlay “uzish” bilan tahdid qildi
Ukraina askari mashg‘ulotlardan bir hafta o‘tib qanday qilib asirga tushganini aytib berdi