09:26 / 02.06.2018
7 203

Qachongacha qiz uzatganning boshini egamiz, qarzga botiramiz?

Qachongacha qiz uzatganning boshini egamiz, qarzga botiramiz?
Yaqinda Toshkent shahridagi bir tanishimning yig‘inida ishtirok etdim. Tug‘uruqxonadan chiqayotgan kelinning onasi qudasinikiga qovurdoq olib borarkan. “Qovurdoq”, deya nomlanuvchi mazkur marosimni ko‘rib, og‘zim lang ochildi.

To‘rt xonali uyning uchtasi mehmonlar bilan to‘la. Salima opa bittasiga boshladi. Dasturxondagi noz-ne’matlarni ko‘rib, lol qoldim. Qand-qursdan tortib, pista-bodomgacha, turli xil pishiriq, chet eldan keltirilgan mevalargacha bor.

Ko‘rinishidan xontaxtadagi yeguliklarga bir necha million so‘m ketganga o‘xshaydi. Birozdan so‘ng tanishimning qizi Shalola patnisda non va salat, likobchada qovurdoq olib kirdi. Nari-beri ovqatlangandek bo‘lib, chaqaloqqa uzoq umr tilab, o‘rnimizdan turdik. Shu payt bir ayol kirib keldi va Salima opaga:

— Dasturxonni qaytadan bezatish kerak. Chaqaloqning dadasi o‘rtoqlari bilan kelarkan, — dedi.

Tezroq chiqib ketishga oshiqdik. Yo‘lda ketayotib, o‘ylanib qoldim. Nahotki, chilla degan udum unutilgan bo‘lsa? Axir, bizda qadimdan chillali uyga qirq kun davomida begona odam kiritilmagan. Chaqaloq yotgan xonaga faqat onasi va buvisi kirgan. Zero, kelinchak tug‘uruq davrida ancha holdan toygani sababli kasallikka tez chalinadi. Shu bois kuch yig‘ib, oldingi holatiga qaytgunicha onaga yaxshi parvarish kerak. Go‘dak yotgan uyda zararkunandalarga qarshi tez-tez isiriq tutatib turilishi ham bejiz emas. Chilladan omon-eson chiqqan kelinning o‘zi ham, bolasi ham sog‘lom bo‘ladi. Shundan so‘ng ona-bolani ko‘rgani qavm-qarindoshlar, opa-singillar, tanishlar kelishi mumkin.

Tug‘uruqxonadan chiqqan kelinning onasiga o‘sha kuniyoq tog‘ora-tog‘ora qovurdoq qilib borish majburiyatini kim yuklayapti? Bunday udumni yo‘q qilish mavridi kelmadimikan? Undan ko‘ra, endigina yengillashgan, kamqon, titrabgina turgan kelin quvvatli vitaminlarga boy taomlar bilan siylangani ma’qul emasmi? Bu bema’ni tadbir kelin necha bor tug‘uruqxonadan chiqsa, shuncha marotaba takrorlanar ekan. Quda tomon qiz uzatib ham qutulmas ekan-da...

Nahotki, mahalla oqsoqollari, nuroniylar bu udumni yo‘qotish choralarini o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsa? Axir, ularning boshida ham shu savdo bor-ku! Qachongacha qiz uzatganning boshini egamiz, qarzga botiramiz? Qiz uzatib, o‘g‘il uylantirgan ota-ona yayrab-yashnab hayot kechirish o‘rniga, bir umr farzandlarining kam-ko‘stini yamash bilan o‘tadimi?
Xonbibi HIMMAT qizi

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qachongacha qiz uzatganning boshini egamiz, qarzga botiramiz?