18:02 / 07.01.2018
8 109

Qanday insonlar muvaffaqiyatga erisha olmaydi?

Qanday insonlar muvaffaqiyatga erisha olmaydi?
Harvard iqtisodchisi Devid Deming 1980 yildan boshlab turli mutaxassisliklar bo‘yicha ishlar xarakterini o‘rgandi va birinchi navbatda, ijtimoiy ko‘nikmalarni talab qiluvchi vazifalar soni 24 foizga oshgani, intellekt va texnik toifani talab qiluvchi vazifalar soni esa u qadar yuqori ko‘rsatkichni qayd etmaganini ta’kidladi.

Deming shuningdek ish haqining oshishi birinchi navbatda ijtimoiy ko‘nikmalar zarur bo‘lgan faoliyat sohalarida kuzatilishini aniqladi.

Ijtimoiy intellektga urg‘u berilgan sari undan mahrum kishilar umumiy massada u qadar ijobiy namoyon bo‘lmaydi.

Barchamiz shunday insonlarni bilamiz: siz shoshilinch ishni bajaryapsiz, u esa gapirishdan to‘xtamaydi; u g‘oyalaringiz muallifligini o‘zlashtiradi; xatolar tufayli sizni bexijolat navbatdagi tungi smenaga chaqiradi — bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.

Ularning aksariyati aqlli odamlar, shunday bo‘lsa-da, ular doimiy ravishda atrofdagilarni o‘zlariga qarshi qilaverishadi. Afsuski, o‘zlikni anglash va boshqa ijtimoiy ko‘nikmalarning yo‘qligi ularning karerasi uchun to‘siq bo‘ladi.

Ijtimoiy ko‘nikmalar va o‘zlikni anglash — bu emotsional intellektning tarkibi. TalentSmart'ning milliondan ortiq kishilarda o‘tkazgan tadqiqotlari emotsional intellekt mehnat samaradorligining 58 foizi uchun javob berishini ko‘rsatmoqda.

Shunday toifali kishilar borki, ularning karerasiga bu kamchilik katta ziyon yetkazadi.

Ulardan biriga aylanmaslik uchun birovning tajribasini o‘rganib, o‘z xatti-harakatlaringizga tuzatish kiritishingiz mumkin.

1. Qo‘rqoqlar

Qo‘rquv — haddan tashqari kuchli motivator. Aynan shuning uchun prezidentlikka nomzodlar saylovchilarga raqib albatta iqtisodiyotni barbod qilishini aytishar, sigareta qutilarida esa chekish zararli ekanidan ogohlantirishar ekan.

Qo‘rquv ishdagi asosiy motivatorga aylanganida bu noratsional va zararli xatti-harakatlarga olib keladi. Qo‘rqoq hamkasb o‘z qilmishlarida boshqalarni ayblashga shoshadi va hatto uni to‘g‘ri deb hisoblasa ham o‘z nuqtai nazarida qat’iy turishga tayyor emas.

2. Dementorlar

Joan Roulingning Harri Potter haqidagi kitoblariga ko‘ra, dementorlar — odamlarning qalbini so‘rib olib, bo‘m-bo‘sh tanasini qoldiradigan yovuz mavjudotlar.

Dementor xonaga kirganida qorong‘u va sovuq bo‘ladi, u yerdagi barcha insonlar birdan o‘z hayotidagi eng yoqimsiz onlarni xotirlay boshlashadi. Roulingning aytishicha, dementor obrazi xonaga kirib muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ba’zi odamlarni takrorlaydi.

Dementorlar yo‘llarida duch kelgan odamlarga salbiy his-tuyg‘u va pessimizm ulashishadi. Bunday kishilar har qanday vaziyat va hamma narsaning faqat yomon tomonini ko‘rishadi, ular atrofdagilarda doim qo‘rquv va xavotir uyg‘otishga urinishadi.

3. Kibrlilar

Kibrli kimsalarga vaqt ketkazishga hojat ham yo‘q — qilayotgan barcha ishlaringiz ularga chaqiriqdek tuyuladi. Kibr — o‘ziga bo‘lgan ishonchning soxta ko‘rinishi, aslida esa buning aksi bo‘ladi.

Akron universiteti tadqiqoti kibr ishdagi muammolarni keltirib chiqarishini ko‘rsatgan. Bunday kishilar, qoidaga ko‘ra, ishni yaxshi uddalay olishmaydi, muloqotda yoqimsiz va o‘rtacha odamdan ko‘proq kognitiv muammolarga ega bo‘lishadi.

4. Konformistlar

Guruh fikrini o‘z fikridan doim ustun qo‘ygan inson eng kam to‘siqli yo‘lni tanlaydi va har qanday muammoni hal qilishning avvaldan ma’lum bo‘lgan yo‘ldan yuradi.

