08:31 / 27.06.2017
34 202

10 ta er ko‘rgan ayolning qizlarga maslahati...

10 ta er ko‘rgan ayolning qizlarga maslahati...
Qizlarjon, maslahatimga yaxshilab quloq soling! Har bir gapimni diqqat bilan tinglasangiz, albatta ersiz qolmaysiz, menga ishonavering!

Er tanlashda ayol ovchidek o‘tkir ko‘zli, hushyor bo‘lmog‘i zarur. Shunday ekan, erni qarmoqqa ilintirgandan so‘ng issig‘ida uni o‘zingizniki qilishga urining! Mayli, u balki sizni ko‘rmagandir. Ammo siz hushyorlikni qo‘ldan boy bermasangiz bas.
Juda bo‘lmasa, yolg‘ondakam ko‘z suzib ko‘ring. Bu tanishishning, qo‘lga olishning ajoyib usuli. Birinchi bor ilg‘amasligi mumkin, ammo ikkinchi marta albatta e’tibor beradi.

Xullas, ilintirdik ham deylik. Lekin bu sizga hoziroq uylanadi degani emas. Shunday ekan, mabodo restoranga taklif qilsa, kiyishga hech vaqom yo‘q deb turib oling. Uylanmasdan turib erkaklarning qalbi muhabbatdan yonib turadi. Aytganingizni xasislik qilmasdan olib beraveradi. Agar shu paytda oldirib qolmasangiz, uylangandan keyin hech qachon oldirolmaysiz. Xullas, shunday po‘stagini qoqingki, armoningiz qolmasin! Bu masalada shartakiroq, beti qattiqroq bo‘lavering! Ana, nechta ayolni ko‘rganmiz. Nimaymish, vijdoni yo‘l qo‘ymasmish erkakni xarajatga tushirishga. Shu sababliyam hali hanuz erga tega olishmaydi yoki tekkan taqdirdayam bitta ko‘ylakni qishin-yozin echishmaydi. Shunday ekan, yoshlikda erkakning bo‘yniga minib olavering. Qariganingizda hech qachon mina olmaysiz.

Agar uylanishga sira ko‘ndira olmasangiz, qo‘rqiting! Homiladorman sendan deb ochiq aytavering! Ha-a, ular bu xabardan juda-a qo‘rqishadi. Aslida sizmas, go‘yo o‘zi homiladordek tipirchilab qolishadi. Qo‘rqita oldingizmi, darhol hujumga o‘ting! Mayli, keyinchalik homilador emasligingizni bilsin. Baribir kech bo‘ladi. Chunki uylangan, ola xurjun bo‘yniga ilingan. Qochib qaerga borardi?..
Aytgancha, tez-tez janjal ko‘tarib turing! Shunda semirib ketmaydi, hadeganda sizga baqiravermaydi. Janjalga esa har doim ham bahona topish mumkin. Qolaversa, janjalkashroq xotin har qanday erkakka yoqadi. Sababi, yuvosh xotin bilan yashagan er o‘zini xuddi filarmoniyaga kirib qolgandek his etadi, zerikadi, dunyo ko‘zlariga juda tor ko‘rinadi.

Erni o‘zingizga qattiqroq bog‘lab olish, qalbidagi muhabbat alangasini kuchaytirish yo‘lida rashkini qo‘zg‘atish usulidan foydalaning. Yolg‘ondan bo‘lsayam, o‘nta erkak ortingizdan chopishiga sha’ma qiling. Atayin o‘z qo‘lingiz bilan begona erkak nomidan xushomadlarga to‘la maktub yozing-da, stoli ustiga qo‘ying. Ana shunda eringiz hushyor tortadi. Sizning bu qadar jozibali, ko‘zga yaqinligingizga qoyil qolib, ko‘zlari moshdek ochiladi. Sizni qattiqroq qizg‘ona boshlaydi, xushomad qilishga tushadi.

Undan keyin tez-tez bo‘lar-bo‘lmasga yig‘lashni kanda qilmang. Ba’zida yaqin qo‘shnimi, dugonangiznikigami berkinib uni izlashga majbur eting. Ishoning, sizning uyda yo‘qligingizni ko‘rgach, eringizning paytavasiga qurt tushadi. Itday chopib sizni qidiradi. Ko‘ribsizki, qadringiz oshadi.

E, bir narsani aytishni unutibman-ku! Uchrashib yurgan qizlarimizga maslahatim shuki, hali Zagsdan o‘tmay turib aytganingizni qildirishga urining. Kerak bo‘lsa, nozlaning, ko‘ngliga yoqadigan muqomlar qiling. Pasportiga muhr tushsin, keyin bilganingizni qilaverasiz. Nega deganda, muhrdan so‘ng u hech qaerga qochib ketolmaydi.
Ha-a, qizlarjon, ilgari boshqacha edi. Erkakni yangi tufli kiyib ham osongina qo‘lga kiritish mumkin edi. Hozirgi erkaklarga bu hunaringiz o‘tmaydi…

Qisqa qilib takror aytadigan bo‘lsam, hozirgi ayol misoli ovchi qiyofasiga kirishi lozim. Qarmoq tashlab, yosh, qalbi qaynoq erkakni ilintira olsangiz, marra sizniki. Faqat ovga bahor va yoz oylarida chiqqaningiz ma’qul. Bu mavsumda erkaklarning qalbi yonadi, vujudi junbushga keladi. Qarmoqni ko‘rdi deguncha o‘zi chopib kelib ilinadi.

Buni men-o‘n marta erga tegib chiqqan ayol gapiryapman! Tajribamga ishoning, qizlarjon!


Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » 10 ta er ko‘rgan ayolning qizlarga maslahati...