21:50 / 08.05.2018
14 558

Ba’zi erkaklarga xitob: «Ahli ayolini sotgan dayuslar!»

Ba’zi erkaklarga xitob: «Ahli ayolini sotgan dayuslar!»
Shimni berdingiz, ko‘ylakni berdingiz, jilovni ham bering endi! «Juda baland» g‘ururingizni ro‘kach qilmay, chetga o‘ting, ayolingiz oldinga chiqsin!

Mavzumiz qaltis. Ba’zi «erkaklar»ga tegib ketadigan joylari bisyor. Chunki ko‘chada ochilib-sochilib yurgan, shimga egalik qilgan ayollar har qadamda g‘ujg‘on. Demakki, dayuslar ko‘p. «Men dayus emasman!» deya katta gapiryapsizmi? Hayronman, unda ko‘chadagi shu-u-uncha ayol kimning xotini yoki qizi ekan-a?!

«Rashk bamisoli bir maxluq, u o‘z-o‘zidan boshlanib, yo‘q gaplarni yuzaga chiqaradi».
Uilyam ShEKSPIR

«Shunday olijanob muhabbatlar borki, ular rashkka o‘rin qoldirmaydi».
F. LAROShFUKO

Bu kabi yuzlab hikmatli so‘zlarni turli manbalardan topishingiz mumkin. Dunyoga mashhur bir qancha g‘arb olimlariyu yozuvchilari rashk xususida turli fikrlarni bildirib ketishgan. Ular nazdida. asl muhabbat asosi faqat ishonchdangina iborat va rashkka zarracha o‘rin yo‘q. G‘arb muhabbat haqida bong urarkan, bizning qarashlarimizga «Sevgida yuz foiz erkinlik bo‘lishi shart», degan fikrni singdirishga urinadi. Ya’ni sen kimgadir ko‘ngil qo‘ydingmi, uni butkul erkin qo‘y, istaganicha yashasin. Hijjalab tushuntiradigan bo‘lsak, «Xotiningning qanday kiyimda ko‘chaga chiqib ketishi va soat nechada uyga kirib kelishi, kimlar bilan qo‘l ushlashib yoki o‘pishib salomlashishiga ahamiyat berma, ko‘ngling to‘q bo‘lsin. Axir sevgi — bu ishonch degani». Aynan mana shu «haqiqat»ni oldinga surib, ne-ne g‘arb arboblari aforizmlar qoldirib ketmagan. Ammo biz uchun eng yaxshi aforizmlar, asl haqiqatlar bundan o‘n to‘rt asr muqaddam ochib bo‘lingani, shak-shubhasiz.

Rasululloh (s.a.v) aytdilar: «Uch toifa inson jannatga kirmaydi. Ota-onasiga oq bo‘lganlar, dayuslar, erkakshoda ayollar». Shunda sahobalar so‘rashdi: «Ey, Rasululloh, dayus kim?» U zot: «Ahlining huzuriga kim kirayotganiga parvo qilmaydigan kimsa», deya javob berdilar.

Darhaqiqat, bizning dinimiz bundan necha yuz yil avvalroq chiroyli hayot uchun qanday munosabat o‘rnatish kerakligini o‘rgatib bo‘lgan. Biroq bugunga kelib erkakdan rashk tuyg‘usi ko‘tarilgan bo‘lsa-chi?

EHTIYoT BO‘LING: «ZAMONAVIYLIK BO‘RONI»
Biz zamonaviylikni ko‘p hollarda hayotimiz, e’tiqodimiz, hatto baxtimizga ta’sir ko‘rsatadigan o‘zgacha qarashlar bilan qorishtirib yuboramiz. Shak-shubha yo‘qki, inson haddan oshuvchidir!

G‘arbning shiddatli shamoli katta tezlik bilan biz tomonlarga yaqinlashmoqda. Agar har kim o‘ziga tegishlisini asrab qolishga urinmasa, barcha nobud bo‘ladi. Har bir erkak o‘z ahli, oilasidagi ayollarni nazoratida tutib, ularni behayolik deb atalmish g‘arb shamolidan panaga olmasa, dayuslik kasaliga chalinib qolishi hech gap emas.

