Isroilning Livanga qilgan hujumi hamda “terrorizmga qarshi kurash” tufayli, Islom olami Amerikadagi har bir oilaning diqqat markazida bo‘lib qoldi. Men Livanning boshiga tushgan vayrongarchilik, qirg‘inbarot va o‘limni ko‘rib turibman. Shu bilan birgalikda, yana boshqa bir narsani – sizni (muslima ayollarni) ko‘rib turibman. Ko‘zim tushgan ayollarning deyarli barchasining atrofida farzandlari bor yoki ular o‘z go‘daklarini opichlab olgan. Liboslari kamtarona bo‘lsa-da, ularning go‘zalliklari taralayotgan nur kabi porlab turibdi. Biroq men payqagan go‘zallik faqatgina zohiriy emas. Ularga tikilar ekanman, ich-ichimni g‘alati bir hissiyot cho‘lg‘aydi: men qalbimda ularga nisbatan havasni his qilaman. Livan aholisi boshidan kechirayotgan dahshatli azoblar va ularga nisbatan sodir etilgan jirkanch harbiy jinoyatlarni ko‘rib qattiq iztirob chekaman. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, biror bir ko‘mak berishga ojizman. Shunday bo‘lsa-da, sizning irodangiz, go‘zalligingiz, kamtarligingiz va barchasidan ham ko‘proq, siz ega bo‘lgan baxt meni o‘ziga mahliyo etadi.
Ha, bu g‘alati tuyilishi mumkin, biroq doimiy portlashlar ostida bo‘lsangiz ham, siz bizdan ko‘ra baxtliroq ko‘rinasiz. Chunki siz hamon haqiqiy ayollik hayotini yashamoqdasiz. Siz yashayotgan hayot tarzi inson yaratilgandan beri ayollar yashab kelgan hayot tarzidir. Yana bu shunday hayotki, biz G‘arb ayollari ham 1960-yillargacha – siz kabi bombardimon qilingunimizga qadar yashaganmiz. Faqat biz haqiqiy portlovchi bombalar bilan emas, axloqsizlik va ilg‘ab olinishi nihoyatda mushkul bo‘lgan hiylalar bilan bombardimon qilindik.
Yo‘ldan ozdirish
Biz amerikaliklar reaktiv samalyotlar, Amerikaning o‘zida ishlab chiqarilgan tanklar bilan emas, Gollivud orqali bombardimon qilindik. Ular mamlakatlaringizda infrastrukturani vayron qilib bo‘lgach, sizni ham xuddi bizga qo‘llangan usul orqali bombardimon qilmoqchilar. Men ushbu nayranglar sizlarning ham boshingizga tushishi va o‘ziga jalb etishini aslo istamayman. Agarda bu nayranglarga uchsangizlar, siz ham biz kabi tahqirlanasizlar, kamsitilasizlar. Bu kabi tanazzulga yuz tutmaylik desangiz, nayranglar qurboniga aylangan va ulardan qattiq aziyat chekkan kishilarga – bizga quloq tuting. Sizga Gollivud tomonidan namoyish qilinayotgan jimjimador sahnalarning barchasi haqiqatning buzib ko‘rsatilgan shakli, yolg‘onlar majmuidan boshqa narsa emas. Ular ayanchli qurbonliklar keltirib chiqaradigan nomahramlar bilan bo‘lgan jinsiy aloqalarni hech bir zararsiz odatiy ko‘ngilxushlik, lazzat qilib tasvirlaydilar. Chunki ularning maqsadi o‘zlarining zaharli dasturini tarqatish orqali jamiyatlardagi axloq qoidalarini buzish hisoblanadi. Sizdan o‘tinib so‘rayman: ularning og‘usini zinhor icha ko‘rmang. Chunki undan bir marta tatib ko‘rgan inson to‘la zaharlanadi va bu zaharlanishdan qutqaradigan aksil-vosita mavjud emas. Uzoq muddat davomida og‘u ta’siridan qisman qutulishingiz mumkin, lekin hech qachon oldingidek bo‘la olmaysiz. Bu illatning oldini olish uning natijasida kelib chiqqan salbiy oqibatlarni tuzatishdan ming chandon yaxshiroq va yengilroqdir.
