14:17 / 30.06.2018
6 697

“Yoshgina kelin qilmay, mengina o‘lay!”

“Yoshgina kelin qilmay, mengina o‘lay!”
O‘g‘lim o‘qishni bitirdi-yu, ko‘nglimga g‘ulg‘ula tushdi. Tengqurlarimning biri qo‘yib biri, kelin olib, qiz uzatayotgani qalbimdagi havas torlarini chertib yubordi-da! “Mahallada duv-duv gap” filmidagi Mehri xola yodingizdami? Xuddi o‘sha ayoldek men ham yonimda sochlari taqimini o‘padigan, chaqqongina kelinim yetti bukili-ib choy uzatayotganini tasavvur qildim. Axir, uch erkakning osh-ovqati, kiyim boshidan tashqari qo‘radagi qo‘ylaru katakdagi tovuqlarning tashvishi ham mening bo‘ynimda bo‘lgach, qaynonalik martabasini orzu qilaman-da…

Hay, mayli chalg‘imay, aslida, gap bu haqda emas.

Hamkasb dugonalar bir oyda bir diydorlashamiz – “gap”da! O‘g‘lim institutni tamomlashiga bir oy qolganida shulardan maslahat so‘radim. “Qanday qizni kelin qilgan ma’qul?” deya.

– Voy, Sojidaxon, kelin qilsangiz, yoshginasidan tanlang. O‘n oltimi, o‘n yetti yoshda bo‘lsin. Egib olishingiz oson-da, o‘rgilay. O‘qimishli, sal yoshi kattarog‘i aqlini tanib qo‘ygan bo‘ladi, bo‘yin egishi qiyin. Yoshginasi hali g‘o‘r, o‘zingiz pishitib, maktabingizda o‘qitib olasiz. Hamma aytganingizni bir zumda bajaradi, – deb maslahat bera boshladi bo‘yni marvaridga to‘la gapboshimiz Tursunoy. – Mana, men Kamolaxonnio‘n olti yoshida kelin qilganman. Shukur, ko‘z qarashimdan nima deyishimni sezadi. Yoshrog‘ini qo‘lga o‘rgatish oson-da, aylanay.

– Hm, mengayam onam shunday degandilar, – gapni ilib ketdito‘rt o‘g‘li bor Lazokatxon, – ikki kelinimni o‘n olti yoshida tushirganman. Endi uchinchisiga navbat, yana yoshginasini izlayapman.

– Voy, o‘rgilaylar, hatto 18 yoshli qiz ham hali bola-ku! O‘zingizni qiynab nima qilasiz? O‘qigan, ishlagan, past-balandni ko‘rgan, muomalani bilganidan olish kerak. Unga ish o‘rgataman, deb o‘zingiz tamom bo‘lmang tag‘in, – gapga aralashdi Sapuraxon.

– Hech-da, mening kelinimni ko‘rgansiz-ku, hamma ishni o‘zi bilib-bilib qiladi. Qaytanga yoshi kattasi, o‘qimishlisi, bir gap aytsangiz o‘ntasini qaytarib turadi, – tag‘in o‘zinikini ma’qulladi Tursunoy.

Xulosa shu bo‘ldiki, yoshroq kelin tanlagan ma’qul ekan. Dugonalarimning maslahatidan so‘ng qaynsinglimga yoshroq qizlardan toping, dedim. O‘g‘lim ham 22ga kirib qo‘ydi, axir.

Qaynsinglim topgan nomzodni ko‘rgani bordik. Kelin bo‘lmish Asal ismli qiz ekan. Uyida ikki farzandning to‘ng‘ichi. U menga bir ko‘rishdayoq manzur bo‘ldi. Mayingina jilmayib, salom berishidan boshim aylandi-yey! Ota-onasi ham bama’ni odamlar ekan. Eng muhimi, yoshi o‘n yettida!

– Bersangiz ham, bermasangiz ham qizingiz bizniki, endi. Kelinoyim rosa yaxshi ayol. O‘g‘illari tilla, – deb ta’rifimizni keltirdi qaynsinglim.

Bu yog‘i tezlashib ham ketdi. O‘g‘limga men tanlagan qiz yoqdi. Bolam bilan didimiz birligidan quvonib to‘yni boshlab yubordik. Kattayu kichikning menga havas bilan boqishini o‘ylab, ich-ichimda shirin entikib qo‘yardim.

