12:31 / 27.08.2017
6 532

Ziqnagina otam (hajviya)...

Ziqnagina otam (hajviya)...
Otam juda qattiq odam-da! 200 so‘m puli behuda sarf bo‘lsa, ishtahasi yo‘qolib, nafaqat cho‘ntagining shundoqqina yonidagi ichaklarida, balki butun hovlida qayg‘uli tovushlardan bastalangan mumtoz kuylar chalinganday bo‘ladi…

…Xontaxtaga boshim tegay-tegay deb, qovog‘imni solgancha jig‘ibiyron bo‘laman:

-Amaldor degani ilgariyam ot mingan, bu Hozirgi Neksiyalar, Ma lyubi Kaptivalar… Mayli, bizga “eshshagi” ham bo‘laveradi, Jigulimi, Tikomi … minaylik-da, ot-a!!! Qachongacha itning orqa oyog‘i bo‘lib yuraman? Tengqurlarimni qarang, ulovining hurmati bilan biri Toshkentga chopar, biri hokimning hamshiviri! Ulkan davralarning to‘rida. Axir maktabda ham, institutda ham ulardan yaxshi o‘qganman. Har ko‘rganda ustimdan kulib o‘tishadi, ota!!! Shunisi alam qilark-a-an!

Gap shu yerga kelganda, o‘pkam to‘lib (yolg‘ondan) ko‘zyoshi qilaman:

-Bu yil ellik beshga kirdim, na hovli soldim, na yubiley… na chet elga sayohat, na sanatoriya… Shundoq biqinimizda, bir soatlik yo‘l — Buxoro yo Samarqand ziyoratiga bormabman. Ko‘rganim – Nurota, Chashma, cherez Chuya- Langar, Oltinsoy, undayam eshakda… Hu-u-v!

-Qo‘lingizga berib turgan bo‘lsam… Ustimga qarang, kastimimning yelkasini kun olib, oqarib ketganiga 5 yil, shimimning balog‘ini velik chaynab ketganiga ham shuncha bo‘ldi… Qadrimga kuyaman ota, qadrimga! Hech kim meni pisand qilmay qo‘yayapti… (Ih-hih-hih) …

-Endi-i, ko‘zyoshingni qo‘y, ulim. Uyat bo‘ladi. Nevaralaring ko‘rsa kuladi. Men sening moshinni uchirib, bosar –tusarini bilmas amaldor emas, el orasida kamtar, xokisor, avliyosifat bo‘lib tanilishingni istayman. Mana, Yassaviyni ol, umrining yarmini, chorak asrini yerto‘lada o‘tkazgan. O‘sha davrlarda ham ko‘rkam hovlilar bo‘lgan chiqar?

-Bo‘lgan ota, bo‘lgan, biroq sizday otasi bo‘lmagan-da u kishining.

-Kastim masalasiga kelsa-a-k, yur-chi… Boboy “temir sandig‘i”ni ochar ekan, har xil kattalikdagi to‘rburchak bo‘xchalarga tushgan ko‘zim, chaqnab, ola-kula bo‘lib ketdi o‘ziyam.

-Azalikka deb, yiqqanlarimda, bolam…-ovozlarigacha qaltiraydi cholning.

-Ta’ziyangizni Toshkentning eng katta o‘yingohida o‘tkazmasmiz, harqalay? (Yig‘ilgan pullariga sha’ma qilaman hazillashib)

-Endi bolam yana ellik yildan keyin nima bo‘lishini yolg‘iz yaratgan biladi-bo‘sh kelmaydi yuz yoshni qarshilayotgan otam.

Hazilnamo so‘zlarimda ham jon bor-da. Hisoblab ko‘ring – chol kampir naq 4 million pensiya oladi. Har birimizdan,tuqqanmiz, boqqanmiz, o‘qitdik, uylantirdik deb $100 dollardan olib turadi. Yana har xafta molbozorda, kunora yangibozor, boroxolka, sotadi-oladi, oladi-sotadi… Buning ustiga 24chi hovlida turgani uchun darvozadagi shu raqamni zamonaviylashtirib, har xil rangli chiroq va e’tiborni tortish tortish uchun eng zamonaviy kuy-qo‘shiqlarga ulab qo‘yibdi. Hovliga yaqinlashganingiz sari “Qoshing qora, soching qora, qo‘zlaringam qop qora!”, yo “paq-paq!”, yo “jigi-jigi”… (bir oydan beri “xappa-xappa” “zinkaka -zinkak”), yoshlarni o‘ziga tortadigan musiqalar kuchayib boradi. Mayda-chuyda savdosini ham hech qo‘ymaydi-da ikki qariya. Qisqasi boboyning sandiqchasiga har oyda kamida 1000 dollar qaytib chiqmas bo‘lib kirib turibdi-da…

Ixchamroq tugunidan bir dona 100 talik ko‘kini olib:

-Shuni yetkaz en… kastim o, to‘y ma’raka… deganday, ayab kiy…! -deya, tutilib (har safar pul sanayotganidagiday) qolgan otam burilgan lablarimu yoshli ko‘zim, kastim-shimimga bir-bir qaradi-da, -ko‘zingga qara, ichib-netib yurma tag‘in, deb yana bitta elliktalikni qo‘shib tutqazdi.

Ishonsangiz, ko‘zimdan rosmana sevinch yoshlari quyulardi. Erta bir kun otamning yoshiga kirib, farzandlarimga men ham 200 ko‘kini berishim kerakligidan esa, xushyor tortib, xo‘rligim kelardi…

Pul otani boladan ayiradi deganlari g‘irt yolg‘onga o‘xshaydi. Kezi kelsa, shunday yaqinlashtirar ekan-a, deb o‘ylayman otajonimni bag‘rimga bosib!

Biz – ellikvoyu oltmishvoylar ko‘p soddamiz-da. Bugungi yoshlarga qoyil. “Ziqna chol”dan pul undirishning bu usulini kenja ukam o‘rgatgan. O‘ziyam bir hafta repetitsiya qildik.

Ukam, tilga olgan sinfdosh- oshnalarim “Bola-chopar” va “Shibirboy” (hazillashib, ularni shunday chaqiraman, meni ular “Bolapaqir” deyishadi) meni Yangibozorda kutishayapti. Dastlab, kaminaga kastim-shim, qolganiga “Tabassum”da nim-nim… Qoyilmisiz?

Manba: Fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ziqnagina otam (hajviya)...