Ular o‘zlarining jimjimador filmlari va musiqiy videolari bilan biz amerikalik ayollarning aslini buzib — fohishalar kabi kiyinib yurishdan g‘ururlanayotgandek, oilasiz hayot kechirishdan mamnundek va hayotdan baxtlidek qilib ko‘rsatadilar hamda bu bilan sizlarni qiziqtirish orqali yo‘ldan ozdirishga harakat qilishadi. Ammo, ming afsuslar bo‘lsinki, bizlarning ko‘pchiligimiz aslo baxtli emasmiz, ishoning. Biz — millionlab amerikalik ayollar o‘z ishimizdan nafratlanamiz, avval sevishini aytgan, keyinchalik bizdan ochko‘zlarcha hirslarini qondirishda foydalanib, oxir oqibat hech narsa bo‘lmagandek tashlab ketgan yigitlar dastidan tunlar hungrab yig‘lab chiqamiz va alamimizni asablarni tinchlantiruvchi dorilar orqaligina qisman engamiz, xolos – bizning hayotimiz mana shu dorilarga bog‘lanib qolgan.
Ular oilangizni buzish niyatidalar va kamroq farzand ko‘rish yaxshi ekanligiga sizni ishontirishga urinishadi. Buni oilaviy hayotni qullik, onalikni la’natlanish, kamtarlik, poklik va bokiralikni qoloqlik sifatida buzib ko‘rsatish orqali amalga oshiradilar. Ular sizni ishonchdan, e’tiqoddan mahrum bo‘lishingizni va o‘zingizni arzonlashtirishingizni istaydi. Bu xuddi ilon Momo havoni olma bilan yo‘ldan ozdirishiga o‘xshaydi. Ularning olmasini tishlamang!
O‘z qadrini bilish
Siz ko‘z oldimda qiymati o‘lchanmas dur, sof oltin, Bibliyada aytilganidek – “Bebaho marvarid” (Matthew, 13:45) kabi namoyon bo‘lasiz. Jamiki ayollar va ularning sofligi, bokiraligi bebaho marvaridlardir, biroq bizga bokiraligimiz, sofligimiz va beg‘uborligimiz hech qanday qiymatga arzimasligi haqida uqtiriladi. Afsuski ba’zi birlarimiz bunday uydirmalarni haqiqat deya qabul qilib, bokiralik va soflik bahosiz ekanligiga shubha bilan qaray boshlaymiz. Iso shunday degan edi: “Itlarga muqaddas bo‘lgan narsalarni bermang, to‘ng‘izlar oldida marvaridlaringizni namoyish qilmang — ularni oyoqosti qilishadi, dilingizni og‘ritib, ko‘ksingizni parcha-parcha qilishadi (Matthew, 7:6)”. Bizning bokiralik, musaffolik, beg‘uborlik kabi marvaridlarimiz bahosiz, lekin bizga “ular hech qanday qiymatga ega emas” deb tushuntiradilar. Ammo menga ishoning: ko‘zguga tikilib musaffo, begunoh va o‘z qadrini biladigan nigohning o‘zingizga qarab turganini ko‘rishdan oliyroq ne’mat mavjud emas.
G‘arbning moda sanoati shahvoniy ko‘rinish hamda shahvoniy jozibadorlikni ayollarning eng qimmatli sifati ekanligiga sizni ishontirish uchun mo‘ljallangan. Biroq sizning kamtarona liboslaringiz va nafis ro‘mollaringiz G‘arb modasining har qanday muhtasham liboslaridan afzal va ustundir. Chunki ayollik ziynatlaringizni ko‘zdan pana qilib turgan bu liboslaringiz sizni maftunkor va sirli xilqatga aylatiradi, o‘zingizga bo‘lgan hurmat, ishonch va o‘z qadrini bilish kabi xislatlaringizni namoyon etadi. Ayolning ziynatlari va go‘zalligi uni chin dildan sevgan, hurmat qilgan va u bilan turmush qurib, butun umrini birga o‘tkazishga tayyor bo‘lgan munosib erkak uchungina atalgan tuhfadir. Shu sababli, ayol ziynati va go‘zalligi noloyiq ko‘zlardan berkitilishi, himoya qilinishi lozim. Sizning erkaklaringiz hali ham jasoratli ekan, o‘z vatanlarini mardonavor himoya qilayotgan ekan, demak ular sizning sadoqatingizga munosibdirlar. Bizning erkaklar esa hatto bokiralikni ham xohlashmay qo‘ydi. Ular endi bokiralik va musaffolik marvaridlari qadrini anglamay ham qo‘yishgan, tanlovda shunchaki zohiriy yaltiroq bo‘lgan arzon “tosh”larni afzal ko‘ra boshlaganlar. Ularni ham faqat qaytadan ulqotirib ketish uchun tanlaydilar, xolos!
