17:55 / 16.06.2018
4 974

Kishi molini yema...

Kishi molini yema...
Ro‘zg‘or kamchiliklarini butlash uchun bozorga bordim. Ro‘yxatdagi narsalarni xarid qilayotib, rastaga terib qo‘yilgan bir xil kattalikdagi yirik donali anorlar e’tiborimni tortdi. Yaqinlashganimni ko‘rgan sotuvchi kishi molini maqtashga tushdi: «Oling, uka, juda shirin, dehqonchilik, o‘zimiz yetishtiramiz, bari tuyatish (yirik donali demoqchi) anorlar, ichida bitta ham mayda donaligi yo‘q, biror yeri zahalanmagan». Men sotuvchi uzatgan anor bilan terib qo‘yganlarini solishtirar ekanman, gapiga ishonganday bo‘ldim.

– Qayerning anori bu, aka?

– Kosonsoyniki, birodar, oling, sifati-yu mazasiga gap yo‘q. Bilsangiz kerak – bizning Kosonsoyda lafz qadr­li sanaladi.

Kosonsoyliklar haqiqatan ham diyonatli va halol odamlar ekanini bilganim uchun tasdiqlab bosh irg‘adim-da, «ikki kilo torting», dedim. U bo‘lsa: «Uka, hammasini ola qoling, o‘zi uch yarim kilogina qolgan, arzon qilib beraman, puli o‘zingiz bilan ketadi», deya sannashga tushdi. «Mayli, ko‘proq olsam olibman-da, uydagilar bilan bir anorxo‘rlik qilarkanmiz», degan o‘y bilan rozi bo‘ldim. Uyga borgach, anor solingan xaltani ochib, ko‘zlarim katta ochilib ketdi: shuncha anor ichidan atigi ikki donasi yirik donali, qolganlari esa yarmi yeyishga yaroqsiz, buning ustiga mayda donali bo‘lib chiqdi. Aldanganimni tushunib shunday jahlim chiqdiki, bir ko‘nglim ertasigayoq o‘sha sotuvchining oldiga borib janjallashgim keldi.

Miyamda esa: «Odamlar qachondan beri bunday bo‘lib qoldi, nega savdoga yolg‘on aralashtiradigan bo‘ldi, nega haromdan hazar qilmay qo‘ydi, nega ko‘pchilik birovning haqidan chekinmaydigan bo‘lib ketyapti, buning javobidan qo‘rqishmaydimi?» – kabi savollar aylanardi. Shu asnoda birdan haligi anor sotgan odamga achinib ketdim. To‘g‘ri-da, oilasi, bola-chaqasiga rizq topish g‘amida ne mashaqqat bilan yetishtirgan mahsulotini shuncha yo‘ldan poytaxtga olib kelib, musofirchilikda qiynalib sotsa-yu, uyiga harom aralashgan pul va bir dunyo gunoh orqalab qaytsa. Luqmasiga harom aralashgan farzandlari ulg‘ayganda kim bo‘ladi? O‘zi orzu qilgandek odam bo‘lishadimi? Yo‘q, albatta! Ular ham nari borsa birovning haqidan qo‘rqmaydigan va eng yomoni, ota-ona roziligini topishga rag‘bat qilmaydigan kimsalar bo‘ladi.

Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Harom yeb o‘sgan vujud jannatga kirmaydi», deganlar. Balki bu hadisda harom yeganlarning solih amallar qila olmasligi nazarda tutilgandir? Xalqimizda ham bunday odamlar haqida «zuvalasi chatoq» degan ibora yuradi. Unda... bu ketishda bizdan buxoriylar, marg‘inoniylar, kosoniylar, farg‘oniylar yana qachon yetishib chiqadi? Odamga eng alam qiladigani ham ana shu, aslida.

To‘g‘ri, besh qo‘l barobar emas, oramizda birovning haqidan hazar qiladigan halol insonlar bor va ular haligiday qing‘ir qiliqlilardan ko‘ra ko‘pchilikni tashkil qiladi. Biroq birniki mingga, mingniki tumanga degan gaplar ham yo‘q emas. Xullas, ana shular haqida o‘ylar ekanman, Xoja Ahmad Yassaviyning bayti yodimga tushadi: «Kishi molini yema, sirot uzra tutaro!»
No‘’mon ABDULMAJID.

Manba: Irfon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kishi molini yema...