11:32 / 10.11.2017
8 882

Yo‘li shunaqa...

Yo‘li shunaqa...
Hozir juda qaltis davr bo‘lib qoldi. Qani, birovdan bir so‘m olib ko‘ring-chi, ko‘radiganingizni ko‘rasiz.
Oliy ma’lumotli vrach bo‘lib ishga tushdim. Tuman poliklinikasida ishlayman. Maoshim ham uncha ko‘p emas. Axir, yarim shtatga qancha ham berardi. Boz ustiga, qishloqdan qatnayman. Har kuni uch ming borishga, uch ming kelishga ketadi, tag‘in tushlik ham bor. Maoshning yarmi yo‘lkiraga ketadi. Ammo «chap» yo‘q. Birovdan bir so‘m ololmaysan. Hamma joyga, hatto xonalarimizga ham korrupsiyaga qarshi kurashish haqida balodek yozuvlar osib tashlangan. Ammo ba’zi bir bemorlar:
— Mana, uka, sizga ataganim bor, — deb bir-ikki so‘m choychaqa uzatsa bormi, sen:
— Yo‘q, yo‘q, aka, ololmayman. Vijdonim yo‘l qo‘ymaydi, qasam ichganman, — deb oyoq tirab turib olasan.
Ha, shunaqa. Ammo sekin-sekin ishlayversang, hammasining yo‘lini bilib olaverar ekansan. Mana, misol. Qo‘shni xonada salkam oltmishga yaqinlashib qolgan Otaboy doktor ishlaydi. Topish-tutishimdan nolisam, u miyig‘ida kulib:
— Ha, bola, darrov milliarder bo‘moqchilarmi? Hali ikki-uch yil qiynalib ishlang, ana undan keyin asta-asta bo‘laveradi, akosi, — deydi.
Shundan so‘ng zimdan Otaboy doktorni kuzatdim. U xonasiga kirgan kasal bilan yaqin qarindoshlardek quyuq so‘rashib, keyin kasalini tekshirib dori yozib berar ekan-da, to hovligacha kuzatib chiqarkan. Mijozga «dorini falon dorixonadan oling, xo‘pmi, u yigit dorini faqat chetdan olib keladi, ham arzon, ham foydasi zo‘r», deb qo‘yar ekan bosh barmog‘ini ko‘rsatib. Tavba, deb hech nimaga tushunmay endi xonamga kirib joyimga o‘tirgan ham edimki, bir yigit kelib, stulga o‘tirdi.
— Siz yangi kelgan doktormisiz? — deb so‘radi dabdurustdan.
— Ha, aka, nima xizmat? Qayeri­ngiz og‘riydi? — so‘radim men ham pinagimni buzmay.
— Soppa-sog‘man, ammo sizga bir taklifim bor. Men huv pastdagi dorixonaning xo‘jayiniman, ismim Akmal. Bizda dorilarning hamma turidan bor. Ham arzon, ham foydali. Savdomiz yurishsin, aka, sizga ham, bizga ham foyda bo‘lsin, deb keldim. Mijozlarni bizga jo‘nating, xo‘pmi, anavi Sattor semizdan sizga nima naf. Sizdan nima ketdi, bitta qalamni shundoq qilib «Lola»ga deb yozib qo‘ysangiz, olam guliston.
Men uning gaplarini bemalol eshitdim. Ha-a, obbo, Otaboy aka-ey, bizga «yo‘li»ni o‘rgatmagan ekansiz-da, deb qo‘ydim ichimda.
O‘ylashib ko‘ramiz, deb uni asta jo‘natib yubordim, shunda bu gaplarni eshitib o‘tirgan hamshira qiz Guli:
— Doktor aka, o‘zi hamma shunaqa qiladi bu yerda. Mana, masalan, xirurg Soli aka ham, bolalar vrachi Shahnoza opa ham, hatto Otaboy doktor ham shunday qiladi. Ish vaqti tamom bo‘lgach, asta o‘sha dorixonaga kirib ulushini olib ketishaveradi. Vrachlar retsept yozib o‘tirganida o‘zining ulushi qancha bo‘lishini hisoblab ham qo‘yishadi, shunaqa. Bu ham bir yo‘li-da. Hatto, doktor aka, sizga yana bir yo‘lini aytay. Tashqarida, ya’ni ko‘chada bir-ikkita «klenttopar» topib qo‘ymasangiz yutqazasiz, nonsiz qolib ketasiz. Ha, sizning xonangizga kasal yo‘lamaydi. Anavi «qari tulkilar» har qaysisi uch-to‘rtta odam yollab qo‘yishgan. Har bir kasal uchun besh-o‘n mingdan berishadi.
Obbo, ustamonlar-ey, hali gap bu yoqda ekan-da, deb o‘yladim ichimda…
Shu bugun juda charchadim. Kirakash mashinaga o‘tirib, uyga qaytyapman. Xayolimda bugun bo‘lib o‘tgan voqealarni jonlantiraman. Yarim yo‘lda yo‘l inspektorining hushtagidan hushyor tortdim.
— Nima bo‘ldi? — desam, haydovchi:
— Nima bo‘lardi, aka, hozir ko‘ramiz, — deb tushib ketdi. Haydovchi yigit hujjatini ko‘rsatar-ko‘rsatmas iziga qaytib, mashinasiga o‘tirdi.
— Xo‘sh, — dedim, — tinchlikmi?
— Qayoqda tinchlik, huv benzinfurushlarni ko‘ryapsizmi? Ha, balli. Shularning orasidagi Qadamboy deganiga o‘n litr benzinning pulini berar emishman, — dedi haydovchi, — bo‘lmasa, kira qildirishmaydi bular.
— Benzin olgandir-da? — desam, haydovchi bechora:
— Qanaqa benzin? Bu ham… bir yo‘li-da, aka. Yo‘li shunaqa, — deb qo‘ydi.
Boltaboy MUHAMMAD QURBON

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yo‘li shunaqa...