To‘y marosimlari yakuniga yetgach, Asalni yonimga o‘tqazdim-da, oilamizdagilarning odatu fe’l-atvorini birma-bir o‘rgata boshladim.

– Kimga nima yoqishini bilib oling, qizim. Xo‘jayiningiz ertalab qahva ichadi. Kichik qayningiz esa shirchoy. Qaynotangizga ham shirchoy tayyorlaysiz. Men tanlab o‘tirmayman. Nonushtaga shirinlik bo‘lishi shart! Oshxonada hamma narsa bor. Pishir-kuydirga erinmang.

Kelinimdan o‘rgilay, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, “xo‘p bo‘ladi”, dedi ibo bilan. Adashmabman-a, qaynona bo‘lish qiyin emas ekan-u… Chindan ham, yoshgina bo‘lsa, ko‘niktirish oson kecharkan. Voy, qo‘limdan yumushimni oldi-ya, har kungi uy tozalash, idish yuvish, kir yuvish tashvishidan qutuldim.

Navbatdagi “gap”imizga ketarkanman, kelinposhshaga uy ishlaridan tashqari yana bir vazifani topshirdim.

– Erkaklarning hammasi band. Mana bu uzumni xomtok qilib qo‘ying, xo‘pmi?

– Oyijon, xomtok nima degani-i? – asta so‘radi kelinim. Hovlida katta bo‘lmagan-da, baribir…

– Ha, barglarini tozalab tashlaysiz, – degancha sollana-sollana darvozadan chiqdim.

Kutganimdek dugonalarim kelinim haqida so‘rashdi.

– Qalay, yangi kelin? O‘rgatib oldingizmi? – gap boshladi Tursunoy.

– Ha-a, ko‘z tegmasin! Hammasini bajaryapti, – dedim biroz kerilib (kelinli to‘kisman-da!).

– Men sizga yoshidan tanlang, adashmaysiz, devdim-ku! Baribir tajribamiz borda-a…

Gapdan qaytarkanman, hovliga kirishim bilan hayratdan yoqa ushladim. Tom baravar bo‘y cho‘zgan tok novdasida birorta ham barg qolmagandi. Ortimdan qisqa-qisqa yo‘talib kelgan umr yo‘ldoshim gap qotdi:

– Nima bo‘ldi, xotin? Kelinga nima devding?

– Xom…tok… qiling degandim… – tilim aylanmay arang gapirdim.

– E, o‘l, aytmay! O‘zim qilardim, ishdan kelib. Bu ko‘p qavatli uyda o‘sgan bo‘lsa, xomtokni biladimi? Barglarini yulib tashlash kerak, debsan, hammasini bitta qo‘ymay yulib tashlabdi, buning, – dedi erim tishlarini g‘ichirlatib. – Bu yilgi uzumni tushingda ko‘rasan, endi!

– Asalxon! – chaqirganimda ovozim balandlaganini payqadim. Oshxona tarafdan yugurib kelgan kelinim qo‘li ko‘ksida egilib ta’zim bilan salom berdi.

– Bu nima qilganingiz?!

– Oyijon, xomtok qiling, deganingizga… so‘rasam barglarini yulasiz, dedingiz, yulib…

– O‘ldiribsizku-u, uzumni… e… – qarg‘ishim ichimda qoldi. Chindan ham ayb o‘zimda edi. Tushuntirmagan o‘zim nodon.

Oradan bir oy o‘tdi. Dugonalarim bilan diydor fursati yetdi.

– Asalxon, men gapga ketyapman. Anavi tovuqlarni qarang, kir suvga borishganmi, hamma yog‘i iflos bo‘lib ketibdi. Bi-ir patlarini tozalang, xo‘pmi?

Kelinim yana qo‘li ko‘ksida “Xo‘p bo‘ladi, yaxshi borib keling”, deya kuzatib qoldi.

“Gap”dan qaytib, darvozadan kirarkanman, ne ko‘z bilan ko‘rayki, chaqqon kelinim katakdagi to‘rtta tovuqning patini yulib, bo‘g‘ziga pichoq tortib, qozonga bosishga tayyor qilib qo‘yibdi. Boshimdan tutun chiqib ketgandek bo‘ldi.

– Nima qildingiz? – baqirib yubordim bu gal.

