19:26 / 25.05.2018
10 611

“Onajonim sizni juda sog‘indim men”

“Onajonim sizni juda sog‘indim men”
Indoneziyada maktab o‘quvchilari onalarining oyog‘ini yuvisharkan

Boringizda "eng baxtli"ga yaqindim men,
Hatto “Baxt yurti” taxtida tag‘indim men,
Endi esa, yo‘l yo‘qotib qoqindim men,
Onajonim, sizni juda sog‘indim men.

Meni oldga yetaklagan qo‘lsiz qoldim,
Endi yolg‘iz odimlashdan holsiz toldim,
O‘chib Quyosh, chiqmayin Oy, yo‘lsiz qoldim,
Onajonim, sizni juda sog‘indim men.

Onajonim, Robbim sizni af(u)v etsin!
Duom tinglab gunohingiz mah(u)v etsin!
Biror dona gunoh qolmay o‘chib ketsin!
Onajonim, sizni juda sog‘indim men!

Robbim sizga jannatidan joylar bersin,
Bog‘ va uning atrofida soylar bersin,
Menga sizla bo‘lish uchun oylar bersin,
Onajonim, sizni juda sog‘indim men.

Xizmatingiz keragicha qilolmadim,
Duongizni istagandek ololmadim,
Uzoq yillar siz-la birga bo‘lolmadim,
Onajonim, sizni juda sog‘indim men.

Jasur hamda matonatli edingiz siz,
Bizga doim: "To‘g‘ri bo‘ling!",- dedingiz siz,
Sizsiz ona, qolib ketdim men dengizsiz,
Onajonim, sizni juda sog‘indim men.

Hayot ekan, yana oldga yuraman men,
Neni buzib, yana nelar quraman men,
Sizsiz ammo, doim kemtik turaman men,
Onajonim, sizni juda sog‘indim men!

Ketdingizu, menga duo qilguvchi kam,
O‘g‘lingizni Sizdek sira bilguvchi kam,
Sizdan keyin, yuzlarida kulguvchi g‘am,
Onajonim, sizni juda sog‘indim men.

Sog‘indim men sizda bo‘lgan zakovatni,
Sog‘indim men so‘zi shakaru novvotni,
Tili, dili hamisha poku obodni,
Onajonim, sizni juda sog‘indim men.

Duo etgum sizni jannatda ko‘ray deb,
To‘g‘ri yurgum, toki jannatga kiray deb,
So‘ragum siz birla jannatda turay deb,
Onajonim, sizni juda sog‘indim men!

Bilingizlar, ONA qimmat – bebahodir,
Hayotlikda hurmatin qilgan dahodir,
Rizosin olganchi? Bu yutgan bahodir.
Onajonim, sizni juda sog‘indim men.
Muhiddin ShIRINOV, 2003 yil, Kuala Lumpur, Malayziya.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Onajonim sizni juda sog‘indim men”