U tog‘lik er-xotin Sono va Jadening qizi edi. Bir yili dehqonchilikda ularning omadi chopmadi, Kotgar yaqinidagi Satle vodiysida ekilgan ozgina ekinni ham ayiqlar payhon qilib ketdi.
Tog‘lik er-xotin bunday talofatni o‘z xudolarining marhamatsizligiga yo‘yishdimi, boshqa sababdanmi, o‘sha yili qishda ular masihiylik dinini qabul qilishdi va qizlarini Kotgarga, nasroniylar qishlog‘iga cho‘qintirgani olib borishdi. Kotgar rohibi qizga nasroniycha Elizabet ismini berdi. Qabiladagilar esa qizni Lisbet deya talaffuz etib chaqira boshladilar.
Ko‘p o‘tmay Kotgar vodiysiga vabo tarqaldi. Mash’um o‘lat Sono va Jadeni olib ketdi. Qizcha esa ruhoniyning qaramog‘ida qoldi. Kotgar rohibining ayoli uni o‘ziga xizmatkor, joriya qilib olgandi. Lisbet ruhoniy xonadonida shu tariqa ulg‘aya boshladi.
O‘z qabilasining ma’budalari qizni avvaldan siylashganmidi yoxud nasroniylik uning chiroyini ochdimi, Lisbet haqiqiy sohibjamol bo‘lib borayotgandi. U har kuni sayr qilgani chiqar, shunchaki atrofning go‘zalligidan bahra olish uchun ellik mil chamasi yo‘l bosardi. Uning yuzlaridek jozibador chehrani odatda faqat suvratlarda, kamdan-kam hollarda hayotda uchratish mumkin edi. Qizning butun vujudi fil suyagidek oppoq rangda edi. U o‘z qabiladoshlariga qaraganda ancha baland bo‘yli, ko‘zlari esa hayratlanarli darajada chiroyli edi. Agar siz uni tog‘ qo‘ynida tanho uchratib qolsangiz, ma’buda Diananing o‘zi ov qilgani chiqibdimikin, degan xayolga borardingiz.
Lisbet nasroniylik e’tiqodiga osongina ko‘nikdi. U boshqa qizlarga o‘xshab ulg‘ayib, esini tanigach, o‘z diniga o‘tib ketmadi. Qabiladoshlari shuning uchun ham uni juda yomon ko‘rishardi.
Bu paytda rohibning xotini qiz bilan qanday muomala qilishini bilmay qolgandi. Axir, bunday xushsurat, bokira farishtaga idish-tovoq yuvishni buyurishga kim ham botina olardi. Shuning uchun ham Lisbet rohibning bolalari bilan emin-erkin o‘ynab yurar, yakshanbalik maktabga qatnar, uyda qanaqa kitob bo‘lmasin, barchasini qiziqish bilan o‘qib chiqardi. Rohibning xotini qizni Simlaga yuborib, unga munosibroq ish topib berish haqida ko‘p gapirardi. Lisbet o‘ziga boshqa joy qidirishni xayoliga ham keltirmasdi. U Kotgardan ketishni umuman istamasdi.
Bir safar Kotgarga sayyohlar kelishdi. Ular bu tomonlarga kamdan-kam tashrif bo‘yurishardi. Lisbet esa ular meni Simlaga yoki shunga o‘xshagan notanish tomonlarga olib ketib qolishadi, deb o‘ylagan, shu bois xonasidan tashqari chiqishga ham qo‘rqib qolgandi.
O‘shanda u o‘n yetti yosh bo‘sag‘asida edi. Kunlarning birida sayr qilgani toqqa jo‘nadi. Qiz yarim mil piyoda yurib ortiga foytunda qaytadigan ingliz xonimlariga o‘xshamasdi, albatta.
U o‘zining “qisqagina” sayohati davomida Kotgar atrofini to‘liq aylanib chiqar, 20-30 milcha yo‘l bosar, hatto Narkundagacha borib kelardi. Nafasi og‘ziga tiqilib, yukning og‘irligidan burni yerga tekkudek holatda uyiga kirib kelganida, rohibning xotini mehmonxonada uxlab yotardi. Qiz yelkasidagi “yuk”ni divan ustiga qo‘yarkan, ochiqchasiga gap boshladi:
– Bu mening erim. Men uni Bagiga boradigan yo‘ldan topib oldim. U qoyadan qulab tushganga o‘xshaydi. Biz uni davolaymiz. U tuzalib ketsa, rohib bizni nikohlab qo‘yadi.
