16:53 / 21.06.2018
7 384

«Menga tushuntirib bering, ayol zotiga qanday er kerak?!»

«Menga tushuntirib bering, ayol zotiga qanday er kerak?!»
— Ming xijolat bilan bo‘lsa-da, ko‘nglimni ochishga qaror qildim. Chunki qalbimni kemirayotgan savollarga o‘zim javob topolmaydigan ko‘rinaman. Sevib, 3 yil davomida sinab uylanganman. 26 yil yashab, oxiri ajrashishga ariza berdim. Vaqtida zo‘r yashardik, yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ortimizda bo‘lgan. O‘zim davlat organida ishlardim, topish-tutishim yaxshi edi. Hech kutilmaganda boshimga kulfat tushdi. Tuhmatga uchrab, 2 yil jazoni o‘tash muassasasida bo‘ldim. Tavba deyman-ku, ammo umrim davomida qaytar dunyo deganlari rostligiga yana va yana ishonch xosil qilayapman. Menga tuhmat qilganlarning bittasi qamaldi, ikkinchisi avtohalokat sabab olamdan o‘tdi. Ayolim esa shu voqeadan so‘ng butunlay o‘zgardi.

Ishonsangiz, uni bir marta ham senlamaganman. Topganimni uyga tashidim. Vaqtida institutga bormayman deganida, majburlab yuborardim. Bitirgach ishga joylab qo‘ydim. Mashina minishni o‘rgatdim. Jazoni o‘tab chiqqanimdan so‘ng olti oy ish qidirdim. Tuzukroq joyga borsam, sudlanganimni aytib rad etishardi. Rafiqam esa «Otang yotaveradi. Ishlashni bilmaydi. Pulni pulga urish qo‘lidan kelmaydi», deb bolalarimga meni yomonlardi. Nahot, boshiga kulfat tushgan er ayoliga kerak bo‘lmay qoladi? Urmadim, so‘kmadim, shirin oila qilay, dedim. 53 yoshimda ajrashish oson ekanmi menga ham? Biroq qonuniy va shar’iy xotinim mehr berolmagach, o‘zga choram qolmadi. Olti yil yolg‘iz yashadim.

Axir qaysi ayol jufti haloliga «Ko‘chada ayollar ko‘p» deydi? Nima sababdan ko‘ngli qolganini surishtirsam, «Azaldan oilalarimiz bir-biriga mos emasdi. Men o‘ziga to‘q xonadonning qiziman. Siz otasiz o‘sgansiz. Umuman mening idealimdagi erkak emassiz», deya javob berardi. To‘g‘ri, 6 yoshimda otam olamdan ko‘z yumgan. Rafiqam qarindoshlarimga pastroq nazar bilan qarashi avvallari ham sezrdim. O‘zinikilar kelsa, ikki-uch xil taom tayyorlab, mening jigarlarimga oddiyroq ovqat bilan cheklanardi. Ortiqcha janjal chiqmasligi uchun murosa qilardim. Uning ko‘ngliga qarayman deb, bo‘g‘zimgacha qarzga botdim. Oqibatda tez-tez urishadigan bo‘ldik. Oxiri o‘tgan yili kichik qizim va o‘g‘limni tashlab chet davlatga ishlagani ketdi. Nima, erkak boshim bilan o‘sha qarzni o‘z yurtimda to‘lab berolmasmidim? Chet elga ketishidan avval uydan chiqib ketdim. Yo o‘zimni osaman, yo biror mashinaning tagiga tashlayman-da, biryo‘la qutulib qo‘yaqolaman, degandim.

Yetimlikning jabrini tortganim uchun bolalarim qiynalishlarini istamay shaytonga hay berdim. Farzandlarim bilan telefonda gaplashib «Hozir otasi borlardan ko‘ra otasi yo‘qlar yaxshi yashayapti», deganmish. Otaning qadrini qayerdan ham bilsin. Ishonsangiz, hozirgacha mo‘ysafid chollarni ko‘rsam yoki biror bolakay «dada» desa, yuragim allanechuk bo‘lib ketadi. Shunga oilani saqlashga ko‘p urindim. Ayolim esa biror marta «Shu kishi uyimning ustuni-ku, to‘g‘ri yo‘lga boshlay», demadi. Boshqa matonatli ayollar ichuvchi, urong‘ich, yuradigan erkaklarni er qilib yashab yurishibdi. Meni esa o‘z yorim xor qildi. Ba’zida yonimda yaxshi guldek rafiqam bo‘lsa, to‘ylarga, bazmlarga, bozorlarga yetaklashib borsam, deyman. Endi nima qilishni bilmayapman. Ayollarga o‘zi qanday er kerak? Tushuntirib bersangiz... Ismim va manzilimni sir tutsangiz.

Tahririyatdan: — Sizning misolingizda hayoti dunyo insonga sinov uchun berilgan, degan gapga yana bir karra amin bo‘layapmiz. Dilingizdagi og‘riq bizning-da dilimizga ko‘chdi. G‘am chekmang. Bir martalik umrni qayg‘uga yutqazmaslik kerak. Irodangizni mustahkamlang. Yomon fikrlardan uzoqlashing. Axir erkak kishisiz, g‘ayratli bo‘ling. Bevafo xotindan kuygan birgina siz emasligingizni anglab yetishingizni istardik. Yo‘q, siz o‘ylgandek ayollarning hammasi ham boshiga kulfat tushgan erni begonaga chiqarmaydi. Aksincha, ayol zoti tabiatan mehribon, bolalarining otasini qadrlaydigan, o‘tgan yaxshi kunlar hurmatidan erini kechirib yashashga qodir xalq. Tushkun kayfiyatdan xalos bo‘ling. Sizga mustahkam sog‘lik va ko‘ngil xotirjamligini tilab qolamiz.

Ruhshunos: — So‘zlaringizdan ayollardan qattiq ko‘nglingiz qolganligi ko‘rinib turibdi. Nazarimda, birinchi navbatda dildagi alamzadalikdan xalos bo‘lishingiz darkor. Qolaversa, «Sobiq xotinimga ko‘rsatib qo‘yaman. Undan yosh va chiroylisiga uylanib olaman», deb achchiq ustida qaror qabul qilishdan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilamiz. Agar shoshqaloqlik qilsangiz, bir emas, uch insonning baxtsizligig beixtiyor sababchi bo‘lib qolishingiz mumkin. Uylanmang, oila qurmang, demayapmiz. Faqat bu qarorni alam bilan emas, aql bilan qabul qilishingiz tarafdorimiz. Eski munosabatni yakunlab, ko‘ngilni xotirjam qilmasdan yangisini boshlashga shoshilmaslik lozim.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Menga tushuntirib bering, ayol zotiga qanday er kerak?!»