Ba’zi yoshlarimiz turli axborot manbalarida, xususan, internetda ko‘rgan, eshitgan narsalari tufayli turli yomon ta’sirlarga tushib qolayotgani hech kimga sir emas. Internet orqali tarqalayotgan eng mudhish og‘u – ma’naviy zahardir. Ustozlarimiz, mashoyixlarimiz aytishganidek, globallashuv zamonida hududlar emas, qalblar zabt qilinmoqda. Harbiy yurishlardan ko‘ra fikriy xurujlar orqali g‘arazli maqsadlarga tezroq va kengroq erishilmoqda.
Ayniqsa, bugungi kunda yoshlarimizning ongini zaharlash, ular orasida turli buzg‘unchi fikrlarni, sirti yaltiroq, ammo botini fasodga to‘lgan g‘oyalarni tarqatish uchun internetda ko‘plab sahifalar, ijtimoiy tarmoqlarda turli kanallar, matnlar, ovozli va tasvirli lavhalar joylashtirilmoqda. Bu ish keng ko‘lamda, aniq reja asosida, maqsadli ravishda olib borilyapti, tarqatilayotgan ma’lumotlar yuqori sifatli, tiniq tasvirli qilib tayyorlangan, ichiga oyat-hadislardan dalil-isbotlar to‘ldirilgan, ko‘rgan odamning e’tiborini tortadigan qilib ishlangan.
Buning oldini olish uchun oilada, mahallada, o‘qishda va ishda nazoratni kuchaytirish lozim. Yoshlarimiz, farzandlarimizning ana shunday ma’naviy og‘ularni ochib o‘qishi, eshitishi yoki ko‘rishining oldini olishimiz, nazoratni kuchaytirishimiz kerak. Yoshlarimiz ularning farqiga bormay, to‘g‘ri-noto‘g‘riligini bilib-bilmay ko‘chirib olib, kompyuterlarda yoki telefonlarida olib yurishi, tanish-bilishlariga ulashishi mumkin. Bunday holatlar ko‘p uchrayapti, oqibatda turli ko‘ngilsiz holatlar yuzaga kelyapti.
Shuning uchun tavsiyamiz shuki, yoshlarimiz dinimizning ta’limotini albatta o‘rgansin, diniy ilm olsin, ammo faqat rasmiy manbalardan, yurtimizda faoliyat ko‘rsatib turgan jome’ masjidlarning internet-sahifalaridan olsin. Alhamdulillah, bunday ma’rifiy sahifalarimiz, kanallarimiz, ancha ko‘payib qoldi, ularga kirayotgan muxlislarning, doimiy o‘qib borayotgan azizlarimizning soni kundan-kunga ortib bormoqda. Davlatimiz, diniy idoramiz yoshlarda to‘g‘ri dunyoqarashni shakllantirish uchun bu boradagi faoliyatni yanada kengaytirishni talab qilyapti.
Alloh taologa hamdlar bo‘lsinki, bugungi kunda internet vositasida tufayli istalgan masjiddagi, istalgan imom-xatibning ma’ruzalarini uyda o‘tirib eshitish, ilm o‘rganish, ma’rifat hosil qilish imkoniyati bor. Internetda imom-xatiblarimizning juma mav’izalari, suhbatlari, savol-javoblari berib borilyapti, sahifalarimizda, kanallarimizda juma mav’izalarining ham matni, ham ovozi, ham tasviri berib borilyapti. Erkaklarimiz juma kuni istagan jome masjidiga borib, mav’iza tinglashi mumkin. Ammo ayollarimizni ushbu ma’ruzalardan, ilm-ma’rifatdan mahrum qilib qo‘ymaylik, ular odatda uy-ro‘zg‘or ishlari bilan, farzand tarbiyasi band bo‘lishadi. Yoshlarimiz ilmga chanqoq, texnikaga usta, ana shu ma’lumotlarni bemalol ko‘chirib olib, o‘zi eshitsin, ota-onasiga, do‘stlariga ulashsin, marhamat!
Ammo, Alloh asrasin, norasmiy manbalardan, shubhali sahifalardan, egasi kimligi, maqsadi noma’lum kanallardan har xil ma’lumotlar yozib olinsa, tarqatilsa yoki telefonda olib yurilsa, yoshlarimiz tajribasizlik, diniy savodsizlik tufayli ulardagi buzg‘unchi fikrlardan, radikal g‘oyalardan ta’sirlanib qolishi mumkin. Buning oqibati nima bo‘lishi hech kimga sir emas. Qolaversa, bunday sahifalarga, kanallarga kiruvchilar, u yerda yozilgan matnlarni, ovozli yoki tasvirli lavhalarni telefonida olib yurgan shaxslar huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan shubha ostiga olinishi mumkin. Bunday holatlarning oxiri jinoyat bilan tugab, qancha yoshlarimiz qamoq jazosiga hukm qilinayotganini ommaviy axborot vositalaridan eshitib, ko‘rib turibmiz.
Yoshlarimizga tushuntiraylik, o‘rgataylikki, diniy-ma’rifiy ma’ruzalarni o‘qish, eshitish va ko‘rish mumkin, marhamat, ammo rasmiy masjidlarimizning, diniy idoramiz tomonidan rasman tayinlangan imom-xatiblarimizning ma’ruzasini eshitishsin. Alhamdulillah, Vatanimiz avval ham buyuk allomalar yurti bo‘lgan, bugungi kunda ham payg‘ambarlarning vorisi bo‘lgan ulamolarimiz ko‘p, yoshlarimiz, ayollarimiz ana shularning, ustozlarimizning ma’ruzalarini, va’z-irshodlarini tinglashsin.
Ammo xorijga chiqib olib, tuzlig‘iga tupurayotgan, ulamolarimizning sha’niga noloyiq so‘z aytayotgan, o‘z Vatanining obro‘siga loy chaplayotgan kimsalarning diydiyosini eshitishmasin, ularga quloq solishmasin, ular qilgan xatoni takrorlashmasin. Ilgari oila boshlig‘i farzandining kundalik daftarini tekshirib turar edi. Bugungi kunda esa farzandimizning telefonlarini, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini ham tekshirib turish vojib bo‘lib qolyapti.
Bu ogohlantirishdan asosiy maqsad shuki, bu tinch-osuda kunlarning qadriga yetaylik, berilgan imkoniyatlardan, yengilliklar, imtiyozlar, kengchiliklardan unumli foydalanaylik, noshukr bo‘lib qolmaylik. Farzandlarimizga telefon olib berayotgan bo‘lsak, ular har kuni internetga kirayotgan bo‘lsa, ularning nazorati uchun mas’ul bo‘laylik.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Manba: Erk.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi