14:26 / 09.05.2017
9 787

Ramazondan oldin qilinadigan amallar

Ramazondan oldin qilinadigan amallar
Har yil muborak Ramazon oyi yaqinlashganda unga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘ramiz. Sababi bu oyni yanada fayzli, shukuhli o‘tkazish uchun Ramazonga tom ma’noda tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. Zero bu oy boshqalari kabi oddiy o‘tib ketmasligi kerak. Shu ma’noda quyida Ramazondan oldin qilinadigan amallar haqida qisqa suratda to‘xtalib o‘tamiz. Bular Ramazonga tayyorgarlikning bir qismi sanaladi.

Qarindosh-urug‘ va beva-bechoralar holidan xabar olish
Bu ishni yil bo‘yi qilish kerak. Ammo silai rahm va mehr-muravvat ko‘rsatishga Ramazondan oldin alohida e’tibor bilan yondashish yanada maqsadga muvofiq. Bunda faqat moddiy jihat asosiy o‘rinda bo‘lmaydi. Balki imkonini topganlar moddiy tarafdan, boshqalar yaxshi muomala, ochiq chehra va tabassum, ikki og‘iz shirin so‘z bilan bo‘lsa ham odamlar qalbiga xursandchilik kiritishlari, beva-bechoralar ko‘nglini tog‘dek ko‘tarishlari mumkin. Bu oy boshlanishidan avval imkoni borlar qiynalgan, qarovchisini yo‘qotgan miskin va bechoralarga moddiy tarafdan yordam bersalar, ularning duosi sharofatidan dunyo va oxirat ishlariga baraka kiradi. Ko‘pchilik Ramazonda iftorlik qilib kimo‘zarga o‘ynaydi. Aslida iftorlikning eng yaxshisi haqdorlarga taom berish va ularni libos bilan ta’minlashdir. Mana shunisi Alloh dargohida husni maqbul bo‘ladi.

Gina-kuduratlarga barham berish
Ramazon kishilar o‘rtasidagi adovat, janjal, arazlashish, gina-kuduratlarga barham berish oyidir. Sababi do‘stu yor, aka-uka, opa-singil, qaynona-kelin o‘rtasida nizo bo‘la turib, tutilgan ro‘zalar, qilingan xatmi Qur’on va boshqa savobli ishlar mukammal bo‘lmaydi. Balki hamma ishni orani isloh qilishdan boshlash kerak. Bunda bir taraf ikkinchi tarafdan o‘zini past olib, aybi bo‘lmasa ham isloh taklifi bilan chiqsa juda yaxshi bo‘ladi. O‘zi birov bilan urushmagan taqdirda ham qaysi bir banda arazlashganlar orasini isloh qilsa, katta ajr va martabalarga erishadi.

Bo‘ynidagi qarzlarni to‘lash
Ramazondan avval olingan qarzlarni uzish ham yaxshi ish. Albatta agar imkoningiz bo‘lsa, kechiktirmay darrov olingan qarzni qaytaring. Shunda qarz bergan odam ham xursand bo‘ladi, qalbingizga xotirjamlik kiradi. Agar imkoningiz bo‘la turib, qarzni cho‘zib yursangiz katta gunohga qolasiz, qarz bergan odamga zulm qilgan, uning haqqini eb yurgan bo‘lasiz.
Shu o‘rinda imorat qurgan, biron qurilish qilayotgan kishilar ustalar haqqini berishni unutgan yoki paysalga solib yurgan bo‘lsalar, usta haqini berishlari lozimligini ham alohida eslatib o‘tamiz. Xizmat qilgan odam haqini bermay cho‘zib yurish musulmon odamga to‘g‘ri kelmaydigan ishdir. Zero, hadisi shariflarda to‘lashga imkoni bor bo‘la turib qarzini paysalga solib yurish zulm ekanligi ta’kidlanadi.

Qarz masalasi ochilganida beixtiyor odamlarning davlatdan qarzdorligi yodga keladi. Davlat bizga suv, gaz, elektr energiyasi kabi hayotiy muhim narsalarni etkazib beradi. Buning uchun ular haqqini to‘lab qo‘yish ham kerak. To‘g‘ri bu ne’matlarning yaratuvchisi Alloh. Bunga shak-shubha yo‘q. Ammo oddiy odam davlat yordamisiz erdan gaz qazib ololmaydi, suvga to‘g‘on o‘rnatib, o‘z xohishicha energiya chiqara olmaydi yoki tog‘dan kelayotgan suvni tozalab, o‘z uyigacha olib kelolmaydi. Bu davlatning ishi. Bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun sarf-xarajat qilish, ishchilarga oylik berish kerak. Biz to‘laydigan pullar mana shunday harajatlarga ketadi. Xullas, Ramazondan oldin davlat oldidagi qarzlarimizni ham to‘lab qo‘yishimiz lozim.

Mahallalar pokizaligiga e’tibor berish
Mahallalar, ko‘cha-ko‘y va uylarimiz obodligi, pokizaligi bilan Ramazonning fayziga fayz qo‘shiladi. Sababi poklik imondandir. Bu ishni Ramazondan boshqa vaqtlarda ham qilish kerak. Ammo Ramazon oyi kirishidan avval tozalikka, poklikka yana ham e’tiborliroq bo‘lish talab etiladi. Avvallari momolarimiz Ramazondan oldin uy ko‘tarar qilishardi. Mana shu ezgu amalni davom ettirish biz avlodlar burchidir. Bunda erkaklar bosh-qosh bo‘lib, ayollar bilan hamkorlikda, ahillikda ish olib borsalar maqsadga muvofiq bo‘ladi. Poklik deganda faqat uylar pokligi emas, balki libos, qolaversa qalb pokligi ham nazarda tutiladi.
Yuqorida sanab o‘tilgan ishlarni Ramazondan oldin qilish yaxshi. To‘g‘ri bu ishlarni qilmasdan ham Ramazonni o‘tkazish mumkin. Ammo ko‘ngildagidek emas. Musulmon banda yilda bir marta keladigan Ramazon oyini o‘zgacha tayyorgarlik va ko‘tarinkilik bilan o‘tkazadi. Mana shu narsa uning imoni qay darajada quvvatli ekanidan darak beradi.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Manba: Muxlis.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ramazondan oldin qilinadigan amallar