16:58 / 20.09.2017
5 930

Qaynonaning sinovi qachon tugaydi?

Qaynonaning sinovi qachon tugaydi?
Tahririyatga bo‘lgan qo‘ng‘iroqning har uchtasidan bittasida kelinlar o‘zining huquqiy manfaatlarini qanday tiklash mumkinligini so‘rab murojaat etishadi: qonuniy nikoh, aliment, doimiy ro‘yxatga qo‘yish. Nega o‘z huquqingizni vaziyatlarning avvalida himoya qilmagansiz: to‘ydan avval FHDYoga bormagansiz, ajrashishdan avval aliment bo‘yicha kelishmagansiz, doimiy ro‘yxatga qo‘yilmagansiz, deb so‘rasak, qaynonasi «Oldin sinovimdan o‘ting», deganini aytishadi. Bu qanday sinov bo‘ldiki, bir uyda yashab turib, qarindoshlikni tan ola turib, naslni davom ettirishni shu kelinga ishona turib, lekin uni tan olmaslikka sabab bo‘lsa? Bu safar «Mening oilam»da ana shu mavzu bo‘yicha gaplashamiz.

«Qonuniy nikohim yo‘q...»

Nigora, 25 yosh: — Turmush o‘rtog‘im 29 yoshda, bitta bolamiz bor. Ikkinchi farzandimga homiladorman. Lekin o‘ylab o‘yimga yetolmayapman. O‘rtada qonuniy nikohimiz yo‘q. Nikohni rasmiylashtirishni na erim, na qaynonam xohlaydi. Turmush o‘rtog‘im esa yana tug‘ishimni istamaydi, «Menga bola kerakmas, mashina olishim kerak», deydi. Qaynonam esa «O‘g‘lim hali yosh, yana ota bo‘lishga tayyormas, bu bolani oldirib tashlang, ZAGSdan esa hozir o‘tkazmayman, oldin sinovimdan o‘ting», deb og‘zimga uradi. Men esa tirik jonni oldirib tashlashni istamayman, ammo yana tug‘sam, qonuniy nikohdan o‘tmay ajrashib ketsak, ikki bola bilan qayoqqa borib, nima qilaman?!

Mulohaza: O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 13-moddasida «...Alohida holatlar (homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar)da nikoh ariza berilgan kuni tuzilishi mumkin...», deb yozib qo‘yilgan. Demak, nikohingizni bir kun ichida ham qonuniylashtirib olishingiz mumkin. Kelin va ona sifatida qonunlardan munosib javobingizni olasiz, deylik, o‘rtada farzand bo‘lgani uchun ham ajrashgan taqdiringizda uning otasidan aliment talab qilishingizga hech nima daxl qilmaydi. Biroq.... uyingizdagi «sinovchi»larning dunyoqarashini o‘zgartira olmasangiz, huquqiy maqomga ega bo‘lmagan nikohingiz sizga ko‘p muammolar tug‘dirishi hech gap emas. Maslahatni avvalo sizga emas, qaynonangiz va eringizga aytishni joiz deb bildik.

Hurmatli Buvijon! Sizga «qadrli qaynona» deb murojaat qilmaganimiz boisi, sizni buviga aylantirgan shu keliningiz oldida allaqachon insoniylik burchingiz va mas’uliyatingiz borligini eslatib qo‘yishdir. Keliningiz ko‘nglingizga o‘tirmayotgan ekan, nega hozir javobini berib yubormayapsiz? Sinovingizning tugash muddati bormi o‘zi? Yana necha yil kerak, 5 yilmi, 10 yilmi? O‘ttizga kirib qo‘ygan o‘g‘lingiznini bola deb atab, yana qancha yurmoqchisiz? Nimadan qo‘rqayapsiz: keliningiz uyingizni yelkasiga ortib qochib ketadimi yoki o‘g‘lingizni sizdan tortib oladimi? O‘sha «nikoh guvohnomasi» deb atalgan bir parcha qog‘oz shu kelinga nima uchun muhim, bilasizmi? Uning niyati siz bilan qonun talashib yurish emas. U mana shu oilada muvaqqat emas, butunlay qolmoqchi! Sizlar uni qabul qilganingizga mutloq ishonmoqchi, xolos! Birovning bolasi yollanma ishchimidiki, kuch-quvvati borida ishlatib, tug‘dirib, so‘ng istagan paytda jo‘natib yuborsangiz? Kelin ovqatingizni pishirib, kiringizni yuvib, issiq-sovug‘ingizdan xabar olib, o‘g‘lingizning xizmatini qilsa ham, unga kelinlik baxtini bermay baxillik qilmayapsizmi? Poliklinikaga chiqsa, yo pasportidagi doimiy ro‘yxat muhrini so‘rashadi, yoki nikoh guvohnomasini ko‘rsatishini talab qilishadi. Tug‘ruqxonaga borsa ham, bolasini bog‘cha yoki maktabga joylashtirmoqchi bo‘lsa ham xuddi shu ahvol. Xuddi bolani ko‘chadan orttirib kelgandek, kelin bechoraning boshi hamma yerda egilgan. To‘g‘ri, yurtimizda tug‘ilgan va tug‘ilajak har bir bola davlat himoyasida. Vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar insonparvar qonunlar yordamida bolalar huquqlari to‘liq himoyalanadi. Xuddi shu ma’noda, Siz va o‘g‘lingizning bu ishi, aniqrog‘i, chiqargan qarori sizlarga hech qanday qonuniy ustunlik bermasligini bilasizmi? Ya’ni nabiralaringiz haqqi o‘rtada ZAGS bo‘lmasa ham, saqlanib qolaveradi. Axir o‘g‘lingiz, ya’ni OTA bolasiga nasab bergan, farzandini tan olgan, shunday emasmi? Ajratib yuborgan taqdiringizda ham bolalarga aliment to‘laydi, ular hayotida moddiy-ma’naviy javobgarlikni his qilishga majbur. Achchiq gap bo‘lsa ham aytamiz, bu ishingiz sodda mug‘ombirning befoyda ishiga o‘xshaydi. Qo‘ying, kelin sizga yoqmasa ham, bolangiz bitta turmushida tinchisin. Yoshingiz katta, tajribangiz hammanikidan ko‘p, ko‘rgan-kechirganlaringiz haqqi-hurmati keliningiz bilan yaxshi gumonda yashang. Birovning bolasini kalaka qilish sizga yarashadimi? O‘ylaysizki, bir yomoni ketib, ikkinchi yaxshisi keladi. Hech unaqa bo‘lmaydi: yana uylantirib, yana to‘y qilib, yana yangi kelin bilan murosa qilib, yana uning bola tug‘ishini kutib yashashga sabringiz yetarmikan?