Sizning eng qimmatbaho sifatlaringiz ichki go‘zalligingiz, beg‘ubor va begunoh ekaningiz va sizni aynan hozirgi “siz” qilib turgan barcha amallaringizdir. Biroq shuni ham payqaymanki, ba’zi muslima ayollar mavjud axloq chegaralarini chetga surib tashlashga urinadilar, boshiga ro‘mol o‘rab yursalar-da (ro‘moli sochlarini to‘la bekitmagan holda), imkon qadar G‘arb ayollaridek bo‘lishga, ularga o‘xshashga harakat qiladilar. Ey, muslima ayollar, yo‘qotilgan qadri uchun allaqachon afsus va nadomatlar qurshovida qolgan yoki tez orada pushayonlikka yuz tutishi aniq bo‘lgan ayollarga taqlid qilmoqlik nechun? Bu yo‘qotish o‘rnini hech qachon va hech bir amal yoki xislat bilan to‘ldirib bo‘lmasligidan bexabarmisiz!? Siz benuqson olmossiz. O‘zingizni zohiriy yaltiroqligidan boshqa narsasi bo‘lmagan qalbaki toshga aylantirib qo‘ymang. Moda jurnallari va G‘arb televideniyasida ko‘rsatilayotgan barcha sahnalar – yolg‘on. Ular Iblis tuzog‘idan boshqa narsa emas.
Ayol qalbi
Men, sizda oz bo‘lsa-da qiziqish bor bo‘lishi mumkinligini hisobga olib, kichik bir sirni sizga oshkor qilaman: turmushga chiqishdan oldingi jinsiy aloqa ular tasvirlaganidek yaxshi emas. Biz G‘arb filmlarini tomosha qilib ulg‘aydik va ulardagi voqealarni haqiqat deb qabul qildik. Shu sababli, tanimiz va butun borlig‘imizni sevgan yigitlarimizga baxshida qildik. O‘yladikki, bizning bu harakatlarimiz tufayli, xuddi filmlardagidek, ko‘ngil qo‘ygan kishimiz bizni ko‘proq sevadi va kelajakda biz bilan turmush quradi. Ammo bu kelajakdagi turmushning kafolati emas edi va o‘zimizni to‘liq topshirgan erkaklar biz bilan umrbod qolish yoki qolmasligi butunlay noma’lum edi. Buning ustiga, qilmishlarimiz filmlardagidek yoqimli ham emasdi. Bu – ayanchli xato! Bu bilan faqat yoshligimiz, qadrimiz va bokiraligimizni qurbon qildik, xolos. Oxir oqibat esa, achchiq ko‘z yoshlar bilan qolaverdik.