Choyxonayu yig‘inlarda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda erkaklar bahayo ayollar ko‘payib ketganidan tez-tez nolib turishadi. Kimningdir kalta etagini yoki ochiq yelkasini muhokama qilib o‘tirishganida, shundoqqina yonlaridan o‘z singillari yoki
juftlari qanday libosda o‘tganiga qarasharmikin? «Yo tavba, ba’zi ayollarda bet qolmayapti», deyayotgan erkaklar, sizlarning ham ahlingizga ko‘z tikib, shunday demayotganlariga ishonchingiz komilmi? Siz bu savolga ulfatlaringiz oldida chiranib, «Ishonchim komil!» deya jar solarsiz, vijdoningiz oldida-chi?! Siz muhokama qilayotgan «uyatsizlar» ham sizga o‘xshagan kimningdir nomusi. Agar hamma birdek erkak bo‘lsa, ko‘chadagi shuncha ochiq-sochiqlilar qayerdan kelyapti unda?!

Yaqinda bir holatga guvoh bo‘ldim. Ikki kishi o‘zaro suhbatlashardi.

— Anavi sening xotiningmi, iye, juda kalta va tor kiyinibdi-ku!
— Ha, juda.

— Indamaysanmi?!
— Gapirardim-u, o‘zidan ketib qoladi-da.

— Bu nima deganing?
— O‘ziga ishonchi oshib, erim meni qizg‘anyapti, deb o‘ylab qolmasin.

— Iye, qizg‘anayotganingni bildirsang nima?
— Esing joyidami, keyin narxi oshib ketadi-ku!

Biz shu darajaga yetibmizki, kim-kimni qizg‘anishini bildirsa, «obro‘si» tushib qolarkan. Vaholanki, rashk iymondan emasmidi? Erkak ayolimning o‘ziga bo‘lgan bahosi oshib ketadi, deb yana nimalarga rozi bo‘larkin ertaga, shunisi yomon! Erkakning erkakligi jufti halolini yomon ko‘zlardan asrashida emasmidi, erkakning g‘ururi emasmidi mana shu uydan istalgan ko‘rinishda chiqib ketayotgan ayol.

Shunday gap bor: «Ayollarning hayosizligi erkaklarning g‘urursizligidandir». Ya’ni qachonki erkakdan g‘urur, or-nomus, mardlik ketsa, ayol yuzidan hayo ketadi. Marhamat, qattiq gapir, o‘qray, baqir, janjal ko‘tar, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, oilangdagi ayollarni asra. Yo‘q, biz aslo qoloqlik, zo‘ravonlikka da’vat etayotganimiz yo‘q. Ayoldan erkinlikni butkul olib, uni qul kabi ko‘radigan johillar tarafida ham bo‘lmaymiz. Lekin zamonaviylikni dayuslik, beorlikdan farqlay olmayotganlarga qarshi turish tarafdorimiz.

OChILIB YuRGAN AYoLLAR, SOChILIB YuRGAN AYoLLAR
Yuqorida zamonaviylik haqida bekorga so‘z ochmadim. Yana yangi «zamonaviy» odat chiqqan. Fitnes zallariga er-xotinning birga borishi…

Men sportni tushunmaydigan, sog‘lom hayot tarzini qoralaydigan toifaga kirmayman, biroq o‘z jufti bilan fitnes zalga borayotgan erkaklarni tushunish hech qo‘limdan kelmayapti.

Xotini bilan bir zalga chiqayotgan erkaklar do‘stlarining ko‘z o‘ngida uning qomati bilan «ishlashi»ni qachon hazm qildik?! Erkaklar, ko‘zingizni oching, agar sizda zarracha or qolgan bo‘lsa!

