19:39 / 07.02.2018
24 642

2018 yil barcha muchal sohiblari uchun qanday kechadi?

2018 yil barcha muchal sohiblari uchun qanday kechadi?
Sharqona taqvimga ko‘ra, 2018 yilning 16 fevralidan It yili kirib keladi. Umid qilamizki, Yangi yil barchamizga barqarorlik va xotirjamlik keltiradi.

It — vafodor hayvon. U o‘zining samimiyligi va kechirimliligi bilan ajralib turadi.

It yilida tug‘ilgan insonlarning hayotini foydalilik va adolatlilik so‘zlari bilan ta’riflash mumkin. Yil sohibining tabiatida materializm, sinchkovlik, rejalashtirish va tahlil qila bilishlik namoyon bo‘ladi. Itlar juda mehnatsevar, bir kunda 25 soat ishlashga, bir xil ishni tinimsiz sabr bilan bajarishga qodir. Mehnat ular hayotining ma’nosiga aylanadi. Ulardan tartib, sabr-toqat, ishni tashkillashtirishni o‘rganish mumkin. It yilida tavallud topganlar har haftada sarf-xarajatlarini hisob-kitob qilishadi, bo‘lajak xaridlar, xarajatlarni va umuman barcha ishlarini oldindan rejalashtirishadi. Ular yo‘qdan bor qila olishadi, mayda-chuyda, sezilar-sezilmas narsalarga juda ahamiyat berishadi.

Itlar oilasiga vafodor. To‘g‘ri bu jonivorlar orasida ba’zan ayrimlari oilasidan uzilib, yovvoyi to‘dani izlab ketadi. ammo bu holat kamdan-kam uchraydi va bunda yovvoyi tug‘ma hislarning ustunligi namoyon bo‘lib, bu itning qo‘lga o‘rgatilgan bo‘ri ekanini anglatadi.