Bir ayolning ikkinchi ayolga hasratini aytayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, ishonamanki, siz bizning ahvolimizni juda yaxshi tushunib turibsiz. Chunki faqat ayolgina boshqa bir ayolning qalbini, alam va dardini to‘la angliy olishi mumkin. Biz barchamiz deyarli bir xilmiz. Irqimiz, dinimiz va millatimiz ahamiyatga ega emas. Ayol qalbi hamma erda bir xildir. Biz sevamiz va bu — bizning boshqa barcha narsalardan mukammalroq darajada qila oladigan hamda eng oliy amalimizdir. Biz farzandlarimiz va oilalarimizni tarbiyalash, sevish orqali umr yo‘ldoshimizga kuch, ilhom va shijoat in’om eta olamiz. Biroq, afsuski, biz – amerikalik ayollarni “karera qilayotgan, o‘zining shaxsiy uyiga ega, oilasiz yolg‘iz yashaydigan hamda muhabbati va tanini istagan erkakka berish erkinligiga ega bo‘lgan ayol eng baxtli ayoldir” deb ishontirishga muvaffaq bo‘lishdi. Ishoning – bu erkinlik emas. Va bu muhabbat ham emas. Faqat nikoh atalmish boshpanadagina ayolning vujudi va qalbi haqiqiy, xotirjam va xavfsiz muhabbatga erisha oladi. Nikohdan boshqa hech narsa evaziga muhabbatingiz va vujudingizni in’om etmang — oila qurishdan boshqa hech narsa bunga munosib emas. Bunday qilmas ekansiz, keyinchalik amallaringiz o‘zingizga jirkanch ko‘rina boshlaydi, hatto o‘zingizdan nafrata boshlaysiz. Muhabbat va vujudingizni baxshida qilgan erkak esa sizni shunchaki tashlab ketadi.
O‘zlikka raddiya
Gunoh hech qachon manfaat yoki yaxshilik olib kelmaydi. Aksincha, u doim ortimizdan ta’qib qiladi. Agar mening or-nomusim va g‘ururimni qaytarish imkoni bo‘lganda va men uni qaytarganimda ham, endi u dastlabki sof, musaffo holati bilan tenglasha olmaydi. Biz – G‘arb ayollar onggiga muslima ayollarning huquqlari doim poymol qilinadi, ular jabr va zulm ostida degan tushuncha singdirilgan. Aslida esa, jabr va zulm ostidagilar bizmiz; bizni kamsituvchi va o‘zimizdan qoniqmaslik hissini uyg‘otuvchi modaga qulmiz; vaznimiz butun o‘yimiz va xayolimizni egallab olgan; ulg‘ayishni istamaydigan, mas’uliyatni his qilmaydigan, go‘daklardek injiq erkaklardan mehr va muhabbat tilab iltijolar qilib yuribmiz. Ich-ichimizdan anglaymiz: biz nayranglarga aldanganmiz.
Biz – G‘arb ayollari, ko‘pchiligimiz ochiq tan olmasakda, sizga g‘oyibona havas qilamiz. Ammo, bizga xuddi buyumlar kabi nazar tashlamasligingizni iltimos qilaman. Bu bizning xatoyimiz emas. Yoshligimizda ko‘pchiligimizning himoya qiluvchi otalarimiz bo‘lmagan, chunki oilalarimiz allaqachon barbod qilingandi. Bunday ayanchli sahna ortida kim turganini juda yaxshi bilasiz. Muslima singillarim, nayranglarga uchmang. Ularga sizni ham ishg‘ol qilishlari uchun imkon bermang. Bokira, pokiza, begunoh va sofligingizcha qoling. Biz — nasroniy ayollar haqiqiy ayollik hayoti qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rishga muhtojmiz. Bizni sizdan o‘rnak olishga, sizni na’muna qilib o‘zimizga ko‘rsatishga muhtojmiz. Chunki biz allaqachon yo‘ldan adashib bo‘lganmiz. Pokizalik va sofligingizni saqlang.
Unutmang: idishidan chiqarilgan tish pastasini qaytib idishga sololmaysiz. Shunday eka, “tish pastangiz”ni ehtiyotlik qiling! Ushbu maktubni va maslahatlarni sizga bo‘lgan hurmat, mahliyolik hamda do‘stlik ruhiyatida yozdim. Va umid qilamanki, yozganlarimni o‘z ruhiyatida, o‘z ma’nosida qabul qilasiz.
Sizni sevib qoluvchi nasroniy opangiz,
Joanna Francis.
Yozuvchi, jurnalist – AQSh.
Maqsud Salomov tarjimasi.
Manba: Diydoraziz.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
So‘rovnoma: Isroilliklarning 64 foizi Netanyaxu hukumatiga ishonmaydi
Ukraina Kursk viloyatidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
Lukashenko agar norozilik namoyishlari bo‘lsa, Belarusda internetni butunlay “uzish” bilan tahdid qildi
Ukraina askari mashg‘ulotlardan bir hafta o‘tib qanday qilib asirga tushganini aytib berdi