Xotiningiz bilan bir zalda turli mashqlarni bajarasiz va hatto chetroqda turgan do‘stingizning siz «xotinim» deb ataydigan ayolga ko‘zi tushgan mahalda esa sherga aylanasiz. Taajjub! Ishingizda mantiq qani, erkaklar! «Sen mening xotinimga gap otyapsanmi?» deya sher kabi hayqirishdan, arslonday tashlanishdan, buqaday suzishdan avval qilgan amalingiz cho‘chqaning ishidan kam emasligini bir muloxaza qilarsiz!

Marhamat, sport sog‘lik garovi desangiz, faqat ayollar shug‘ullanadigan, ayollar uchun alohida belgilab qo‘yilgan ma’lum soatli yuzlab zallar mavjud. Nomusingizni qaysi choyxonada unutib qoldirdingizki, ayolingiz bilan umumiy zalda shug‘ullanyapsiz?! Yer bilan yakson bo‘lsin bunday
mashg‘ulotlar!

«MENING XOTINIM ENG ChIROYLI, «LAYK» BOSING!»
Ayting-chi, xotinini ko‘chaga olib chiqib, reklama qilgan qulaymi yoki internetga rasm, videosini joylabmi? Ha, albatta, siz ko‘proq ikkinchi usuldan foydalansangiz kerak, a?

O‘z qo‘llaringiz bilan uning eng go‘zal suratlarini sahifangizga joylashtirasiz. Sizni kuzatadiganlar orasida esa bog‘chadosh o‘rtog‘ingizdan tortib, hozir birga ishlaydigan hamkor ulfatlaringizgacha bor. Qay birining xayollarini nazorat qilib, qay birining nafsidan xotiningizni olib chiqishga ulgura olasiz, erkaklar?! E-ha-a-a! Axir ijtimoiy tarmoqlarga xotinini quchoqlab tushgan rasmini qo‘yish hozir moda-ku, zamonaviylik-ku.

Sevgi haqida bong urishga ham ustasiz. Sevgi tizzangga juftingni o‘tqazib, qizil ko‘ylak kiygan belidan quchib turish va o‘sha suratni ijtimoiy tarmoqqa joylab, ikki mingta «layk» yig‘ishmi?! Siz og‘iz ko‘pirtirib aytayotgan sevgi undan hammaning yonida bo‘sa olib, hirsli nazarlarni sherik qilishmi yo?! Unga o‘zgasi qarab gap otsa, «Mening xotinim zo‘r, hammaning menga havasi keladi», deya iflos xayollaringiz miyangizda aylanishimi siz aytayotgan o‘sha sevgi? Iltimos, bu muqaddas so‘zdan ikki ming chaqirim nariga o‘tib, harakatlaringizning asl nomini ayting.

Bizlardan avval ham ishq deya yonib o‘tganlar siz hozir rasmini internetdan ko‘radigan o‘sha mashhur Tojmahallarni qurdirgan. Sizlardan avval Sulton Sulaymonlar bo‘lgan, rafiqasining bir so‘zi bilan qasrlarni buzdirgan. Sizlardan avval ne-ne oshiqlar o‘tgan, biroq siz, aynan siz, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan chegaralarni bosyapsizki, o‘sha Shohjahonlar ham qabrida tik turgan bo‘lsa, ne ajab?!

Yana shuni ham ishonch bilan ta’kidlay olamanki, Yevropa, Amerika singari yirik qit’a ayollari Sharqning muslima ayoliga havas-la boqishadi. Ana o‘shalardan so‘rang haqiqiy bee’tiborlik, rashksizlik nima ekanini? Ular erlari tomonidan sevilishni, qizg‘anilishni, kimningdir nomusiga aylanishni qanchalar orzu qilishadi! Afsus, biz kimlarningdir hech qachon qo‘lida bo‘lmagan, lekin butun umr orzu qilgan buyuk tuyg‘u — rashkni o‘z qo‘llarimiz bilan yakson qilyapmiz, arzon sotyapmiz!
Mohigul DIYoRXO‘JAYeVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ba’zi erkaklarga xitob: «Ahli ayolini sotgan dayuslar!»