— Voydod, uyim yonayapti, yordam beringlar!
Ayol kishining tongdagi bu hayqirig‘i butun mahallani oyoqqa turg‘azdi. Sochlari bir ahvolda hayqirgan ayol, ko‘chaga otilib chiqdi. Ikkita qo‘shni erkak ayolning oldiga chopib chiqishdi.
— Nima gap tinchlikmi, Mavluda opa?
Mavluda uyiga ishora qilib, battar qichqira boshladi.
— Bolam, bolam qolib ketdi! Qutqaring!
Qo‘shni erkak uyga chopib kirib o‘n yoshlar atrofidagi bolani ko‘tarib chiqdi. “Tez yordam” mashinasi va yong‘in xavfsizligi xodimlari yetib kelishdi. Mavluda opaga birinchi yordamni ko‘rsatishdi. Yong‘in xavfsizligi xodimlari uy ichini ko‘zdan kechirib, ofat nimadan kelib chiqqanini anglab yetishdi. Mavluda jiddiy so‘roq qilinib, dalolatnoma tuzildi.
Ma’lum bo‘lishicha, elektr energiyasiga kamroq to‘lash maqsadida uyga o‘g‘rincha elektr simi o‘tkazib olingan edi. Yoz oylarida Mavludaning turmush o‘rtog‘i Davron devor ichiga maxsus pech qurmoqchi ekanini aytdi. Bu gapni eshitgan ayolning fig‘oni falakka chiqdi.
— Esingiz joyidami? Shuncha pul sarflab pech qurasizmi? Undan ko‘ra boshqa narsaga sarflaymiz. Ana, Sodiq aka o‘g‘rincha elektr sim o‘tkazib, isitkich yoqib o‘tiribdi. Biz ham shunday qilamiz, ozgina sim olib kelsangiz bo‘ldi.
— Jinnimisan, ertaga birov kelib ko‘rib qolsa, katta jarima to‘laysan. Boshingga balo qilib o‘tirmagin yana, — dedi Davron xotiniga tushuntirishga urinib.
Mavluda pulni tejab qolish maqsadida erini shu ishga ko‘ndirdi. O‘g‘rincha elektr sim o‘tkazildi. O‘zlaricha qishga tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishdi.
Kuzning boshlarida Davronni akasi Rossiyaga ishlash uchun chaqirdi. Davron xotiniga ehtiyot bo‘lishni tayinlab ketdi. Mavluda qurilajak pechning puliga chiroyli etik sotib oldi. O‘g‘liga kurtka olib berdi. O‘zicha qo‘lbola isitgich ham tayyorlatib oldi. Qish g‘amini shunday rejali uddalaganidan xursand edi. Mavluda bozorga chiqib ketgan kuni onasi keldi. Nabirasi bilan gaplashib o‘tirgan buvining ko‘zi gilam ostidan o‘tgan simga tushdi. Borib gilamni ko‘targan buvining jahldan yuzi bo‘g‘riqib ketdi.
— Kim qildi buni? — deb nabirasidan so‘radi.
— Ayam qildilar. Tomdan sim ulashdi. Qishda isitgich yoqarkanmiz.
— Xavfli-ku bu!
Eshik ochilib, qo‘lida ikkita sumka bilan Mavluda kirib keldi.
— Iye, assalomu alaykum, oyi, yaxshi keldingizmi? —so‘rashdi Mavluda onasi bilan.
Ona qizi bilan xushlamaygina so‘rashib, gilam ostiga imo qildi.
Mavluda onasi ko‘rsatgan joyga bepapvo qarab qo‘ydi.
— Kallang joyidami seni? Bu xavfli-ku! Bilasanmi, mahallamizdagi Xosiyatning bolalari shunaqa o‘g‘rincha elektr simi tufayli vafot etishgandi.
— Oyi, nafasingizni issiq qiling! Doim yomonlik haqida o‘ylaysiz. Bu yer xavfsiz. Qish kelyapti, chiroq borida isitgich yoqamiz, shuyam harna, hisoblagichga yozmay to‘lovni kamroq to‘laymiz.
— Miyangdan chiqarib tashla bunday o‘ylarni. Bolangni o‘ylasang-chi!.
— E, bo‘ldi, oyi. Ishimga aralashmang! O‘zingiz “shu qizim qiynalib qoladi, kel bolam, opangga olgan ko‘miringdan beraylik” demaysiz, jon koyitmaysiz. Endi bu yerga kelib, uni qilma, buni qilma, deysiz. Mana, kuni kecha ukam ikki tonna ko‘mir tushirdi, ilindingizmi?
Qizining ta’na-yu malomatlaridan onaning dili og‘ridi. Shuncha paytdan buyon bitta-yu bitta qizining yuragida, shuncha alamli iddaolari borligini bilmagan ekan, u bir so‘z demay uydan chiqib ketdi…
Qishning qirovli kunlari kelib, havo sovuqlashdi. Kun oralatib qor ham tashlab qo‘yadi. Mavluda o‘g‘rincha “ishi”dan mag‘rurlanib, qo‘lbola isitgichini yoqib o‘tiribdi. O‘g‘li ham lovullab qizib turgan isitgich oldiga borib, qorbo‘ron o‘ynab muzlagan qo‘llarini isitib oladi.
Qish tunlarining birida Mavludani badani sovqotganday bo‘lib uyg‘onib ketdi. Qarasa isitgich o‘chib qolibdi. Chiroq yoniq. Mavluda o‘rnidan turib oyoq tomoniga o‘rnatilgan isitgichni tekshirdi, hammasi joyida. Hech qayerdan xato topa olmagach, o‘rniga yotdi. Tong otishiga sanoqli soatlar qolganda, ayolning xayoliga o‘g‘lining maktabga borishi keldi-yu, shoshib o‘rnidan turdi. Tungi voqea yodiga tushib, gilam ostidan o‘tgan simni tekshirdi. Simni ikki tomondan tutashgan joyi qorayib, erib qolgan edi. Mavluda o‘zicha simni ochib to‘g‘rilashga kirishdi. Kuygan joyini kesib tashlab uladi. Keyin isitgichni yoqqandi, kuchli chaqnash yuz berib, simni yuqoridan ulangan joyidan to isitgichgacha yashin tezligida olov kelib, Mavludani qo‘llarini kuydirib o‘tdi. Mavluda dodlaganicha o‘zini eshikka urdi. Ko‘chaga arang chiqib, qo‘shnilarni yordamga chaqirdi…
Qo‘lbola isitgichning nosozligi Mavludaning hayotiga nuqta qo‘yishga oz qoldi. Bu ham yetmaganiday, yaqindagina ta’mirdan chiqqan uyini bir ahvolga solgani ham mayli, keragidan ortiq jarima ham to‘ladi. O‘z vaqtida erining, onasining so‘zlariga quloq solmagani qishning ayozli kunida o‘ziga pand berdi.
Mansurbek RO‘ZIYeV.
Manba: tasvir.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi