10:40 / 12.01.2018
9 608

Ona va "mehribon ona" bo‘lish o‘rtasida farq bor

Она ва "меҳрибон она" бўлиш ўртасида фарқ бор
Bir necha yillardan beri kasbim taqozosi tufayli ko‘p oilaning taqdiri bilan bog‘liq hikoyalarga guvoh bo‘lyapman. Kuzatishlarim natijasida shunga amin bo‘ldimki, aksariyatimizning ko‘ngil jarohatimiz – mehr-muhabbatga ehtiyojmand­li­gimizda. “Xonim afandi, kap-katta ayolga aylandim, ona bo‘ldim. Lekin ortda qolgan umrimga qarab, onamning mehriga qongan kunlarimni eslayolmayman. Onam meni yaxshi ko‘rishini, onalik sevgisini his qilmaganman. Bolalarimga ham muhabbatimni ochiq ko‘rsatolmayman.

Chunki men ona mehrini ko‘rmay o‘sganman”, deb yig‘lagan ayollarni ko‘rdim. Bunday og‘ir dard jarohatini aniq-tiniq ko‘rish men uchun ham og‘ir. Shuning uchun har doim o‘zimiz mehr-muhabbat ko‘rmagan bo‘lsak-da, farzandlarimizni muhabbatdan bebahra o‘stirmaylik, ular sevgimizni his qilib ulg‘aysinlar, deyman. Dilbandlarimiz bilan birga o‘ynab, mehrimizni ko‘rsataylik. Uxlab yotganlarida ham uyg‘oqligida ham o‘pib-suyib, bag‘rimizga bosib erkalaylik.

Dasturxonda o‘tirganimizda: “Buni sen uchun pishirdim, osh bo‘lsin, bolam”, deya himmatimizni namoyish etaylik. Har bir qarashimiz, har bir so‘zimizdan dilbandimiz ONA MEHRIni his etib tursin. Chunki har doim ta’kidlaganimdek, ona bo‘lish bilan MEHRIBON ONA bo‘lish orasida yeru osmoncha farq bor...

BOLAGA BAQIRISh KERAKMI?

Bir dugonam xabar yozib jo‘natibdi: “Siz haqiqatdan ham bolalaringizga baqirmaysizmi?”
Unga javob yozdim va bu barcha onalarni qiziqtirgani uchun bu yerga ham yozib qoldiray, dedim. Bolalarimizga nima uchun baqirib bo‘lmasligini “Baqirmagan onalar” kitobimda tushuntirishga harakat qilganman. Bir-ikki og‘iz jumla bilan izohlanadigan mavzu emas, bu. Ammo asosiysi o‘zingizga yoqmagan munosabatni bolangizga ham qilmang! O‘zingiz eshitganingizda ko‘nglingizni vayron qiladigan so‘zni dilbandingizga ham aytmang!

Agar bolaligingizni eslaganingizda: “Onam menga bir baqirardiki, ko‘nglim ko‘tarilardi! Arzimagan narsaga ayamay do‘pposlardi, mazza qilardim! Eh-h, meni urgan qo‘llari dard ko‘rmasin!” desangiz, bolangizga baqirib, urib, so‘king, qarg‘ang! Agar bolalik paytingizda ota-onangizning dag‘al muomalasi yoqmagan bo‘lsa, bilingki, bolangizga ham baqir-chaqir, kaltagu qarg‘ishlar yoqmaydi! “Yo‘q, men bolamga baqirmasam bo‘lmaydi-da”, desangiz, u maydonchada o‘ynayotganida: “Qani, uyga kir, seni juda sog‘indim, kitob o‘qiymiz!” deb hayqiring...

“Oshxonaga kir, yaxshi ko‘rgan ovqatingni pishirdim!” deb baqiring?.. “Bolajonim, Alloh bergan ne’matim! Seni juda yaxshi ko‘raman! Seni bergan Robbimga shukr­lar bo‘lsin!!!” deb hayqiring! Lekin zinhor, “ahmoq”, “aqlsiz”, “eshshak”, “jonimga tegding!” deya ko‘rmang! Shunday desangiz bolangizga jabr qilasiz va keksayganingizda bir jafoingiz ming jabr bo‘lib o‘zingizga qaytadi.

Xadiyja Kubro Tongar. Turkiyalik psixolog
Umida Adizova tarjima qildi

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ona va "mehribon ona" bo‘lish o‘rtasida farq bor