14:43 / 27.07.2018
16 130

Farangizning vafotidan uch daqiqa avvalgi surat...

Farangizning vafotidan uch daqiqa avvalgi surat...
“Oyijon” filmidagi bosh rol ijrochisi, aktrisa Fotima Rejametovaning qizi Farangiz Rejametova (Jamolxonova) 20 iyul kuni YTH oqibatida vafot etgani haqida xabar bergan edik…

San’at olami va umuman ko‘pchilikni larzaga solgan bu baxtsiz voqeani eshitish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, biz voqea joyida guvoh bo‘lgan Farangiz hayotining so‘nggi daqiqalarida yonida turgan dugonalari bilan bog‘lanishga, sodir bo‘lgan voqeani o‘zlaridan eshitishga jazm qildik.

Dilnoza Bobomirzayeva: — Farangiz bilan kursdosh bo‘lganmiz. Huddi opa-singildik edik. Nimani o‘ylasa yoki siqilsa doim bo‘lishardi, sirlashardik.

May oyida dadasining o‘limidan so‘ng Farangiz o‘zini yo‘qotib, ko‘ngli kemtikib yurardi. O‘limidan bir hafta oldin esa uyiga bordim. Yarim tungacha mazza qilib suhbatlashib, kulishib o‘tirdik. Ertasi kuni haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtixonga tayyorlandi. Ammo ming afsus, o‘sha guvohnomani qo‘liga olish o‘ziga nasib etmabdi (yig‘laydi)...

Nargiza Bobomurodova: — Bilasizmi, Farangiz istirohat bog‘ini juda yaxshi ko‘rardi. Hayotining so‘nggi kunlarida ham “Ketdik parkka, yuringlar aylanib kelamiz” deb ko‘p gapirgandi.O‘sha mudhish kun besh dugona yig‘ilib, Mirzo Ulug‘bek bog‘iga bordik. Lekin u hech qaysi attraksionda uchmadi. Faqat sayr qildi va uni o‘sha holat qoniqtirayotganini sezardik. Bog‘dan chiqib, ovqatlanishga yo‘l olganda, bog‘ yaqinidagi piyodalar o‘tish yo‘lakchasida... undan ayrilib qoldik (yig‘ladi)...

Dilnoza Bobomirzayeva: — Men va ikki qiz orqada, Farangiz esa Moxiniso bilan bizdan oldinroqda ketishayotgandi. (Bog‘dan chiqqan boshqa ko‘pchilik odamlar ham ana shu yo‘lni kesib o‘tayotgandi) Dugonamizdan yarim qadamgina oldinda qadam tashlab yurgan farishta Farangizni aynan o‘sha qora mashina urib ketti.

Nargiza Bobomurodova: — (Xo‘rsinib yig‘lab) Bugun o‘sha holatni ko‘z oldimdan umuman ketmayapti. Farangiz katta tezlikda kelayotgan mashinaning zarbidan shu qadar yuqoriga uchib ketdiki... Yerga ikki uch marta dumalab tushdi. Boshidan juda ko‘p qon oqardi. Tez yordamga qo‘ng‘iroq qildik, ammo ularning vaqtida kelolmaganidan, o‘sha yerda yo‘l harakatini nazorat qilib turgan militsiya hodimi, Farangizni urib ketgan mashina egasiga aytib, bizni shifoxonaga yubordi. Farangizni Dilnoza bilan birga olib ketdik. Birinchi Tibbiyot Akademiyasiga borganimizda shifokorlar dugonamizni vafot etganini ma’lum qilishdi.

Dilnoza Bobomirzayeva: — Bilasizmi, yo‘lda ketayotganimizda Farangizni yuragi urib turganini sezgandim. Ammo shifokorlarning aytishicha, miyaga tekkan qattiq zarb uning hayotiga nuqta qo‘ygan ekan. Tasavvur qiling, jism o‘lgan, ammo yurak urib turibdi... (yig‘lab) Bu ham bejizga emas. Chunki Farangiz hayotni sevar, har bir kunidan zavq olib yashashni istardi. Farishtadek beozor, beg‘ubor qiz edi. Uning bir olam orzulari bor edi, afsus...

21 iyul kuni soat 13:00da Farangizimizni so‘nggi yo‘lga kuzatdik. O‘sha kundan beri uni xonadonidamiz. Fotima opaning yonida dalda bo‘lib turishga harakat qilyapmiz. Zero, bu fojeada onaning qalbi kabi azobda qiynalayotgan, dard chekayotgan inson bo‘lmasa kerak.

Ma’lumot uchun:

- Farangiz Rejametova 1993 yil 7 aprel kuni Toshkentda tug‘ilgan.
- 2016 yilda O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining jurnalistika bo‘limini tamomlagan.
- Aktrisalik faoliyatini “Oyijon” filmida boshlagan.
Biz tahririyatimiz nomidan, yana bir karra O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fotima Rejametova oilasiga chuqur hamdardligimizni bildirib qolamiz. 25 yoshida bu foniy dunyoni tark etgan Farangiz Rejametovaning joyi jannatda bo‘lsin...

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Farangizning vafotidan uch daqiqa avvalgi surat...