Shu paytga qadar Lisbetni bunday vaziyatda ko‘rmagan rohibning xotini birdan dahshatga tushdi. Biroq hozir birinchi navbatda divan ustida behush yotgan yigit haqida o‘ylash lozim edi. Boshidan jarohat olgan yoshgina ingliz yigiti hamon divan ustida hushsiz yotar, bilinar-bilinmas nafas olardi, xolos.
Uni to‘shakka yotqizishdi. Tib ilmidan oz-moz xabardor rohib behush yigitning yarasiga malham qo‘yib bog‘ladi. Lisbet esa eshik oldida har qanday topshiriqqa shay bo‘lib turardi. Qiz rohibga ham o‘z qarorini bildirdi. Rohib ham, xotini ham qizni namoyishkorona andishasizlikda aybladi. Uni insofga chaqirmoqchi bo‘lishdi. Lisbet esa ularni jimgina tinglab, boyagi gapini takrorladi. U tushunmasdi: axir qanday qilib ko‘nglingdagidek yigitni uchratganingda ham u haqda hech kimga og‘iz ochmay yuraverish mumkin! Shu sababli ahdida qat’iy turib oldi. Yigit oyoqqa turgach, u bilan turmush quradi.
Qiz yigitning oyoqqa turishi, uylanadigan darajada kuch-quvvat yig‘ishi uchun har qanday ishga tayyor turardi.
Ikki haftada yigitning boshidagi jarohatlar bitib ketdi. U bunday mehribonlik uchun rohibga, uning xotiniga, hammadan ko‘proq Lisbetga minnatdorlik bildirdi. U Sharqqa (o‘sha paytlarda bu tomonlarga sayohat qilish u qadar ommaviy tus olmagandi) sayohat qilish umidida kelganini, Dera-Dundan tog‘larida turli xil giyohlar va kapalaklar yig‘ish uchun chiqqanini aytdi. Shu sababli Simlada uni hech kim tanimas ekan. O‘zining aytishicha, baland qoyada o‘sgan allaqanday giyohni uzmoqchi bo‘lib chiqqanda muvozanatni yo‘qotib, pastga qulabdi. U sog‘ayib ketishi bilan Simlaga qaytishini aytdi. Endi tog‘lar uni o‘ziga maftun etmasdi.
U qishloqni tezroq tark etishni istar, biroq hali buning uchun yetarlicha mador to‘play olmagandi. Lisbet esa hech kimning gapiga quloq solishni istamasdi. Shuning uchun rohibning xotini Lisbetning miyasida qanaqa bemaza xayollar charx urayotganini yigitga aytib berdi. Yigit qah-qah urib kulib yubordi va bu shunchaki soddagina Himolay qizining o‘ziga o‘xshash sodda va beg‘ubor xayoloti ekanini ta’kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, Vatanida qallig‘i kutayotganmish. Shunday bo‘lsa-da, yigit o‘zini o‘ta xushmuomala qilib ko‘rsatardi.
U qiz bilan suhbatlashishni, birga sayohat qilishni, shirin so‘zlar bilan erkalab ko‘nglini ko‘tarishni shunchaki ko‘ngilxushlik deb bilar, aslida esa qiz bilan bir umrga xayrlashib, yurtiga qaytish uchun kuch yig‘ayotgandi. Bu suhbatlaru sayr-sayohatlar yigit uchun hech qanday ma’no kasb etmas, qiz uchun esa katta ahamiyatga ega edi. U sevishi mumkin bo‘lgan odamni topganidan baxtiyor sezardi o‘zini.
Yovvoyitabiat qizning o‘z hissiyotlarini boshqara olmasligi inglizning kulgusini qistatardi. Yigit qaytishga otlanganida, olam ko‘ziga qorong‘i bo‘lib ketgan Lisbet uni Narkundagacha kuzatib bordi. Qiz yo‘l-yo‘lakay yigitdan albatta qaytib kelib unga uylanishga va’da berishini qayta-qayta iltimos qildi.
– Ko‘rayapsizmi, u shunaqa tentak, tarbiyasiz qizki, nima deyayotganini o‘zi ham bilmaydi, – dedi ularga hamrohlik qilib borayotgan rohibning xotini.
Yigit keta-ketguncha qizning nozik belidan ohista quchib bordi. Qaytib kelishiga va u bilan nikohdan o‘tishiga qizni ishontirdi. Ular Narkundaga kiraverishda ayrildilar. Qiz yig‘lab yubordi. Mutianiga buriladigan joyda ko‘zdan yo‘qolguncha inglizning ortidan termulib qoldi.
Qiz alam bilan ko‘z yoshlarini artdi. Ular yana Kotgarga kirishayotganda Lisbet rohibning xotiniga yuzlandi.