It yilida tug‘ilganlarga bir oz hissiyotlilik yetishmaydi, ularning dunyosi faqat oq-qora ranglar bilan bo‘yalgan, ammo bu xususiyatlari hayotda munosib o‘rin egallashlariga yordam beradi.
***
Yil nimalarni va’da qilmoqda?
It yili turli burj egalariga qanday hayotni va’da qiladi? Undan nimalarni kutish va nimaga umid qilish mumkin? Bu yil kimgadir erkalik qilish imkonini beradi, kimdir qilgan ishlariga munosib dakki oladi, yana kimdir jangovar ruhda yashashga majbur bo‘lsa, kimdir yilning ta’sirchan voqealaridan qalbi yumshaganini his etadi. Nima bo‘lganda ham, yil sohibi barcha burj egalarini e’tiboridan chetda qoldirmaydi.
***
It yilida tug‘ilganlar — yilning erkatoylari! Ammo bu muammolar bo‘lmaydi, degani emas. Ulardan qochmasangiz, hal qilish imkoni albatta bo‘ladi. Yilning maqsadi: kelajakdagi moddiy farovonlikka asos solish. Ishlaringizni to‘g‘ri rejalashtirsangiz, yilning ikkinchi yarmida omad ham, muvaffaqiyat ham siz tomonda bo‘ladi.
***
Tovuq yilida tavallud topganlarga It yili qilgan mehnat va intilishlarining sezilarli natijalarini olib keladi. Ilk muvaffaqiyatlaridan ruhlangan muchal egalari qanotlarini keng yozib, yanada ko‘proq yutuqlarga erishishga harakat qilishadi. 2018 yil moddiy farovonlikni va’da qilmasa-da, moliyaviy jihatdan qiyinchilik bo‘lmaydi. Yil egasi It sizni o‘z himoyasiga oladi va qo‘llab-quvvatlaydi.
***
Maymun yilining qiziquvchan va chaqqon vakillarini tinimsiz harakat, muloqot va sira tugamas ma’lumotlar oqimi kutmoqda. Yil davomida ular yil sohibining himoyasida bo‘lishadi. Faqat bu muchal sohiblari hamma narsani osongina o‘ziniki qilib olishga intilish odatidan voz kechishlariga to‘g‘ri keladi, aks holda, qopqonga tushishlari aniq. Kelajakdagi rejalar va yilning natijalari sizning kommunikativ fazilatlaringizga mos, faqat behuda urinishlar va g‘iybatlarga berilib ketmasangiz, bas.
***
Qo‘y yilida tug‘ilganlar It yilida yaxshi natijaga erishishlari uchun ancha ter to‘kishlariga to‘g‘ri keladi. Sizning xudbin va o‘jarligingiz yil egasiga yoqmasligi mumkin. Kelgusi yilda yangi uyga ega bo‘lish yoki uy-joyni ta’mirlash istagingiz albatta amalga oshadi va bu harakatingizni yil sohibi qo‘llab-quvvatlaydi.
***
Yil egasi It Ot yilida tug‘ilganlarning 2018 yilda ishga haddan tashqari berilib ketmasliklarini istaydi. Endi qilgan mehnatlaringizning rohatini ko‘rish vaqti keldi. Kirib kelayotgan yilda sizni ajoyib munosabatlar, kutilmagan va unutilmas uchrashuvlar kutmoqda. Ko‘pchilik oilalarda shirin farzandlar dunyoga keladi.
***
Ilon yili vakillari 2018 yilda ko‘p va tinimsiz mehnat qilishlariga to‘g‘ri keladi. Yil egasi bu xizmatlaringizni munosib taqdirlaydi. Yuqori kasb mahoratingiz va ishchanligingiz yaxshi qadrlanadi va shu tufayli moddiy farovonligingiz oshadi. Kelayotgan yilda sog‘lig‘ingizga e’tiborli bo‘lishni unutmang.
***
Baliq yilida tug‘ilganlar It yilida ko‘p to‘siqlarga duch kelishadi. Ularni yengib o‘tish uchun mag‘rur va mustaqil burj egalaridan ko‘p kuch va mustahkam iroda talab qilinadi. Kelgusi yilda moliyaviy tavakkalchilik va tubdan o‘zgarishlarni amalga oshirmaganingiz ma’qul. Boshlagan har qanday ishingizda sheriklarni puxta tanlashga harakat qiling.
***
Quyon yilida tavallud topganlar o‘zlarining uddaburon va ayyorliklari bilan atrofdagilarni o‘z hukmiga bo‘ysundira olishadi. Yil egasi It ham ularga itoatkor bo‘ladi, barcha ezgu niyatlarining amalga oshishiga ko‘maklashadi. Yil yakunida ular eng omadli insonlar qatorida bo‘ladilar.
***
Yo‘lbars yilida tug‘ilganlar uchun 2018 yil to‘q va xavfsiz yil bo‘ladi. Sizda sayyohat qilish, yangi taassurotlar va tanishuvlardan zavqlanish imkoni yetarli bo‘ladi. Hayotdagi maqsadingiz va yo‘lingizni aniq belgilab, dadil harakat boshlaysiz. Kelgusi yilda ekzotik mamlakatlarning biriga sayohat qilishingiz aniq.
***
Sigir yilida tug‘ilganlar It yilida yuqori lavozimlarga erishishlari mumkin. Tabiatan o‘jar bu insonlar nimani istashlarini yaxshi bilishadi va maqsadlariga erishish uchun yo‘lda paydo bo‘ladigan barcha to‘siqlarni ikkilanmay yo‘q qilishadi. Faqat qalblariga yaqin, sevimli insonlarigagina bo‘ysunishlari mumkin.
***
Sichqon yilida tavallud topganlar hamfikrlari orasida o‘zlarining imkoniyatlarini to‘liq ochishlari, yangicha fikrlashlari bilan barchani lol qoldirishlari mumkin. Ammo bu katta o‘zgarishlarga olib kelmaydi. Atrofdagi muhitni o‘zgartirishning iloji bo‘lmasa, unga munosabatingizni o‘zgartiring.
***
To‘ng‘iz yilida tug‘ilganlar uchun 2018 yil ko‘proq ma’naviy izlanishlar yili bo‘ladi. Kimdir katta muvaffaqiyatga erishishi, kimgadir omad kulib boqmasligi mumkin. Ayrimlar yolg‘izlikda o‘zlarini erkin his qilishsa, boshqalar hamfikr insonlar davrasini afzal ko‘radi. Nima bo‘lganda ham, ichki sezgingizga ishoning.
Dilorom TOG‘AYeVA tayyorladi.
Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » 2018 yil barcha muchal sohiblari uchun qanday kechadi?