– O‘zingiz patini tozalang, deb…

– E-e, befarosat! Tozalang degani, patini yul, deganimi?! Yuvintirib qo‘yish kerak edi, axir. Voy mangina o‘lay, tushunmagan g‘alchani kelin qilibman-ku! Yosh bolani kelin qilmay o‘lay… g‘irt yosh bola-ya, bu… – jag‘im-jag‘imga tegmay javrayotganim ustiga singlim kelib qoldi.

– Ha, opa, tinchlikmi, buncha jig‘ibiyronsiz?

– Qara, to‘rtta tovug‘imning boshiga yetibdi. Tozala, desam bir yo‘la patini yulib tashlabdi. So‘yib…

– Men aytgandim, sizga, yoshini kelin qilmang, ko‘p narsani bilmaydi, qiynalasiz, deb. Mana, endi, o‘zingizdan ko‘ring.

Singlim shu gap bilan og‘zimni yopdi-qo‘ydi. Erim bilan o‘g‘lim kula-kula tovuq-kabob qilib berishdi. Men esa… zahri-mahrimga kabob yedim.

Oradan bir necha oy o‘tdi. Bu orada kelinim “yuk”li bo‘lganini eshitib, o‘zimda yo‘q quvondim. Tovuq voqeasidan keyin unga tushunmaydigan ishlarini buyurmay qo‘ygandim.

Kuzning so‘nggi oyi. Dadasi va o‘g‘lim shahar markaziga ish bilan ketishgan. Kenjam o‘qishda. Biroz tobim qochib, lohas bo‘la boshladim. Ko‘rpa-to‘shak qilib o‘ranib yotib oldim. Bir mahal qo‘radagi qo‘ylarning ma’rashi asabimga tega boshladi. Chidolmadim.

– Asal, – deb chaqirdim.

– Labbay, oyijon?

– Anavi qo‘yxonaning yonida qopda bug‘doy kepak turibdi. Oling-da, qo‘ylarga bering. Ustiga suv soling. Qorni ochgan shekilli, tinmay ma’rashyapti.

– Xo‘p bo‘ladi, – degancha kelinim ishga tutindi.

Oradan ancha vaqt o‘tdi. Hech daragi bo‘lavermadi. Nima gap ekan, deb sekin qo‘yxona tomon bordim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qo‘ylar hansirab og‘ir-og‘ir nafas olar, bitta-bitta yerga ag‘anay boshlagandi. Naq beshta qo‘y…

– Voy, sho‘rim qursin! Voy, mangina o‘la-ay!!! Nima qib qo‘ydi-ing?!

– Qopdagi bug‘doyni berdim. Yeb bo‘lishgach, idishiga (oxurni ham bilmaydi) shlangda suv solib berdim.

– Voy, o‘ldirdingizku-u, dadangiz kelsa, meni naq so‘yadi-ya! Boring darvozani oching, bo‘ktirib qo‘yibsiz!

Kasalligim ham esimdan chiqib ketdi. Qo‘shnining o‘g‘lini chaqirdim. Ikkimiz butun mahallada tomosha bo‘lib beshta qo‘yni yugurtirdik… E, yosh kelin qilmay mangina o‘lay… Chindan ham bola ekan, bola!

Dadasidan eshitmagan so‘kishim qolmadi, o‘ziyam. Bosh eggancha turaverdim, ayb o‘zimda, axir…

E, xullas, dugonalarimning so‘ziga kirib, 17 yoshli qizni kelin qilganimga pushaymon bo‘ldim. Kelinim yomonmas, ammo singlim aytganidek hali juda yosh. Mana, tunov kuniyam, sakkiz oylik homilasi bilan narvondan tomga chiqib ketibdi. Hay-haylab arang tushirib oldim.

– Voy oyijon, antenna yaxshi ko‘rsatmay qoluvdi-da… tuzatay degandim, – deydi qornini qashlab.

Xullas, ikkinchi o‘g‘limga 20 yoshdan oshganroq qizlardan izlayapman. Qaynona bo‘lishga hozirlik ko‘rayotganlarga aytar so‘zim, kelin qilmoqchi bo‘lsangiz, yigirmaga yetmaganini olmang. Yoshgina qizni kelin qilib olib, tag‘in mening holimga tushib yurmang…
Saida Is’hoqjon qizi.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Yoshgina kelin qilmay, mengina o‘lay!”