– U qaytib keladi. Keyin menga uylanadi. U qarindoshlarini shu gapdan ogoh qilish uchun ketdi.
Ayol Lisbetni tinchlantirgan bo‘ldi:
– Ha, u albatta qaytadi, qizim!
Ikki oy o‘tar-o‘tmas, Lisbet xavotirga tusha boshladi. Unga yigitning dengiz ortiga, Angliyaga jo‘nab ketganini aytishgandi. Qiz Angliya qayerda joylashganini bilar, bu haqda maktab darsliklarida o‘qigandi. Biroq tog‘lar orasida o‘sgan qiz dengiz nimaligini qayerdan bilsin? Uyda almisoqdan qolgan dunyoning siyosiy xaritasi bo‘lardi. Qiz kechalari o‘sha xaritadan Angliyani qidirar, sevgilisining barmoq bilan bossa ko‘rinmay ketadigan hududda ekanini his etib, achchiq ko‘z yosh to‘kardi. U oradagi masofa, paroxodlar haqida hech qanday tasavvurga ega emas, uning tushunchalari haqiqatdan ancha yiroq edi. Qolaversa, ingliz yigiti tog‘lik qizga uylanishi uchun Kotgarga qaytishini xayoliga ham keltirmasligini bilmas edi u. Yigit Assamda kapalak quvib yurganidayoq qizni unutib yuborgandi. U oxir-oqibat Sharqdagi sayohatlari haqida kitob yozdi. Biroq unda Lisbet tilga ham olinmagandi.
Uchinchi oy ham intihosiga yetgach, Lisbet tez-tez Narkundaga qatnaydigan odat chiqardi. U har gal o‘sha yerda ingliz yigitning qaytishini kutib o‘tirardi. Aynan shu odatgina unga taskin berardi. Rohibning xotini qizni ilgarigidan shodonroq kayfiyatda ko‘rib, yovvoyi erkaliklaridan xalos bo‘layotir, degan xayolga bordi.
Ko‘p o‘tmay bunday qatnovlar ham Lisbetga yordam bermay qo‘ydi va u yana avvalgi jizzakiligiga qaytdi. Bekasi, nihoyat, bor haqiqatni ochiq-oydin bayon etdi. Ingliz shunchaki qizni tinchlantirish uchun uylanishga va’da berganini, aslida bu ishni umuman qilmasligini, Lisbetning “oliiy irq” vakiliga turmushga chiqishni orzu qilishi ham gunoh, uyatsizlik ekanini va nihoyat u o‘zi tarafidan bir ingliz qizi bilan oila qurganini tushuntirdi Lisbet esa buning aqlga zid ekani, yigit uni muhabbatiga ishontirgani, hatto bekasining o‘zi ham yigitning qaytishiga ishontirganini eslatdi.
– Nahotki, siz ham meni aldagan bo‘lsangiz, – so‘radi u anduh bilan.
– Qizim, seni faqat yupatish uchungina shunday degandim, xolos.
– Demak, yolg‘on gapiribsiz-da, – to‘lqinlanib ketdi qiz, – ikkovingiz ham meni aldabsiz.
Ayol shunchaki bosh irg‘ab qo‘ya qoldi. Lisbet ham anchagina jim turdi-da, shahd bilan yugurib nasroniylar qishlog‘idan chiqib ketdi va ko‘p o‘tmay Himolay ayollarining kiyimida kirib keldi. U tog‘lik ayollarga xos tarzda bir tomonga tushirilgan kokillarini qora ip bilan bog‘lab olgandi. Faqatgina burniga buloqa taqmagan edi, xolos.
– Men yana o‘z e’tiqodimga, xalqim yoniga qaytaman, – dedi u. – Endi Lisbet yo‘q. Faqat qariya Jade va qishloqi Sononing qizi qoldi, xolos. Siz inglizlar hammangiz yolg‘onchisiz! Sizlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q.
Rohibning xotini es-hushini bir joyga to‘plab olganida, Lisbet allaqachon uning huzuridan g‘oyib bo‘lgandi. U aytganini qildi: yana o‘z qabiladoshlari, o‘z ajdodlarining ma’budalari qoshiga qaytdi, masihiylar qishlog‘iga boshqa qadam qo‘ymadi.
U o‘z xalqini chin qalbdan sevardi, uning ana shu muhabbati aldoqchi inglizga bo‘lgan yovvoyi intilishlaridan ustun chiqdi. U tez orada bir paytlar qizni rosa savalagan o‘tinchi yigitga turmushga chiqdi va qarib-chiriguncha baxtiyor hayot kechirdi.
Redyard Kipling
Rustam Jabborov tarjimasi
Rustam Jabborov tarjimasi
Manba: ziyouz.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...