Hurmatli Ota! Sizga ham «qadrli ER» deb murojaat qilmayotganimiz boisini tushungandirsiz. Ulov sotib olish uchun ikkinchi bola sizga xalaqit qilishini ayta olgan ekansiz, demak, onangiz to‘g‘ri fahmlabdi, hali ma’nan ancha yosh ekansiz. Bolaning rizqini Yaratganning o‘zi berishini, o‘n yil yig‘insangiz ham, oilangizda bebaraka va fayzsiz ishlar bo‘laversa (bola oldirish, ajrashish), orzularingizga yetmasligingizni mulohaza qilmabsiz-da! «Juda yaxshi-da, bolamni oldiraman, sinovingizdan o‘tmasam-o‘tmabman, ota uyimga ketaman», deb xotiningiz ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib, otasinikiga qaytib ketganida uyingizdagi ahvolni ko‘ring. Yoki qonuniy nikohni rasmiylashtirmay turib, xotinni ko‘paytirishni niyat qilganmisiz? O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 126-moddasida: «Ko‘p xotinli bo‘lish, ya’ni umumiy ro‘zg‘or asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashash — eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi», deb yozib qo‘yilganidan xabaringiz bormi? Diniy jihatdan olib qaraganda ham qo‘sh xotinlik shartlarini bajara olish juda murakkab ish: ham moddiy, ham ma’naviy e’tiborni ta’minlay olishingizga ko‘zingiz yetadimi? Ikkinchi bolani boqa olishga qurbingiz yetishidan shubha qilayapsiz-u, xotiningizni sinovdan o‘tkazishga buncha ishtiyoqmandsiz? Nahotki, to‘laqonli oila bo‘lib yashashga qiziqmasangiz? Onangizning tazyiqi ostida mana shunday harakatsizlik yo‘lini tanlagan bo‘lsangiz, mulohaza qiling: oila sizniki, baxtli bo‘lish uchun avvalo siz harakat qilishingiz kerak. Aslida, avval boshdan niyatni to‘g‘ri qilish kerak edi. O‘ylab ko‘ring, balki oilangizdagi janjallar mana shu nikoh guvohnomasini deb bo‘layotgandir? Xotiningiz ZAGSdan o‘tmay, siz bilan oila qurishga, sizni OTA qilishga rozi bo‘lgan ekan, yana Ona bo‘lishni istayotgan ekan, shu kichik bir iltimosini yerda qoldirmang. To‘g‘ri, bolani ko‘paytirmaslik yoki qonuniy nikoh tuzmayotganingizning o‘ziga yarasha, siz asosli deb o‘ylaydigan sabablari borligi aniq. Balki ajrashmoqchidirsiz?! Biroq taningizga o‘ylab ko‘ring, ajrashgach, qulog‘ingiz, hayotingiz tinchiydimi? Hammasini ijobiy hal qila olishingizga ishonchingiz komil bo‘lsa, oilaga befarqlik va mujmallik yo‘lidan voz keching-u muayyan qaror qabul qiling. Aminmizki, ERKAK sifatida qabul qilgan qaroringiz hammangiz uchun foydali bo‘ladi.

Aziz qizlar, to‘rtta chiroyli ko‘ylak va va’dalarga ishonib, turmushga chiqishdan avval oilaviy hayotingizning huquqiy maqomi qanday bo‘lishini aniqlab oling. Nikohni rasmiylashtirish, kelinlik familiyasiga o‘tish yoki o‘tmaslik, o‘z vaqtida pasport almashtirish, doimiy ro‘yxatga qo‘yish kabi masalalarga befarq bo‘lmang.

Ota-onalar, bolangizni begona uyga uzata turib, qudalaringiz bilan kelishib oling.

Darvoqe, nikohga kirishuvchilar! O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksini o‘rganib chiqsangiz, huquq va majburiyatlaringiz haqida ancha aniq tasavvur hosil qilasiz. Unda nikohdan o‘tishdan tortib, nikoh shartnomasi tuzish, farzand oldidagi huquq va burchlaringiz bilan tanishasiz.

Maqolani huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev tavsiyalari asosida Aziza Qurbonova tayyorladi.

Manba: «Sug‘diyona» gazetasi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qaynonaning sinovi qachon tugaydi?