Agar birovning nuqtai nazarini yetkazayotgan bo‘lsangiz, ehtiyot bo‘ling — bu ketishda katta natijalarga erisha olmaysiz.

5. "Oq qarg‘alar"

Bunday odamlar o‘zlarining muvaffaqiyatsizliklari uchun javobgarlikni ko‘pincha tashqi shart-sharoitlarga ag‘darishadi.

Darhaqiqat, inson omad tufayli ham muvaffaqiyatga erishishi mumkin, biroq oxir-oqibat natija asosida odatda qattiq mehnat yotadi. Agar dunyo sizga qarshi birlashgan bo‘lsa, ehtimol, sizga real to‘siqlar emas, muammoga yondashuvingiz ko‘proq xalaqit berayotgandir.

6. Qoni "qaynoq" kishilar

Ba’zi odamlar o‘z hissiyotlarini mutlaqo nazorat qila olishmaydi. Ular suhbatdoshiga hujum qilib qolishi hech gap emas, ularning his-tuyg‘ulari bilan hisoblashishmaydi va aksariyat holatlarda bosh og‘rig‘ini keltirib chiqarishadi.

Serhissiyot odamlar yaxshi ishlay olishmaydi, chunki his-tuyg‘ular ularning to‘g‘ri fikrlashiga xalaqit beradi, o‘z-o‘zini nazorat qila olmaslik esa atrofdagilar bilan aloqa o‘rnatishga halal beradi. Ulardan ehtiyot bo‘ling, hissiyotlarini jilovlay olmaydigan kishilarning "qurboni"ga aylanmang.

7. Qurbonlar

Qurbonni aniqlash qiyin, chunki biz dastlab bunday odamlarning muammolariga hamdard bo‘lamiz. Biroq vaqt o‘tgan sayin bu doimiy holat ekanini tushunib boramiz.

Qurbonlar mas’uliyatni o‘z bo‘ynilariga olishdan qochishadi va o‘z yo‘llaridagi har qanday "tosh"ni yengib bo‘lmas "tog‘"ga aylantirishadi. Ular uchun qiyinchiliklar — o‘qib-o‘rganish va rivojlanish uchun imkoniyat emas, hech nima qilmaslik uchun sabab.

8. Ishonuvchan odamlar

Albatta, ishonuvchan odamlarga hamma achinadi, ayniqsa uzoq ish kunidan so‘ng ular rahbarning farzandlariga qarab turishga rozi bo‘lishganidan keyin. Shunisi qiziqki, bularning bari dam olish kunida ro‘y beradi.

Tez ishonuvchan odamlar (odatda ularning hayotiy tajribasi kam bo‘ladi) sokin daryo shiddatli okeanga aylanmagunga qadar oqim bo‘ylab suzishadi. Yodingizda bo‘lsin: ish haqi borasida kelishish - normal holat, yo‘q deyish ham! Barchasi to‘g‘riligiga shubha qilsangiz, savollar berishingiz mutlaqo tabiiy. O‘z nuqtai nazaringizda sobit tursangiz, sizni hurmat qilishadi.

9. Kechirim so‘rovchilar

Umuman uzr so‘ramaydigan kishilardan tashqari, haddan tashqari ko‘p kechirim so‘raydiganlar ham bo‘ladi.

O‘ziga ishonchi kam bo‘lgan kishilar doim o‘z g‘oyalari va xatti-harakatlari uchun uzr so‘rashadi. Ular muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqishadi va uzr so‘rash sug‘urta sifatida ish beradi, deb hisoblashadi. Keraksiz uzrlar esa, buning o‘rniga, g‘oyalar qadrini va ularning amalga oshish ehtimolini kamaytiradi.

G‘oyangiz qadr-qimmati tovush ohangi va tana "tili" bilan qo‘llab-quvvatlanishi juda muhim. G‘oya yoki fikrni savol ko‘rinishida taqdim etish - oldindan uzr so‘rashdek gap. Agar o‘zingizni haqiqatda amaliy bir g‘oyaga ega deb hisoblasangiz, ishonch bilan so‘zlang.

Xulosa

Yuqoridagi kamchiliklardan hech biri o‘z-o‘zidan so‘nggi hukm bo‘la olmaydi, emotsional intellektingizni rivojlantirib, istagan vaqtingizda ularni tuzatishingiz mumkin.

Buning uchun o‘zgarishlarni xohlayotganingizga va o‘zingizning xatti-harakatlaringiz uchun javob berishingizga ishonch hosil qiling.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qanday insonlar muvaffaqiyatga erisha olmaydi?